O‘zbekiston | 17:15 / 05.12.2017
12337
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik xizmat xodimlariga navbatdagi martaba darajalari berildi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan adliya vazirining 2017 yil 4 dekabrdagi buyrug‘i bilan davlat organlari va tashkilotlarining
51 nafar yuridik xizmat xodimlariga maxsus unvon-martaba darajalari berildi.

Joriy yilning 5 dekabr kuni Adliya vazirligida ushbu buyruq yuridik xizmat xodimlariga Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i tomonidan o‘qib eshittirildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Yuridik boshqarmasi boshlig‘i Sh.Shadmankulovga “3-darajali adliya maslahatchisi” maxsus unvon – martaba darajasi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati yuridik xizmati bosh yuriskonsulti A.Mubarakovga “2-darajali yurist” maxsus unvon – martaba darajasi berildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi yuriskonsulti X.Masharipov hamda Qimmatli qog‘ozlarning Markaziy depozitariysi davlat korxonasi yuridik xizmati yetakchi yuriskonsulti G.Turanovga “3-darajali yurist” maxsus unvon – martaba darajasi berildi.

Ushbu buyruqda yuridik xizmat xodimlariga maxsus unvonlar – martaba darajalari uchun 2017 yil dekabr oyidan boshlab qo‘shimcha haq to‘lab borishi lozimligi ham nazarda tutilgan.

Mavzuga oid