O‘zbekiston | 20:23 / 13.01.2018
39061
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat dasturi loyihasida eng ko‘p muhokama etilgan 5ta band

Ayni kunlarda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinmoqda. 

Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a'zolari, mas'ul vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirokida turli formatlarda jamoatchilik muhokamalari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash” Davlat dasturi loyihasi bilan aholining keng qatlamini tanishtirish va bevosita fikr va takliflarni o‘rganish maqsadida 2018.strategy.uz saytiga hamda O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi www.regulation.gov.uz portalida joylashtirilgandi.

Markaz Axborot xizmati taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, o‘tgan qisqa vaqt davomida Davlat dasturi loyihasi yuzasidan fuqarolardan 2600dan ziyod fikr va takliflar bildirilgan bo‘lib, bu 2017 yil Davlat dasturi loyihasi muhokamasidan qariyb 2 barobarga ko‘p. 

"Bugungi kunda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi aholidan kelib tushayotgan takliflarni umumlashtirib, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha tahlil qilmoqda. Demak, jamoatchilik muhokamalari natijalariga (bugungi kun holatiga) ko‘ra 2018 yil Davlat dasturi loyihasining eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan bandlari reytingi tuzildi", deyiladi xabarda.

Unga ko‘ra, eng ko‘p taklif va fikr bildirilgan mavzu Fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta'minlash bo‘lib turibdi. Ushbu band yuzasidan fuqarolardan 170 dan ziyod izoh qoldirilgan. (Davlat dasturi loyihasining 28-bandi).

Reytingning keyingi o‘rinlarida quyidagi mavzular joy olgan:  

2-o‘rin: Diniy ta'limot sohasida tadqiqotlar o‘tkazish tizimini rivojlantirish. 162 ta izoh.

Bunda diniy sohada fundamental tadqiqotlar o‘tkazish, buyuk ajdodlarimizning ma'naviy-intellektual merosini ommalashtirish hamda xalqaro va xorijiy diniy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. (Davlat dasturi loyihasining 218-bandi)

3-o‘rin: Konfessiyalararo hamjihatlik va millatlararo totuvlikni yanada  mustahkamlash, davlat institutlari va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish. 152 ta izoh.

Bunda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, diniy tashkilotlar tomonidan tajvid, hadisshunoslik, kalom va boshqa diniy ilmlarni o‘rgatishni tartibga solish, diniy tashkilotlarning faoliyat yuritishi hamda tugatish asoslari, davlat institutlari bilan hamkorligi va faoliyat mexanizmlarini takomillashtirish masalalari nazarda tutilgan. (Davlat dasturi loyihasining 216-bandi)

4-o‘rin: Konfessiyalararo hamjihatlik va millatlararo totuvlikni yanada  mustahkamlash, davlat institutlari va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish. 141 ta izoh.

Bunda islom dinining asl mohiyatini jahon hamjamiyatida targ‘ibot qilish, iqtidorli Qur'on tilovat qiluvchilarni turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirish, jamoatchilik hamda yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy yetuklikka erishishiga ko‘maklashish, O‘zbekistonning boy tarixiy, diniy merosi va obidalarini xorijiy sayyohlarga targ‘ib etish nazarda tutilgan. (Davlat dasturi loyihasining 219-bandi)

5-o‘rin: Fuqarolarning xorijga chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish. 61 ta izoh.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi. Loyihada 2018 yil 1 iyuldan: milliy biometrik pasportni xorijga chiqish pasporti sifatida e'tirof etish, O‘zbekiston hududida yashash, harakatlanish uchun fuqarolik pasporti o‘rniga shaxsni tasdiqlovchi ID – identifikatsiya  kartasini joriy etish nazarda tutilgan. (Davlat dasturi loyihasining 27-bandi)

Davlat dasturi loyihasining umumxalq muhokamasi 15 yanvarga qadar davom etadi. Siz ham muhokamada shu havola orqali faol qatnashing. 

Mavzuga oid