Jamiyat | 10:20 / 20.12.2017
27936
3 daqiqa o‘qiladi

Poraxo‘r mahalla raisi qo‘lga olindi

Bugungi kunda mahalla noyob institut sifatida mavqei baland, nufuzli jamoat tashkiloti hisoblanadi. Binobarin, insonning yaxshi-yomon kuni mahalla bilan. Shu bois mahallaga rais saylanayotganda avvalo, uning halol, pok insonligi, katta hayotiy tajribaga ega ekanligi, turmushning past-balandini tushunib yetishiga e'tibor qaratiladi.

Buxoro viloyati Peshku tumani “Turkiston” mahallasi aholisi Begmurot Murotovga katta ishonch bildirib, uni o‘zlariga bosh – mahallaga rais qilib saylashdi. (Holbuki, “rais bobo” birinchi marta 1994 yilda, ikkinchi marta 2001 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudining hukmiga ko‘ra jazoga tortilib, amnistiya aktiga ko‘ra jazodan ozod qilingan edi. Ammo, negadir mahalla raisiga tegishli ayni shu jihatga hech kim e'tibor qaratmadi).

Odamning qandayligini bilmoqchi bo‘lsang, mansab berib ko‘r, deyishadi keksalar. Begmurot Murotov ham mahallaga rais bo‘lgach, ancha o‘zgarib qoldi. Asosiysi, unga ishi tushib kelganlarga qonun talabi doirasida emas, o‘zining nafsi doirasida talab qo‘ya boshladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

“Zakash” qishlog‘ilik Husen Jumayev uzoq o‘ylab, istiholi masala bilan mahalla raisi eshigini qoqdi.

- Xo‘sh-sh... Kelin samarqandlik, shundaymi? – so‘radi fuqaroning murojaatini tinglagan rais.

- Ha-ha, Samarqanddan.

- U kishi doimiy “uchyotda” turmasalar, bolangiz uchun nafaqa puli berolmaymiz.

Oradan qariyb bir yil o‘tgach, rais aytganidek turmush o‘rtog‘ini ro‘yxatga kiritgandan so‘ng H.Jumayev 2 yoshgacha bola parvarishi uchun nafaqa berilishini iltimos qilib, yana murojaat qildi. Bu safar mahalla raisi dangaliga ko‘chdi.

- Ishingiz hal bo‘ladi. Faqat... faqat bitta “no”si bor! Ochig‘ini aytaman, nafaqa puli tayinlangach, ikki oyligini berasiz.

- Bo‘pti, kelishdik.

Uch kun deganda, fuqaroning murojaati hal etildi. Biroq, quruqqa emas, “qurug‘i”ga!

- Ishingiz bitdi. 200 ming so‘m pul olib keling, - M.Begmurotovning telefon go‘shagidan jaranglagan ovozida nafs g‘alabasi, aqlning mag‘lubiyati sezilib turardi.

200 ming so‘mni pora sifatida sanab olayotganda qo‘lga tushgan rais bobo suvga tushgan mushukdek mung‘ayib qoldi. Pushaymonlik va nadomatdan boshi xam bo‘ldi. Unga ishonch bildirgan xalqning, hamqishloqlarining ishonchiga putur yetdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudining hukmiga ko‘ra. M.Begmurotov 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Mavzuga oid