Sport | 16:54 / 17.01.2018
19470
11 daqiqa o‘qiladi

Sanches va Messining ulkan maoshlari haqida

Foto: Marca

«Arsenal» hujumchisi Aleksis Sanchesning «Manchester Yunayted»ga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlar bilan birga, chililik futbolchining u yerda haftasi 350 yoki 400 ming funt maosh olishi haqida ham ma'lumot berilyapti. Bu raqam Sanchesni APLdagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantiradi.

Sanchesning Angliya chempionatida eng yaxshi o‘yinchimi yoki yo‘qmi, bu juda mavhum masala. Ammo bu xabarlar ko‘pchilikni «Manchester Yunayted» futbolchi uchun haddan ziyod maosh to‘layotganiga ishontirmoqda. Zero, yozda Sanchesga «Manchester Siti» 290 ming funt maosh taklif qilgan, Sanches bu taklifga rozi bo‘lgan. Nega «Yunayted» ko‘p oylik to‘layapti? Sanchesning oqibatda «MYu»ni tanlashi uning pulga qiziqishidanmi? «MYu» har bir futbolchiga aslidan ko‘proq pul to‘lab o‘ziga og‘dirib oladigan «qop»mi?

Bunday fikrlar futbol jamoatchiligida juda ko‘p aylanayotgan bo‘lsa-da, aslini olganda, juda sayoz qarashlardir. Vaziyatni chuqurroq o‘rganish, bizga butunlay boshqa xulosalarni taqdim qilishi shubhasiz. 

Transfer qiymati va maoshlar qanday shakllanadi?
Avvalo, klublar futbolchining transfer qiymati va maoshiga butunlay boshqacha tomondan qarashini e'tiborga olish juda muhim. Klub tomonidan bir futbolchiga qilingan xarajat alohida transfer qiymati yoki maosh shaklida tahlil qilinishi noto‘g‘ri. Aslida bir futbolchi uchun qilingan barcha xarajatlar o‘sha futbolchining shartnoma muddatiga teng taqsimlangan holda, xarajatlar balansida aks ettiriladi.

Misol uchun, bir futbolchi 40 million funtga transfer qilinda va unga yillik 10 million maosh bilan 4 yillik shartnoma imzolandi. (40+10x4)/4 = 20 million funt – bu klub tomonidan o‘sha futbolchiga qilingan bir yillik xarajatdir. Birinchi yil 20 million funt, ikkinchi yil yana 20 million funt, shu tariqa xarajatlar hisob-kitob qilib boriladi va klubning moliyaviy faoliyatini qayd etiladi. Moliyaviy «feyr-pley» tekshiruvlarida ham xuddi shu shaklda yillik xarajatlar inobatga olinadi, ma'lum transfer bozorida qilingan transferlar qiymati emas. Hatto ba'zi klublar transfer to‘lovini xuddi shu shaklda, yilma yil to‘lab borish bo‘yicha ham kelishishga muvaffaq bo‘lganliklarini ham ko‘ramiz. 

«Siti» ko‘proq to‘laydimi yoki «Yunayted»?
Endi Aleksis Sanches masalasiga qaytamiz. Xo‘sh, futbolchi uchun «Manchester Siti»ning yozdagi taklifi bilan «Yunayted»ning yanvar oyidagi kutilayotgan transferi o‘rtasidagi farq qanaqa? Ha, Sanchesning maoshi sezilarli oshgani tayin, ammo klublar tomonidan qaraganda, kim ko‘proq xarajat qilishi ko‘zda tutilgandi?

«Manchester Siti» yozda Sanches uchun «Arsenal»ga 60 million funt to‘lashga rozi bo‘lgan. Futbolchi uchun belgilangan maosh yiliga 15 million funt. Shartnoma 4 yilga mo‘ljallangandi.

Demak, «Manchester Siti» Aleksisning 4 yili uchun 60+15x4=120 million funt xarajat qilishi ko‘zda tutilgandi. Bir yilga 30 million funtdan to‘g‘ri kelmoqda.

