O‘zbekiston | 09:12 / 05.12.2017
70237
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yagona turistik viza joriy etildi

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2017 yilning 4 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan 2018−2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi ijrosi doirasida turistik vizalar berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 4 dekabrdagi PQ-3423-son «O‘zbekiston Respublikasining Konsullik yig‘imlari tarifiga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarorida quyidagilar nazarda tutilgan: 

Endilikda yakka tartibdagi xorijiy fuqarolarga 30 kun muddatga beriladigan yagona turistik viza joriy etiladi. Avval qisqa muddatli (7 yoki 15 kunga) turistik vizani olgan chet el fuqarolari biror sababga ko‘ra qaytish reysining ushlanib qolishi tufayli ko‘p holatlarda vizani uzaytirish muammosiga duch kelardi.

Yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun kirish turistik vizalarini rasmiylashtirish narxi uchdan bir qismga (60 dollardan 40 dollarga) kamaytiriladi. Turistik vizaning yuqori narxda bo‘lishi mamlakatga sayohat qilish bo‘yicha qaror qabul qilishga to‘siq bo‘luvchi omillardan biri edi.

Guruhlarga mo‘ljallangan turistik vizani rasmiylashtirish uchun quyi chegara ikki barobarga (10 dan 5 nafar kishigacha) kamaytirildi. Avval sayyohlarga 10 kishilik guruhni yig‘ish ma'lum qiyinchiliklarga olib kelgan, sababi guruh ko‘p holatlarda 5 yoki undan ortiq kishidan tashkil topgan oila a'zolari yoki yaqin tanishlar hisobidan shakllantirilardi. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qabul qilingan qarori quyidagilarni ta'minlaydi:

- sayyohlik vizalarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq rasmiyatchilikni kamaytirish va ehtimoliy turistlar xarajatlarini kamaytirish;

- chet ellik sayyohlar oqimining faollashishi, shu jumladan kichik guruhlardagi turistlar sonining ko‘payishi hisobidan;

- 1 oy muddatga yagona turistik vizani joriy etish hisobidan ularning respublika hududida bo‘lish muddatini uzaytirish.

Mavzuga oid