Jamiyat | 12:50 / 31.12.2017
34878
4 daqiqa o‘qiladi

Qaynotasi sudlangan yigit harbiy sohaga ishga kirishi mumkinmi?

SAVOL: Mening akam 2010–2011 yillarda Qurolli kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan. Keyinchalik oilaviy sharoiti tufayli 5 yillik shartnomani o‘z arizasiga muvofiq bekor qilgan. Akam yana harbiy sohaga kirmoqchi bo‘ldi, lekin ustozlari oliy o‘quv yurtini bitirishni maslahat berdi. Akam TATUning telekommunikatsiya fakultetiga o‘qishga kirdi va uni  2015 yil bitirdi. Afsuski, o‘qish davrida akamning qaynotasi jinoiy javobgarlikka tortildi. Shu sababli akam o‘qishni tamomlagach, o‘zi qiziqqan soxada ishini davom ettira olmadi. Akam harbiy aloqachi bo‘lgani uchun TATUning telekommunikatsiya fakultetida o‘qigandi. So‘ng boshqa joylarda ish qidirib topa olmadi. Akam oilali, bir nafar farzandi bor. Oilaviy sharoiti tufayli shu yilning boshida Rossiya Federatsiyasiga ishlagani ketdi. Xozirda u yerda qonuniy patent asosida qurilish firmasida ishlayapti. Savolim shundan iboratki, Prezidentimizning «sudlanganligi uchun yaqin qarindoshlar bir-biriga javob bermaydi», degan nutqlari akamning hozirgi muammosini hal qila oladimi? Ya'ni, akam Rossiyadan qaytib kelsa, xohlagan va qiziqqan ishga kira oladimi? 

Abror Xolmamatov.

JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 yanvardagi PQ-257-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 41-bandida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan shaxsning arizasi qanoatlantirilmasdan qaytarib yuborilishiga asos bo‘luvchi holatlar yoritib berilgan.

Xususan, ushbu nizomning 82-bandida harbiy xizmatga kirish uchun quyidagi hollarda fuqarolar bilan kontrakt tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi: ixtiyoriylik asosida harbiy xizmatga kirish uchun imkon beruvchi belgilangan yoshga yetgan bo‘lsa; sog‘ligi holati tufayli harbiy xizmatga yaroqsiz bo‘lsa; ishi yuzasidan surishtiruv yoki dastlabki tergov olib borilayotgan bo‘lsa; unga nisbatan jinoyat ishi sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa; sodir etgan jinoyati uchun ilgari sudlangan bo‘lsa, jazo chorasi, sudlanganlik holati tugallangani yoki sudlanganligi olib tashlangani va amnistiya akti qo‘llanganidan qat'i nazar; ilgari harbiy xizmatdan xizmatga noloyiqligi tufayli bo‘shatilgan bo‘lsa; nazorat organlari bilan (nomzodning o‘zi va yaqin qarindoshlarining maxsus tekshiruvi) kelishuvdan o‘tmagan bo‘lsa; yashash va ish joyidan salbiy tavsiflangan taqdirda», deb ko‘rsatilgan.
Qonunchilikda yaqin qarindoshlarning sudlanganlik holati kontrakt asosida harbiy xizmatga kirishga to‘sqinlik qiluvchi jihat sifatida ko‘rsatib o‘tilmagan. Shunday bo‘lsa-da, nizomning 87-bandida Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmatning xususiyatlarini inobatga olgan holda, harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik (idora) va fuqaroning kelishuvi asosida hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq, qo‘shimcha shartlar belgilanishi mumkinligi bayon qilingan.

Savolga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining mas'ul xodimi Muzaffar Maqsudov javob berdi. 

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.
 

Mavzuga oid