O‘zbekiston | 00:13 / 04.01.2018
20143
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektron vizalar joriy etilishi kutilmoqda

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston hukumati O‘zbekistonga kelish istagida bo‘lgan xorijliklarga qulaylik yaratish maqsadida elektron kirish vizalarini (E-Visa) berish tizimini joriy qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Elektron viza kirish vizasini olish uchun elchixonada navbatda turishdan xalos qiluvchi nou-xaudir. Uni onlayn olish mumkin. Barcha hujjatlar va anketalar internet orqali topshiriladi. Bu vizani olish konsul bilan suhbatlashish yoki qog‘ozbozlik bilan bog‘liq boshqa jarayonlarni amalga oshirishni ko‘zda tutmaydi. Vizani olish tartibi quyidagicha: tegishli hujjatlar elchixonaga topshirilgandan keyin, ular mamlakat migratsiya xizmati orqali o‘tadi va tekshiriladi hamda viza berish bo‘yicha ijobiy yoki salbiy qaror bilan qaytariladi. Bu vizalarning yana bir afzal tomoni shundaki, ularni  rasmiylashtirish jarayoni tez kechadi.   

Elektron vizalar tizimi bugungi kunda ko‘plab davlatlarda joriy qilingan. Jumladan, bu tizim Ozarboyjon, Gruziyada o‘zini yaxshi namoyon qilgan va O‘zbekistonda bu tizimni joriy qilishda bu davlatlar tajribasini qo‘llash o‘rganilmoqda.

Elektron viza tizimi uchun kerakli qurilmalarni xarid qilish va o‘rnatish, maxsus dasturiy ta'minotlarni yaratish joriy yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.

Elektron viza tizimini joriy qilish mamlakat viza tartibining soddalashtirilishini talab qiladi. Elektron vizalar fuqarolarga ular tomondan vizani olish jarayonida berilgan arizaga muvofiq mamlakat aeroportlarida beriladi.

Elektron vizalarni olishdagi to‘lovlarni Visa va MasterCard xalqaro tizimlari orqali  amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid