O‘zbekiston | 05:29 / 10.01.2018
21995
6 daqiqa o‘qiladi

Soliq va bojxona sohasida islohotlar amalga oshiriladi

Foto: sof.uz

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Dasturning III bobi «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan. Uning Soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish, soliq va bojxona ma'muriyatchiligini takomillashtirish va tegishli rag‘batlantiruvchi choralarni kengaytirish bo‘limida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan quyidagi chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Erkin raqobat muhitini yaratish, narxlarning barqarorligi va imtiyozlarning manzilliligini ta'minlash maqsadida imtiyozlarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning alohida turlariga joriy etgan holda ularni individual tartibda berish amaliyotidan voz kechish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:

  • imtiyozlar berishning samaradorligini baholash va doimiy monitoring qilish tizimini joriy etish;
  • imtiyozlarni muayyan moliyaviy ijtimoiy natijaga erishish sharti bilan berish;
  • bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqqan holda ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish)da foydalaniladigan tovarlar bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilib, maqbul boj to‘lovi stavkalarini belgilash;
  • imtiyozlarni alohida sub'yektlarga emas, balki sohalar yoki tovarlar (xizmatlar, ishlar) turlariga nisbatan joriy etish nazarda tutiladi.

Soliq yukini kamaytirish va soddalashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:

  • o‘z ehtiyoji uchun obektlar qurayotgan, yangi tashkil etilgan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub'yektlariga yagona soliq to‘lovini ma'lum muddatga kechiktirish huquqini berish;
  • kichik korxonalar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashga o‘tishni rag‘batlantirish tizimini joriy qilish nazarda tutiladi.

Kichik korxonalarni tez sur'atlarda rivojlanib, ishchilar sonini ko‘paytirishi hamda yirik korxonalar toifasiga o‘tishini rag‘batlantiruvchi tizim joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi. Loyihada ishchilar sonini oshirayotgan, tez sur'atlar bilan rivojlanayotgan kichik korxonalarga qo‘shimcha soliq imtiyozlarini berish orqali ularni yirik korxonalar toifasiga o‘tishini rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi mexanizmlarni joriy etish nazarda tutiladi. 

Soliq ma'muriyatchiligi va nazoratini tashkil etish tartibi va metodologiyasini tubdan takomillashtirish, ushbu tizimni ilg‘or xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyiha bilan Soliq qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlanadi. Kontseptsiyada:

  • Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish;
  • soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazoratni tubdan takomillashtirish;
  • soliq ma'muriyatchiligining maksimal darajada shaffofligini ta'minlash mexanizmlarini tashkil etish;
  • zamonaviy innovatsion g‘oyalar va tartib-taomillarni joriy qilish, elektron axborot bazalaridan samarali foydalanish asosida soliq solish bazasini kengaytirish;
  • kichik korxonalarga yagona soliq solishda yalpi daromadni soliqqa tortishdan foydani soliqqa tortishga o‘tish;
  • pul mablag‘larining g‘ayriqonuniy aylanishi manbalariga barham berish maqsadida uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish;
  • davlat soliq xizmati organlarini halol, yuqori malakali xodimlar bilan to‘ldirish, sohada suiiste'molchilik holatlariga barham berish bo‘yicha yangi tizimni yaratish masalalari nazarda tutiladi.

Bojxona ma'muriyatchiligini soddalashtirish va eksport-import sohasini tartibga solish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:

  • bojxona chegarasidan tovarlarni o‘tkazish tartiblari va tizimini qayta ko‘rib chiqish;
  • ilg‘or jahon tajribasiga muvofiq milliy bojxona rejimlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • mamlakat hududidagi bojxona postlari, terminallari va omborlarini ekspress-laboratoriyalar bilan jihozlash;
  • bojxona rasmiylashtiruvida ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish va muddatlarni keskin qisqartirish maqsadida «yagona darcha» tamoyilini keng joriy qilish nazarda tutiladi.

Bojxona qonunchiligini tubdan takomillashtirish, ushbu tizimni ilg‘or xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyiha bilan Bojxona qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlanadi. Kontseptsiyada:

  • Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish;
  • bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazoratni tubdan takomillashtirish;
  • jadal o‘zgarayotgan tashqi iqtisodiy vaziyatlarga bojxona organlarining javob berish va ta'sir ko‘rsatish mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • bojxona ma'muriyatchiligining maksimal darajada shaffofligini ta'minlash mexanizmlarini tashkil etish;
  • zamonaviy innovatsion g‘oyalar va tartib-taomillarni joriy qilish, elektron axborot bazalaridan samarali foydalanish orqali boj stavkalarini tezkor va qulay tarzda qayta ko‘rib chiqish;
  • davlat bojxona xizmati organlarini halol, yuqori malakali xodimlar bilan to‘ldirish, sohada suiiste'molchilik holatlariga barham berish bo‘yicha yangi tizimni yaratish masalalari nazarda tutiladi.

Bojxona ko‘rigini xavfni boshqarish tizimi orqali amalga oshirish mexanizmini joriy qilish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada bojxona ko‘rigini xavfni boshqarish tizimi orqali tadbirkorlik sub'yektlarining ishonchlilik darajasiga qarab «yashil» va «qizil» yo‘laklar orqali o‘tkazish tizimini joriy etish nazarda tutiladi.

Mavzuga oid