Jahon | 09:03 / 25.12.2017
13776
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya qiroli Kataloniyaning yangi parlamentiga murojaat qildi

Foto: Daniel Ochoa de Olza

Ispaniya qiroli Felipe VI Rojdestvo bayrami munosabati bilan millatga murojaatida Kataloniyaning mustaqillikni qo‘llab-quvvatlovchi partiyalar mutlaq ko‘pchilikni tashkil qilgan yangi parlamenti turli siyosiy pozitsiyalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi va mas'uliyat bilan harakat qilishi kerak, deb aytdi.

“Bir necha kun avval Kataloniya aholisi parlamentga o‘z vakillarini tanlash uchun ovoz berdi. Bu parlament turfa fikrlilikni hurmat qilib, barchaning manfaati uchun mas'uliyatli fikr yuritib, kataloniyaliklarga taalluqli muammolarni hal qilishi kerak bo‘ladi. Ushbu yo‘l yana to‘qnashuvlarga olib kelmasligi lozim, chunki bular ziddiyat, ishonchsizlik, umidsizlik, butun jamiyatning ma'naviy, fuqaroviy va iqtisodiy qashshoqlashishini vujudga keltirishini hammamiz bilamiz”, deb aytgan qirol murojaatida.

U “g‘oyalar oilalar va do‘stlarni uzoqlashtirmasligi” uchun turfa ko‘rinishdagi katalon jamiyatining birga yashashi, barqarorlik, o‘zaro hurmatni tiklash yo‘lida harakat qilishga chaqirdi. 

Qirol o‘z murojaatida avgustda Kataloniyada yuz bergan fojialar – Barselona va Kambrilsdagi teraktlarni eslab o‘tdi va “demokratik birdamlik, huquqiy davlat kuchi, xalqaro hamkorlik samaradorligigina” terrorchilikni mag‘lub eta olishini aytdi.

Qirol o‘z murojaatini an'anaviy tarzda kastil, bask, katalon va galisiy tillarida yakunladi.

21 dekabrda Kataloniyada muddatdan avval parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovda Ispaniya hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi “Fuqarolar” partiyasi 1-o‘rin egallaganiga qaramay, Kataloniya mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchi uchta partiya 135 o‘rinlik parlamentda mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.   

Mavzuga oid