«Manchester Yunayted»ning Sanches transferi agentlarga beriladigan pulni ham qo‘shsak, 40 million funtga baholanmoqda. 350 ming funt haftalik oylik bir yilga 18,5 million funt bo‘ladi. Yarim yil o‘tganini e'tiborga olsak, 3.5 yillik shartnoma «MYu»ga 40+18.5x3.5=104,8 million funt. Har bir yil uchun bu yerda ham 30 million funtdan to‘g‘ri kelmoqda.

Qishga kelib, «Manchester Siti» yozdagi taklifidan voz kechgani va taklifni pasaytirgani («Siti» futbolchi uchun endi 20 mln funt, 290 ming funt haftalik maosh taklif qilgan) tabiiy. Jamoa Sane va Sterling misolida Sanches to‘ldirishi kerak bo‘lgan kemtikni yopib bo‘ldi va uning Sanchesga muhtojligi «MYu» kabi emas. Bunday qarashlar tabiiy, masalan, hozir qaysidir klubda superdarvozabon chiqsa-yu, hamma klublar uni sotib olishni istasa, «Siti» «MYu»dan ko‘ra, ko‘proq pul taklif qilishi tabiiy hol. Bu yerda jamoalardan biri pulni ko‘p sarflaydi, boshqasi kam deb alohida ajratish noto‘g‘ri.

Transfer qiymati maoshni oshiradi yoki kamaytiradimi?
Futbolchining transfer qiymati qanchalik kamaygan sari, uning maoshi shu qadar ortib boradi. Chunki yaxshi futbolchi uchun qilinadigan yillik sarf o‘rtacha miqdorda deyarli o‘zgarmay qolaveradi – klublar transfer uchun qancha kam to‘lasalar, maosh belgilashda shunchalik saxiy bo‘la olishadi. Agar Aleksis Sanches erkin agent sifatida tekinga o‘tganida, bemalol 400-500 ming funt ham maosh talab qilishi mumkin bo‘lar, klub ham albatta, bunga rozi bo‘lardi. Chunki u holda transfer uchun 40 million funt sarflamagan «MYu» o‘sha pulning yarmini Sanchesning maoshiga qo‘shishi, yakunda bugungi sarfdan ham kamroq xarajat bilan chiqishi mumkin bo‘lardi.

Shu o‘rinda bir qator savollar tug‘iladi.
Xo‘sh, Sanches yozgacha «Arsenal»da qolib, yozda erkin agentga aylanib, yanada kattaroq maoshga ega bo‘lsa bo‘lmasmidi?

Yo‘q, bunga ikki sabab bor. 
Birinchidan, yozda har qanday klub uchun Sanchesdan boshqa variantlar ham bo‘ladi. Sanchesning bu qadar qimmat baholanayotganiga sabablardan biri, uning YeChLda o‘ynamaganligidir. Ya'ni «MYu» uni bemalol YeChL pley-off o‘yinlariga tushirishi mumkin. Mana shunday imkoniyat beradigan yuqori malakali yulduzlar ko‘pmi? Uncha ko‘p emas. Yozda esa, mavsum hali boshlanmagan bo‘ladi va har qanday yulduz futbolchi Sanches bilan bir xil holatda bo‘lib qoladi. Sanchesning bugungi yillik narxini 30 million deb baholayotgan bo‘lsak, yozda bu raqam pasayishi mumkin.

Ikkinchidan, futbolchining o‘zi sport formasini yo‘qotishi yoki jarohat olishi mumkin. Natijada, unga bo‘lgan bugungi talab pasayishi tabiiy. Bu ham o‘ziga yarasha tahlikadir. Har qanday futbolchi eng maqbul paytda savdoning amalga oshishini va yaxshi maoshga ega bo‘lishini istaydi.

