Jahon | 09:52 / 18.01.2018
14391
2 daqiqa o‘qiladi

Deyarli 1 trln dollar! Misr prezidenti «arab bahori» oqibatlariga to‘xtaldi

Foto: dailynewsegypt

Yaqin Sharq mintaqasi mamlakatlarining “arab bahori” natijasidagi yo‘qotishlari 900 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu haqda Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy Qohiradagi forumda ma'lum qildi.

"Arab xalqlariga 2011 yildagi “arab bahori” va undan keyingi inqiloblar tufayli yetkazilgan zarar 900 mlrd dollarni tashkil etadi", - deya ta'kidlab o‘tgan Misr rahbari. As-Sisiyning so‘zlariga ko‘ra, urushlar, ichki mojarolar va inqiloblar sababli mintaqada bu davrda 1,4 mln kishi halok bo‘ldi, yana 15 mln inson qochqinga aylandi.

Shu bilan birga, as-Sisiyning qayd etishicha, Misrda 2013 yilning iyulidan beri vaziyat barqarorlashmoqda. O‘shanda amaldagi prezident, “Musulmon birodarlar” harakati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Muhammad Mursiy harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatilgandi. O‘tgan 4 yil davomida, Misr yetakchisi ma'lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqarishning turli sohalarida 11 mingta korxona qurildi, inflyatsiya 35 foizdan 22 foizga qisqardi, mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar hajmi esa 2014 yildan o‘rtalaridan beri 100 mlrd Misr funtini (taxminan 5,7 mlrd dollar) tashkil etdi. As-Sisiyning ta'kidlashicha, 2016 yilning sentabridan Yevropaga Misr hududidan noqonuniy migratsiya butunlay to‘xtatildi.

Mavzuga oid