Jahon | 10:00 / 28.01.2018
340173
8 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlarida chaqaloqlarga qo‘yilayotgan eng mashhur ismlar

Farzand tavalludi — juda quvonchli voqea. Shu bilan birga o‘ta mas'uliyatli ham. Dastlabki murakkab palla chaqaloqqa ism tanlashda yuzaga keladi. Ayrim hollarda yosh ota-ona farzandiga ism qo‘yishni oilasidagi eng hurmatli keksalarga (odatda, ota tomondan bobosiga) ishonib topshirishadi, ayrimlar esa qandaydir yozilmagan qoidalar va irim-sirimlarga murojaat qilishadi. Eng so‘nggi modadagi ismlar ham borligiga nima deysiz? «Ochiq Osiyo onlayn» 2017 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda qaysi ismlar ko‘proq qo‘yilganini aniqlashga harakat qilib ko‘rdi.

Qirg‘iziston. Sof musulmoncha ismlar

«Ochiq Osiyo onlayn» hamkori — kaktus.media’ga bunday ma'lumotlarni davlat qayd etish xizmati bergan. Ularning bergan ma'lumotiga ko‘ra, o‘g‘il bolalarga qo‘yilgan ismlar ichra eng mashhuri Umar bo‘lgan. Qirg‘izistonda 2017 yilda 2886 ta chaqaloqqa shu ism qo‘yilgan.

O‘g‘il bolalarga qo‘yiluvchi Umar ismi arab tilidan tarjima qilinsa «hayot» ma'nosini beradi. Islom olamidagi ikkinchi xalifaning ismi shunday bo‘lgan.

Qiz bolalar ismi ichra eng mashhuri Rayana bo‘lgani qayd etilgan. 2017 yilda 1860 qizaloqqa shu ism qo‘yilgan.

Foto: Radio Free Europe

Rayana ismi ham arabcha. Talqinlarning biriga ko‘ra u «to‘latilgan, to‘yintirib sug‘orilgan» ma'nosini beradi.

2017 yilda jami 155 ming 36 chaqaloq tug‘ilgan. 2016 yilda ularning soni 159 ming 584 nafar bo‘lgan. 2015 yilda eng mashhur ismlar Umar va Oybeka (Aybiyke) bo‘lgan. So‘nggi o‘n yil ichida eng mashhur ismlar Azamat, Aleksandr, Nurbek, Nurlan va Oybek singarilari bo‘lgan. Qiz bolalar ismi ichra Oynura (Aynura), Nargiza, Tatyana, Dinara va Aida ko‘proq uchragan.

Qozog‘iston. Urf o‘zgarmayapti

Alixon va Ayzere (Oyzara) Ostonadagi eng ko‘p qo‘yilgan ismlar bo‘lgan, deb xabar beradi shahar hokimiyatining rasmiy sayti. 2017 yilda Ayzere ismi Qozog‘iston poytaxtida 405 ta chaqaloqqa qo‘yilgan. Ikkinchi o‘rinda Aylin — 354 marta. Uchinchi o‘rinda Amina ismi bormoqda — 353 marta. O‘tgan yili Ayaru, Oysha, Rayana, Ayala, Kausar, Madina, Dariya kabi ismlar ham ko‘p qo‘yilgan. Dastlabki o‘nlikdan tashqarida Adiya, Aysana, Inju, Ayim va To‘maris kabi ismlar bor.

Foto: astana.gov.kz

O‘g‘il bolalar ichra eng mashhur ismlar uchligiga Alixon, Amir va Ali kirgan. O‘tgan 12 oy ichida bu ismlar bilan mos ravishda 328, 255 va 222 chaqaloq nomlangan. Bulardan tashqari o‘g‘ilchalarga Oysulton, Sanjar, Oldiyor, Erasil, Arlan, Arsen, Nurislom, Alan, Mansur, Ramazon, Meros va Alinur kabi ismlar qo‘yilgan.

Poytaxtda yil bo‘yi jami 34.087 ta chaqaloq tug‘ilgan. Bu esa 2016 yilga nisbatan 2031 taga ko‘pdir.

Qozog‘iston bo‘yicha to‘liq ma'lumotlar yo‘q. Lekin yarim yillik ma'lumotlarga tayanilsa, butun mamlakat bo‘ylab ahvol poytaxtdagiga juda o‘xshash: Ayzere va Alixon yetakchilik qilmoqda. Ayzere tug‘ilgan qizaloqlarga qo‘yilayotgan ismlar ichra yetakchilikni qatorasiga uchinchi yildirki bermayapti.