Jamoadagi boshqa futbolchilarga Sanchesning hammadan ko‘p olishi ta'sir qilmaydimi?  
Yo‘q. Yuqorida aytilganidek, klub tomonidan futbolchi uchun qilingan xarajatlarning aks etishida maoshni alohida ajratish muhim emas. Sanchesning Pogbadan ko‘proq maosh olishi zamirida uning «Arsenal» bilan yangi shartnoma imzolamay, transfer qiymatini tushirgani yotganini hamma bilib turadi. Pogbaga 90 million funt transfer qiymati to‘lagan «MYu» unga berilayotgan maosh bilan birga yiliga 38 million funt sarf qilayotganini, Sanches esa, nisbatan arzon tushayotganini hisoblash qiyin emas. Futbolchilar bu jihatlar haqida yetarlicha ma'lumotga egalar va jamoadoshlarining maoshi qaysi omillar va hisob-kitoblar haqida yuzaga kelayotganini fahmlay oladilar. Shunchaki, bir jamoadagi ikki futbolchining maoshini to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirish to‘g‘ri xulosani taqdim etmaydi baribir.
 
«Manchester Yunayted» bir qop pulmi?
Nafaqat «MYu», balki boshqa barcha top klublarda maoshlar ancha yuqori bo‘lsa-da, ularning shakllanishi tomonidan butunlay boshqacha kartinani ko‘rish mumkin.

Yuqoridagi jadvalda ingliz klublarining maosh xarajatlari umumiy aylanmaga nisbatan foizda aks ettirilgan. Ko‘rib turganingizdek, APLning barcha top-klublari bu jadvalda pastki o‘rinlarni band etishadi. Aksincha, kam daromad qiladigan klublar uchun maoshlarning yuki yanada og‘irroq ekanini ko‘rish mumkin.

Ueyn Runi, Bastian Shvayshtayger, Zlatan Ibrahimovich (qisman) kabi katta maosh oladigan futbolchilardan qutulgan «MYu»ning bu yo‘nalishda o‘zini bemalol his qila olishini tushunish mumkin. 

Messining yangi shartnomasi haqida
«Barselona» futbolchisi Leo Messini shunchaki, sarlavhaga, odam jalb etish uchun qo‘shmadik. Argentinalik futbolchining yangi shartnomasi haqida ham juda ko‘p gap bo‘layotgani, unga taklif qilinayotgan 100 million yevro aqldan ozgan kishilarning qarori ekani haqida ham fikrlar oz emas.

Aytish kerakki, Messi «Barselona» futbolchisi hisoblanadi va u bilan yangi shartnoma tuzilishini ham go‘yoki bir transfer sifatida qarash ham mumkin. Shu tomondan qaraganda, klubning bu maoshni to‘lashga rozi bo‘lishi mantiqan u qadar xato ish emasligini ko‘rish mumkin. (Aslida yillik maosh 70 million yevro, qolgan qismini esa, Messining klubda qolishi uchun to‘lanadigan mukofot va badal pullari tashkil qiladi).

Keling, oddiy arifmetika bilan shug‘ullanib ko‘ramiz. Tasavvur qiling, klub Messi bilan yangi shartnoma tuzishga rozi bo‘lmadi va futbolchi yozda jamoani tark etdi. «Barselona» Messiga yangi o‘rinbosar topishga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, Messi darajasidagi futbolchilar necha pul? Boshqa Messi yo‘q, lekin Neymarning 222 million yevro, Koutinoning 160 million yevro bo‘lganini, yozda narxlar yana oshishini e'tiborga olsak, 250 million yevro Messi kabi futbolchi uchun normal narx. «Barselona» o‘sha shartli «Yangi Messi» uchun 250 million yevro transfer narxini to‘laydi. «Haqiqiy Messi» shu paytgacha 40 million yevro maosh olib kelganini ham e'tiborga olamiz. «Yangi Messi»ga ham shu maoshni to‘lasak, u uchun bir yillik xarajat (250+40x4)/4 = 102.5 million yevroni tashkil qilyapti. 

Ya'ni «yangi Messi»ni qidirib topish, uning klubi bilan muzokaralarni o‘tkazish, uni «Barselona»da xuddi eski Messidek o‘ynab ketishini ta'minlashdan ko‘ra, Messini olib qolish klubga foydaliroq yoki arzonroqqa tushmaydimi?   

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid