HAMAS Isroilga qarshi bosh ko‘tarishga chaqirdi
HAMAS guruhi rahbari Ismoil Xoniya Isroilga qarshi yangi g‘alayonlar boshlashga chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar tarqatmoqda.
«Biz sionistlar tomonidan tug‘ilgan tahdidlarga qarshi yangi intifada uyushtirish ustida ishlashimiz va odamlarni shunga targ‘ib etishimiz kerak», — degan Xoniya.
Uning bunday murojaatiga AQSh prezidenti Donald Trampning sharqiy qismiga falastinliklar da'vo qiladigan Al-Quds shahrini Isroil davlati poytaxti deb tan olishi sabab bo‘ldi.
«Men hozir Al-Qudsni Isroil poytaxti deb rasman tan olish vaqti keldi, degan qarorga keldim. Isroil suveren davlat hisoblanadi, shunday ekan, bu davlatning huquqini tan olish kerak», — dedi amerikaliklar rahbari. U AQSh Davlat departamentiga Tel-Avivdagi elchixonani Al-Qudsga ko‘chirishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash vazifasini topshirdi.
Al-Qudsning statusi — Falastin-Isroil mojarolarida eng asosiy muammolardan biri. Isroil 1949 yilgi urushdan keyin Al-Qudsning g‘arbiy qismiga egalik qila boshlagan. Isroilliklar shaharning sharqiy qismini 1967 yilgi urush natijasida bosib olishgan. Ular Al-Qudsni Isroilning yagona va bo‘linmas poytaxti deb iddao qilib kelishadi. Falastinliklar esa shaharning sharqiy qismini o‘z poytaxti qilish istagida.
Hamkor davlatlarning Isroildagi elchixonalari asosan Tel-Aviv, Ramat-Gane va Gertsliida joylashtirilgan.
Intifada atamasi falastinlik arablarning Isroilga qarshi qurolli kurashini anglatadi. HAMAS harakatiga 1987 yilda asos solingan. 2007 yildan buyon ushbu tashkilot G‘azo sektorini nazorat qiladi. Harakat a'zolari Isroil hududida isroilliklarga tinimsiz ravishda hujumlar uyushtirib kelishadi. HAMAS Isroil, Kanada, AQSh va Yaponiya tomonidan terrorchi tashkilot sifatida qayd etilgan, tashkilot faoliyati Iordaniya va Misrda taqiqlangan. Avstraliya va Buyuk Britaniyada uning harbiy qanoti terroristik guruh sifatida tan olinadi.
Mavzuga oid
15:21
Isroil HHK qo‘mondoni Yamandagi husiychilarga hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01 / 24.12.2024