Ayzere — turkiycha-forscha ism. «Ay» turkiy tillarda «oy» degani, «zer» esa forscha «zar» (oltin) ma'nosini beradi. Ko‘chma ma'noda bu ismga «vafodor», «go‘zal», «ziyrak» ma'nosini yuklashadi.

Umuman olganda, uchlikda qizlar ismi ichra Ayzere, Ayaru va Rayana, o‘g‘il bolalarning ismlari orasida Alixon, Oysulton va Nurislom yetakchilik qilmoqda.

Alixon ismi arab-turk tillaridan kelib chiqqan bir bir necha tarjimaga ega. Talqinlardan biriga ko‘ra, Alixon — «Xudoning sheri» ma'nosini beradi. Ikkinchi talqinga ko‘ra Ali so‘ziga ko‘ra va turk yoki mo‘g‘ullarning xon, podshoh, hukmdor titullariga binoan «buyuk xon» yoki «ilohiy hukmdor» ma'nosini beradi.

O‘zbekiston. Barchasi an'analar doirasida

O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi o‘zining Telegram kanalida mamlakatning 2017 yildagi tug‘ilishga oid fuqarolik holatini qayd etish bo‘yicha ma'lumotlarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, respublikada 722.094 nafar chaqaloq tug‘ilgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 10.490 bolaga kam. O‘g‘il bolalar qizaloqlarga nisbatan ko‘proq tug‘ilgan.

2017 yilda qizaloqlarga qo‘yilgan ismlar ichra Madina ismi yetakchilik qilgan. Mamlakatda 5678 ta qizaloqqa shu ism qo‘yilgan. O‘g‘il bolalar ichra eng mashhur ism Azizbek bo‘lgan — 5674 marta. Umuman, www.factorname.ru sayti ma'lumotlariga ko‘ra, Aziz ismi (uning Azizbek, Azizjon variantlari) 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yigitlarning mashhur ismlari yigirmataligiga kiradi. Biroq 25 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘g‘il bolalar ismi ichra eng mashhuri Sardor ismidir. Rossiyaliklar negadir o‘zbeklarda eng ko‘p tarqalgan ism Rustam yoki Anvar deb hisoblashar ekan.

Foto: theopenasia.net

Adliya vazirligi tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘yicha yana bir qiziq ma'lumotni bayon qilgan. O‘tgan yili O‘zbekistonda og‘irligi qariyb 10 kilogram, aniqrog‘i 9870 gramm bo‘lgan qizaloq dunyoga kelgan. Eng daroz chaqaloqning bo‘yi 70 santimetrni tashkil etgan. Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida esa ona o‘zining 9-farzandini dunyoga keltirgan.

Tojikiston. Hech qanday o‘zboshimchaliksiz

Tojikistondagi mashhur ismlar haqidagi ma'lumot oshkor etilmaydi. Lekin u yerda yangi tug‘ilayotgan chaqaloqlarga qo‘yilishi lozim bo‘lgan ismlardan iborat, qat'iyat bilan tavsiya etilayotgan katalog bor. Uning tuzilishi haqida gap-so‘zlar 2015 yildan boshlangan bo‘lsa-da, u faqat o‘tgan yilga kelib chop etildi. Ilgariroq, chaqaloqlarni milliy madaniyatga xos bo‘lmagan ismlar bilan atashni taqiqlovchi qonun qabul qilingan. To‘plamga 3 mingdan ziyod ismlar kiritilib, ularning tojikcha, ruscha va inglizcha yozilish variantlari ko‘rsatib o‘tilgan. Nashrning umumiy tiraji 10 ming nusxani tashkil etgan.

Lekin ota-onalar farzandiga tasdiqlangan «Milliy ismlar reyestri»dan tanlashga majbur emas. Nima bo‘lganda ham, Tojikiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Milliy qonunchilik markazi direktori Mahmad Rahimzoda shunday degan, — deb yozadi Sputnik Tojikiston. Amaldor nafaqat bunday huquq mavjudligini ta'kidlagan, o‘zi ham reyestrga qarshi borgan. U nevarasiga Ashkinoz deb ism qo‘ygan, bu ism «Milliy ismlar reyestri»da yo‘q. «Barcha ota-onalar o‘z farzandi uchun o‘zlari chiroyli nom tanlashga haqli. Masalan, men nevaramga Ashkinoz deb ism qo‘ydim. Bu ism katalogda yo‘q. Lekin men maxsus komissiyaga xat bilan murojaat qildim, ular mening tanlovimni ma'qullashdi», — degan Rahimzoda.

Mulozim o‘z farzandiga noodatiy ismlar qo‘ymoqchi bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onalariga o‘z takliflari bilan maxsus komissiyaga murojaat qilishni maslahat bergan.

Mavzuga oid