Jahon | 23:45 / 09.01.2018
7186
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyalik fazogir vaznsizlikda 3 hafta ichida 9 santimetrga o‘sdi

Foto: Public Domain / Wikimedia

41 yoshli yaponiyalik fazogir Norisige Kanai 3 hafta ichida 9 santimetrga o‘sdi. Xalqaro koinot stansiyasi joriy ekipaji a'zosi bu haqda tvitterda ma'lum qildi. 

“Menda bugun muhim xabar bor. Men jismoniy ko‘rsatkichlarning o‘zgarishini ko‘zda tutuvchi tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Aniqlanishicha, bo‘yim 9 sm.ga o‘sibdi. Mana 3 haftada qanchalik o‘sib ketdim”, deb yozgan fazogir.

Kanai shu sababli Yerga qaytishda Rossiyaning “Soyuz MS” kemasi o‘rindig‘iga sig‘masligidan xavotirlanmoqda.

Yaponiyaning aerokoinot tadqiqotlari agentligida ta'kidlanishicha, vaznsizlikda uzoq qolish odatda odam bo‘yining 1-2 santimetrga o‘sishiga olib keladi.

“Vaznsizlik sharoitida umurtqaga yuklama o‘nlab marta o‘zgarganda, umurtqalar orasidagi disklarning tog‘ay to‘qimasi yumshab ketadi va bu o‘zgarishga, odam bo‘yining, aniqrog‘i uzunligining oshishiga olib keladi”, deb tushuntirmoqda Kanai bilan bog‘liq holatni jarroh-ortoped Vladimir Xoroshev.

Fazogirlar rossiyalik Anton Shkaplerov, amerikalik Skott Tingl va yaponiyalik Norisige Kanaidan iborat ekipaj Xalqaro koinot stansiyasiga 2017 yilning 19 dekabrida yetib kelgan. Fazogirlar missiyalari doirasida 51 ta ilmiy tajriba o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.

Odatda, umumqabul qilingan me'yorlarga ko‘ra odam bo‘yi 25 yoshigacha o‘sadi. 

Mavzuga oid