Jahon | 08:46 / 20.11.2017
7895
3 daqiqa o‘qiladi

Arab davlatlari ligasi: Eron mintaqani “jarlikka itarmoqda”

Foto: AP

Eron tomondan qo‘shni davlatlarga nisbatan yuritilayotgan tashqi siyosat mintaqani “jarlikka itarmoqda”. Bunday fikrni Arab davlatlari ligasi bosh kotibi (ADL) Ahmad Abu al-G‘ayt ADL davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Qohirada 19 noyabrda o‘tgan shoshilinch yig‘ilishida bildirdi. 

“Eron siyosati barcha chegaralardan o‘tib, butun mintaqani jarlikka itarmoqda”, deb aytgan al-G‘ayt. Uning fikricha, Tehron xalqaro hamjamiyat fikriga quloq solmaydi va o‘z xatti-harakatlari bilan ham mintaqadagi, ham xalqaro maydondagi barqarorlik va xavfsizlikka xavf solmoqda.  

Uning fikricha, “Eronning aralashuvi Yamandagi barqarorsizlikning asosiy sababidir. Al-G‘ayt Eron tomondan Yamandagi “Ansor Alloh” isyonchi harakatining qo‘llab-quvvatlanishini keskin tanqid qildi. ADL rahbari fikricha, husiylar tomondan Saudiya Arabistoni hududiga otilayotgan raketalar isyonchilarga Tehron tomondan yetkazib berilmoqda. Uning aytishicha, Eronning raketa dasturi barcha qo‘shni davlatlarga xavf soladi.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr ham yig‘ilish ochilishida Eronning aralashuvi Yaqin Sharq uchun katta xavf solishini va arab davlatlari bunga jiddiy e'tibor qaratishlari kerakligini aytib o‘tdi. 

“Eronning aralashuvi mintaqani katta xatarlarga qo‘ymoqda va biz uning xatti-harakatlariga jiddiy qarshilik ko‘rsatishimiz kerak. Eron barcha xalqaro tamoyillarga putur yetkazmoqda, uning ishlari xalqaro hamjamiyatni bu davlatni terrorchilik xomiylari orasida birinchi o‘ringa qo‘yishga majbur qilmoqda”, deb aytgan al-Jubayr.

Uning aytishicha, Eron raketalari bilan qirollikka zarba berilishi Tehron tomondan “to‘xtamayotgan tajovuz”dan darak bermoqda. “Saudiya Arabistoniga o‘tgan davr ichida 80 dan ko‘proq raketa otilgan va Saudiya Arabistoni bu hujumlarga qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi. Bugun biz o‘z milliy xavfsizligimizni saqlab qolish uchun Eronning siyosatiga qarshi turishimiz kerak. Eron hujumlariga indamaslik birorta arab davlatini bu raketalardan himoyalay olmaydi”, deb qo‘shimcha qilgan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri.    

Mavzuga oid