Jamiyat | 18:50 / 25.01.2018
15257
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda soxta dorifurushlar qo‘lga olindi

Foto: Xalq so‘zi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Milliy xavfsizlik xizmati hamda davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida muqaddam aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan, inson asab tizimiga kuchli ta'sir qiluvchi “Tramadol” va “Lirika” dori vositalarining oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning faoliyatiga chek qo‘yishdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri xabar bermoqda.

Poytaxtning Chilonzor tumanidagi avtoturargohlarning birida  fuqaro D. Ahmedov (materialdagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) 300 ta konvalyutadagi, jami 3000 dona “Tramadol” dori vositasini 5 mln. 700 ming so‘m evaziga noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Shuningdek, Uchtepa tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida fuqaro J. Niyozov 288 dona “Lirika” dori vositasini 4 mln. so‘mga pullamoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga tushdi. 

Ushbu holatlar bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan xolislar ishtirokida tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, tadbir davomida aniqlangan “Tramadol” va “Lirika” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. 

Hozir tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid