O‘zbekiston | 00:52 / 14.01.2018
115692
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek tilini bilmagan amaldor yoxud muammoning ildizi qayerda?

1989 yilning 21 oktabr​. Yana oz muddatdan so‘ng,  «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilin​ganiga naq 30 yil to‘ladi. Qonun madaniy meros, o‘zligimizni anglash, milliy ong mustaqilligiga erishish yo‘lida islohotlarga xizmat qilishi lozim edi. Uning qoidalari bosh qomus - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yildi.​ Ammo, shu o‘tgan davr ichida ushbu qonun davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarida o‘zbek tilida ish yuritish hamda o‘zbek hujjatchiligini takomillashtirishga katta imkoniyat yaratib berdimi? 

Afsuski, javobning qoniqarsiz ekanligi barchani ranjitadi. Negaki, davlat rahbari ham bu mavzuga murojaat qilarkan, demak, masala biz o‘ylagandan ham ko‘p og‘riqli. Avval, Shavkat Mirziyoyev nutqida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilarga qarata aytgan so‘zlariga e'tibor qilamiz:

«Elchi kim? Bu so‘z elning, xalqning vakili, mamlakatlarni bir-biriga bog‘lab turadigan insondir. Ma'lumki, bizning mamlakatimiz davlatchiligi bir necha ming yillik boy tarix va madaniyatga ega. Diplomatik munosabatlarimiz ham eng qadimgi davrga borib, taqaladi. Diplomatiya, diplomatlik oddiy kasb emas, vaholanki, bu kishidan juda ko‘p fazilatlarni talab qiluvchi noyob san'atdir. 

Elchi o‘zbek xalqining boy tarixi, qadriyati va madaniyatini, vatandoshlarining dard-u, tashvishlarini yaqindan bilmasa, ularni yuragidan o‘tkazmasa, qanday qilib O‘zbekistonni dunyoga tanitishi mumkin? Agar u A.Navoiy, A.Oripov, E.Vohidovdan ikki qatra she'r aytolmasa, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi bo‘la oladi? Elchi bo‘ldingmi, millatimizni tilini mukammal bilmasang, bu lavozimda ishlashga haqing yo‘q».

Prezident shu o‘rinda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fenga alohida tashakkurini bildirdi. Gap shundaki, Vitaliy Vasilevi​ch mahorat bilan belgilangan vazifalarni uddalashdan tashqari, davlat tilini hurmat qilgan holda, sof o‘zbek tilida ravon so‘zlashadi.

Haqiqatan, mantiqsizlik: o‘zbek tili, madaniyati, tarixini bilmagan elchi xorijda O‘zbekiston haqida qanday gapirib beradi, vatandoshlarga xizmat qiladimi? 

Savollar endi dovulday yog‘ilib kelaveradi: qachon o‘zbek tilida gapirishni o‘rganamiz? Qachon «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun​ amalda ishlaydi? Nega davlat tili rivoji uchun aytilgan har qanday minimal himoya, xorijiy tildan boshqasida so‘zlashishni bilmaganlarga qilingan maksimal tajovuzdek sanaladi?

Davlat Statistika qo‘mitasi e'lon qilgan raqamlarga ko‘ra, umumiy aholining 83,2 foizini o‘zbek millatiga mansub kishilar tashkil etadi, shundan 4,8 foizi tojiklar, 2,5 foizi qozoqlar, 2,3 foizi ruslar, 2,2 qoraqalpoqlar, 0,9 foizi qirg‘iz va boshq. Bunday rasmiy ma'lumot shundan dalolat beradiki, O‘zbekistonda davlat tili - o‘zbek tili emas, rus tilida ish yuritilishi va shu munosabatning o‘zi «zodagonlar tili» sifati​da e'tirof etilishiga «​ko‘p millatli xalq» tushunchasining​ hech qanday aloqasi yo‘q. Soddaroq qilib aytganda, davlat tilining rus tilidan quyida bo‘lishiga boshqa omillar ta'sir o‘tkazib turibdi.

