O‘zbekiston | 08:47 / 13.01.2018
37551
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura davlat dasturidagi qiynoqlarga solinmaslik bo‘yicha bandga tushuntirish berdi

Taraqqiyot startegiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida 2018 yilgi Davlat dasturida sud-huquq tizimi bo‘yicha ilgari surilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berildi. Jumladan, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Umid Muhammadov O‘zbekistonda qiynoqlarga solinmasligi xususidagi bandni atroflicha sharhladi.

Foto: KUN.UZ

“So‘nggi vaqtlarda Internetning o‘zbek segmentidagi ijtimoiy tarmoqlarda yangi Davlat dasturi loyihasidagi ayrim bandlar noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Xususan, O‘zbekistonda shaxsga nisbatan, g‘ayriqonuniy, g‘ayriinsoniy va g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlarga bundan buyon yo‘l qo‘yilmaydi, degan mazmunda xabarlar yoritilmoqda. Bu esa, go‘yoki bundan avval, O‘zbekiston qonunchiligida qiynoqlarga yo‘l qo‘yilgan, degan tasavvur uyg‘otadi.  

Aslida, amaldagi qonunlarda ham surishtiruv jarayonidan boshlab har qanday shaxsning qadr-qimmatini kamsitish, urib-so‘kish, ko‘rsatma berishga majbur qilish mumkin emas. Yangi dastur loyihasida esa, aynan shu jihatlarga yanada kuchliroq e'tibor qaratish va mansabdor shaxslarning javobgarligi, mas'uliyatini oshirish nazarda tutilgan. Bu narsaning doimiy e'tiborda bo‘lishi lozimligi nuqtai nazaridan dastur loyihasiga kiritilgan. 

Jinoyat ishini oson suddan o‘tkazish, qaysidir guruhlar yoki boshqa manfaatlardan kelib chiqqan holda noqonuniy yoki taxminlarga asoslangan, yo bo‘lmasa,”zakaznoy ishlar” deyiladigan holatlar bo‘lmasligi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. Bunda gumonlanuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan faqat urib-so‘kish emas, hatto ruhiy-psixologik tayziq o‘tkazish orqali olingan ko‘rsatmalar, iqrorlik ko‘rsatmasi olishda qonun talabi buzilgani sud jarayonida aniqlansa, inobatga olinmasligi bo‘yicha yangi talablar qonunchilik me'yorlariga kirib keladi”, - dedi Bosh prokuratura xodimi.

Mavzuga oid