O‘zbekiston | 00:46 / 17.01.2018
35445
3 daqiqa o‘qiladi

Valyuta ayirboshlash amaliyotini endi bankomatlarda ham bajarish mumkin (Video)

​16 yanvar kuni O‘zbekistonda ilk marotaba Asia alliance bank ATBga qarashli ko‘p funksiyali​ bankomat ishga tushirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Bank ma'muriyatining xabar berishicha, ayni paytda ishga tushirilgan bankomat orqali xorijiy valyutani so‘mga ayirboshlash imkoniyati mavjud. Bunda mijoz hech qanday deklaratsiya qog‘ozini to‘ldirishi, navbat kutishi talab etilmaydi.

«Bosh qarorgohi AQShda joylashgan NCR​ kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bankomat orqali ko‘p vazifalarni bajarsa bo‘ladi. Bank mijozlariga qulaylik yaratish maqsadida, inson omili aralashmagan holda foydalanuvchi mustaqil ravishda valyuta ayirboshlash amaliyotini bajarishi mumkin. Shunda, Markaziy bank tomonidan tijorat banklari uchun belgilab berilgan valyuta ayirboshlash yo‘lakchasidan kelib chiqib, belgilangan qiymatga amal qilinadi. Bankomat esa 24 soat mobaynida xalqqa xizmat ko‘rsatadi», deydi bank boshqaruvchisi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilda xorijiy valyutani so‘mga ayirboshlash funksiyasiga ega bankomatlar Toshkent shahrining har bir tumaniga o‘rnatiladi.

«Shuningdek, Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida ham Asia alliance bank​ filiallari ishga tushirilgan bo‘lib, tez orada ko‘p funksiyali bankomatlar viloyatdagi filiallarimizga ham yetkazib beriladi», deydi mutasaddi vakil.

Ayni paytda bankomat xizmatidan foydalanish bir daqiqadan ko‘p vaqtni olmaydi: barchasi elektron tugmani bosish bilan hal bo‘ladi.

Bankomatdan foydalanish uchun mos tilni tanlash, valyutani kiritish zarur. Bankomat avtomatik tarzda banknotning qiymati va haqiqiyligini ekranda tasdiqlaydi, shundan so‘ng, valyutani naqd milliy so‘m puliga ayirboshlashga rozilik beriladi.

Ta'kidlash joizki, valyuta ayirboshlashda hech qanday cheklov yoki kommisiya puli ushlab qolinmaydi. Bankomat esa o‘rnatilgan tartibda mijozga bosma kvitansiya chiqarib berishi nazarda tutilmoqda.

 

Mavzuga oid