Birinchidan, ta'limda va undan keyinga davrda bilim olish manbalari - axborot resurslari o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan, amaliyotda juda kam. Ta'lim tizimida katta no‘noqliklarga yo‘l qo‘yilganki, avval boshdan davlat tilidagi resurslarni boyitish, bolalar adabiyotini ko‘paytirish, o‘quv-qo‘llanmalarni takomillashtirish o‘rniga ilmga bo‘lgan ehtiyojni rus tilidagi kitoblar bilan to‘ldirish kuzatilgan. Bu amaliyot haligacha davom etmoqda. Oqibatda, ta'lim tizimida «​«​rusiyzabon guruhlarda o‘qitish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan»​ qabilidagi ishonch shakllandi. Qolaversa, tibbiyot o‘quv yurtlari va diplomatiya ta'limi yo‘nalishida bu aksioma o‘z isbotini topdi.

Ikkinchidan, ma'muriy buyruqbozlik va siyosiy irodaning sustligi davlat tili maqomini aniq belgilab olishga xalaqit qiladi. O‘zbekistonda shakllangan vaziyatni evolyutsion yo‘l bilan isloh etish - yangi rusiyzabon avlodni eskisi bilan almashtirishdek gap. Bunda Turkiya misoliga nazar tashlash o‘rinli bo‘ladi: Mustafo Kamol Otaturk arab yozuviga asoslangan turk tilidan voz kechib lotin alifbosiga o‘tish uchun qat'iy choralarni qo‘llashga majbur bo‘lgan. Mamlakatda barcha OAV va adabiyotliklar yangi alifboga asoslangan turk tilida ish boshlaydi. Xuddi ana shunday siyosiy iroda bilan o‘zbek tilini rostmona davlat tili ekanin e'tirof etish lozim. 

Endi kuni kecha tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati qoshidagi press-xoll haqida bir og‘iz eslab o‘tsak, aniqrog‘i o‘zbek tilida so‘zlashmagan o‘zbek amaldori. Bosh vazir o‘rinbosari Suhrob Xolmurodov bilimli, tajribaga ega rahbar ekani ma'lum. Uning birinchi press-xol yig‘ilishida jurnalistlarda to‘planib qolgan savollarga mujmal javob berishini tanqid qilmoqchimasman. Boisi, amaldorning bunday harakati demokratik etalonni bayroq qilib olgan har qanday g‘arbiy davlatda ham uchraydi. Masala shundaki, u o‘zbek tilida so‘zlasha oladi, ammo gapirmadi. Sabab? Xorijiy OAV vakillarini hurmat qilmoqchi bo‘lib, o‘zi bilmagan holda mahalliy jurnalistlarga behurmatlik qildimi? Yo‘q, aslo! Gap shundaki, u ham yuqorida ta'kidlaganimizdek,  qachonlardir rus guruhida ta'lim olgan amaldor. Fikrlash, hayolidagi kechinmalarni erkin yetkazib berish uchun rus tili qulay. Tamom! 

«​Kuchli argument»​ sifatida ko‘rilgan yana bir omilga nazar tashlaymiz: lotin grafikasini o‘rganishga qiynaladigan va o‘zbek tilini bilmagan ishdagi mutaxassislarni kim o‘ylaydi? 1991 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, mehnatga layoqatli yoshdan kichik bo‘lganlar umumiy aholining 43,1 fozini tashkil etgandi. 2017 yil 1 yanvardagi holat bo‘yicha bunday toifadagi kishilar aholining 30,1 foizini tashkil qilmoqda. Demak, O‘zbekistonda aholi soni ortgani bilan, tug‘ilish kamaygan. Boshqacha qilib aytganda, rusiyzabon, lotin alifbosiga tushunmaydigan aholi rus tilini o‘zlashtirib ishga joylashib borgan yangi tub kadrlardan ancha oz. Shuning uchun, «​kuchli argumentni»​ bir chetga surib, masalaga jiddiy yondashuv talab etiladi.

Davlat tili - o‘zbek tiliga amalda keskin o‘tish qanday yutuqlarni taqdim etadi?

Avvalo, milliy kadrlar yetishtirishda to‘planib qolgan muammolarni ochiq ko‘rsatib beradi. Ma'ruza-seminar qog‘ozidan ko‘z uzmay o‘qib turgan o‘qituvchini yangilikka intilishga, kitoblarni, xalqaro tajribani o‘zlashtirishga majbur etadi. Shuningdek, bir millat sifatida shakllanishimiz, maqsad va harakatlarimizni birlashtirish yanada osonlashadi. 

Bundan tashqari, ong mustaqilligi hamda o‘zligimizga yana ega chiqamiz. O‘ylaymanki, eng so‘nggi maqsad barchasidan ustun turibdi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid