Jahon | 14:20 / 06.12.2017
10573
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili uchta modda bo‘yicha ayblanmoqda

Foto: TASS

Ukraina Bosh prokuraturasi Odessa oblasti sobiq gubernatori va “Yangi kuchlar harakati” partiyasi yetakchisi Mixail Saakashviliga Jinoyat kodeksining uch moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni tergov qilmoqda. Bu haqda mamlakat bosh prokurori matbuot kotibi Larisa Sargan xabar berdi.

"Saakashvili qidiruvga e'lon qilindi. Uni Ukraina Jinoyat kodeksining 15-, 28- va 256-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirishda gumonlashmoqda. Qidiruv Milliy politsiya tezkor bo‘linmalari va Ukraina Xavfsizlik xizmatiga topshirildi", - deya yozdi u Twitter’dagi sahifasida.

Gap "Jinoyatga suiqasd qilish", "Shaxslar guruhi tomonidan jinoyat sodir etish", shuningdek, "Jinoiy tashkilotlar ishtirokchilariga ko‘mak ko‘rsatish va ularning jinoiy faoliyatini yashirish" moddalari haqida ketmoqda.

Ukraina Xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura xodimlari seshanba kuni Saakashvilini "jinoiy tashkilotga ko‘mak ko‘rsatish" ayblovi bilan qo‘lga olishdi. Biroq siyosatchining bir necha yuzlab tarafdorlari maxsus xizmatning ichida qo‘lga olingan Gruziya sobiq prezidenti bo‘lgan avtomobilini to‘sib qo‘yishdi. Keyinchalik ular Saakashvilini UXX mashinasidan kuch ishlatish yo‘li bilan chiqarib olishdi. Shundan so‘ng Saakashvili Oliy rada yonidagi bino oldiga keldi va mitingda ishtirok etdi, u yerda mamlakat prezidenti Pyotr Poroshenko, Bosh prokuratura va UXX rahbariyatini iste'foga chiqarish, shuningdek, parlamentda impichment to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqish borasidagi talablarini ma'lum qildi.

Avvalroq Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko Saakashvili mamlakat sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga yaqin bo‘lgan odamlar, "birinchi navbatda Sergey Kurchenko" bilan hamkorlik qilgani haqida ma'lum qildi. Mahkama ma'lumotiga ko‘ra, Saakashvili safdoshlari mamlakatda hokimiyatni egallab olishni tashkillashtirish uchun taxminan 500 ming dollar olishgan. Keyinchalik Lutsenko Saakashvilini tergovdan qochgan inson deb e'lon qildi va undan 24 soat davomida huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘ngilli ravishda kelishni talab qildi. Mahkama siyosatchini qidiruvga ham bergan.

Chorshanba kuni ertalab huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Saakashvilini qo‘lga olishga yana bir bor urinishdi, u Oliy rada yonidagi bino oldida joylashgan chodirlar lagerida bo‘lgan. Biroq siyosatchining tarafdorlari buni qilishga imkon berishmadi. Ayni damda hukumat kvartalida politsiyaning kuchaytirilgan naryadlari xizmat olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saakashvili Poroshenkoga murojaat qilgani xabar berilgandi. U Pyotr Poroshenkoni provokatsiyalarni to‘xtatishga chaqirdi.  

Mavzuga oid