O‘zbekiston | 20:50 / 12.01.2018
42834
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilda 10 nafar elchini shaxsan ishdan bo‘shatgan

11 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Prezident devoni vakillari, hukumat a'zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralar rahbar xodimlari ishtirok etdi.

«Hurmatli, yig‘ilish ishtirokchilari! 2018 yilda oldimizda yanada keng ko‘lamli o‘ta muhim vazifalar turibdi. Birinchidan, o‘tgan yili xorijda erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish lozim. Ularni qog‘ozdan hayotga ko‘chirish kerak. Xalqimiz kelishuvlar amalga oshirilishini umid bilan kutyapti, axir. Bundan tashqari, joriy yilda 20dan ortiq yuqori darajadagi tashriflar, xalqaro anjumanlarni o‘tkazishni rejalashtirganmiz», dedi prezident.

Prezidentning aytishicha, islohotlar o‘zgarishi davrida elchilar ham shaxsan faol ishtirok etishi zarur. Davlat rahbari har bir elchiga amaliy faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, kuchaytirishini talab qildi.

«Orangizdan kimdir ana shunday o‘ta muhim jarayonlarni chetdan tomoshabin bo‘lib, kuzatib turishiga yo‘l qo‘ymayman. Shuning uchun, yangi tashkil etilgan maxsus komissiya oldida har biringiz ish reja va hisobotlarni topshirishingiz so‘raladi. Agar kimningdir faoliyati nomaqbul, deb topilsa, o‘sha vakolatxona yopiladi», deb aniq masalaga ishora qildi u.

Yig‘ilishda ish faoliyatini tubdan o‘zgartirib, aniq natijalarga erishayotgan xorijiy mamlakatdagi elchilar alohida e'tirof etildi. Prezident shunga qaramasdan, 2017 yilning o‘zida «qattiq uyquga ketgan» hamda ishiga yengi-yelpi qarab kelgan 10 nafar elchini shaxsan lavozimdan olganini ma'lum qildi.

O‘tgan yilda O‘zbekistonning Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Malayziya va boshqa davlatlardagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan bo‘shatilgandi.

Mavzuga oid