Sport | 10:40 / 29.01.2018
28596
8 daqiqa o‘qiladi

Jimjitlik: «Paxtakor»ning chempionligi haqqoniymidi?

Endi futbolimiz o‘zgaradi. Majburlab pul yig‘ilmaydi, o‘yinlar kelishilmaydi, Babayan bo‘lmaydi, «kal Geynrix» terma jamoaga chaqirilmaydi, xullas juda ko‘p «muammolarimiz» bir nutq bilan yechilib ketgandek, nazarimda. Ammo...

2006 yilda bir jinoiy ish yuzasidan Italiyaning «Yuventus» klubi bosh direktori Luchiano Modjining telefon qo‘ng‘iroqlari «eshitilganda», boshqa haqiqatlar yuzaga chiqadi - Modji 2004/05 yilgi mavsumda jamoasi o‘yinlariga «o‘z hakamlarini tayinlash»da ba'zi funktsionerlar bilan muloqotlar qilar ekan. Ish kattalashib ketadi va:

- Luchiano Modji umrbod futboldan chetlatiladi, kelishilgan o‘yinlar uyushtirgani uchun Neapol sudi uni 5 yilga ozodlikdan mahrum qiladi. 
- hakam Massimo de Santis 4.5 yilga futboldan chetlashtiriladi. 
- Italiya futbol federatsiyasi prezidenti va vitse-prezidenti iste'foga chiqadi.
- «Rejjina» prezidenti Lilo Fonti 20 ming funt jarima to‘lab, 2.5 yilga futboldan chetlashtiriladi. 
- Adriano Galliani 5 oyga futboldan chetlashtiriladi. 
- «Yuventus» ijrochi direktori Antonio Jiraudo umrbod futboldan chetlashtiriladi. 
- «Milan», «Latsio» va «Fiorentina» V seriyaga surgun qilinadi, ammo apellyatsiyadan keyin jarima ochkolari bilan birga A Seriyada qolishadi. 
- «Yuventus» V seriyaga surgun qilinadi va Chempionlar Ligasidagi o‘rnidan mahrum qilinadi. Ikki chempionlik tortib olinadi. 

2015 yilgi chempionatda «Paxtakor» - «Metallurg» o‘yinida hisobda 0:2 hisobida orqada borayotib, ikki golni penaltidan urib, 3:2 hisobida g‘alaba qozongan, mazkur o‘yinda kelishilganlik alomatlari bo‘lganiga ishora qilingandi. Gap faqat ikkita penalti qo‘ygan hakamda emas, «Metallurg» bosh murabbiyi o‘sha o‘yindan keyin mavsum oxirigacha futboldan chetlatilganini ham eslaymiz. «Paxtakor» haqida esa, O‘FFning o‘sha paytdagi prezidenti Mirabror Usmonov achchiq gaplarni aytgan - «bunday g‘alaba bilan ertaga qaysi yuz bilan chempionlik medalini taqib yurisharkin?».

Usmonov bu masalaga o‘sha mavsum oxirida yana qaytilishini va yana kimdir qattiq jazolanishini va'da bergandi. Keyinchalik, «Paxtakor» chempionlik medalini taqdi, hech kim jazolanmadi, hammasi «unutildi». Aslida nima bo‘lgandi, kim kim bilan kelishgan, kim kimga qo‘ng‘iroq qilgan, hammasi mavhumligicha qolgandi.

Eslayotganimning sababi, bu mavzuga tunov kuni endi O‘FAning yangi prezidenti Ochilboy Ramatov ham qaytdi.

«O‘yinlarda ofsayddan urilgan gollar hisobga olinishi, yo‘q joydan penalti berilishi, bor penalti berilmasligi, futbolchilar raqibga penalti ishlab yordam berishi kuzatiladi. Ikki yil oldin bo‘lgan «Metallurg» bilan «Paxtakor» o‘yinini bilasizlar-a? Kimlardir aralashgandi. Bu o‘zbek futbolidagi eng ahmoqgarchilik bo‘lgandi. G‘irrom bo‘lgan joyga muxlis kelmaydi-ku?», - deb kuyinib gapirdi O‘FA rahbari. 

Hammasi tushunarli. G‘irrom deyilganda faqat hakamning harakatlari nazarda tutilmagani shubhasiz, chunki Ramatov ham «kimlardir aralashgandi» deyapti.

Bunday bayonotdan keyin qanday voqea sodir bo‘lishi kerak?
Birinchi variant, 

O‘FA rahbarining so‘zlari juda qimmat turadi. Bir gap aytildimi, uning orqasida aniq isbot va dalil bo‘lishi kerak. Demak, keyingi harakat o‘sha voqea yuzasidan dalillarning taqdim etilishi va aslida nima voqea bo‘lgani ochiq oydin ommaga ma'lum qilinishi shart. Shuningdek, o‘sha voqeada ishtirok etgan «kimlardir» oshkor qilinib, ular jazolanishi, o‘sha o‘yin natijasi bekor qilinib, «Paxtakor»ni nafaqat o‘sha o‘yindagi uch ochkodan, umuman o‘sha mavsumdagi chempionlikdan mahrum qilish lozim.

Bir necha muxlisning so‘kinishi uchun klublar yuz millionlab jarima to‘layotgan bir paytda, bir klubning o‘sha «so‘kinish ma'nosidagi ish»ni o‘zbek futboliga nisbatan qilishiga nega ko‘z yumilishi kerak? Axir Turinning «Yuventus» klubining ham o‘tgan chempionatdagi ishlari kavlanib, oqibatda 2 chempionlik unvonidan mahrum qilinmaganmidi? 

To‘g‘ri, o‘sha paytdagi «Paxtakor» rahbarlari hozir yo‘q, butunlay boshqa insonlar tomonidan amalga oshirilgan. Ammo, klub o‘sha, chempionlik unvoni muzeyda turibdi, axir o‘g‘rini ushlashgach, o‘g‘irlangan mol ortga qaytarilmaydimi?

Ikkinchi variant,
Ramatovda ham, ikki yil oldingi Usmonovda ham «Paxtakor»ni jazolashga yetarli asos ham dalil ham yo‘q. Usmonov o‘shanda o‘yin atrofida paydo bo‘lgan gap-so‘zlardan kelib chiqib, Ramatov esa, o‘sha paytdagi «Paxtakor»ning asosiy raqibi «Lokomotiv» rahbari bo‘lgani uchun, o‘sha voqea qattiq ta'sir qilib, haligacha esdan chiqmaganlikdan aytib yuborgan bo‘lishi mumkin. 

Mumkin, divanda o‘tirganimizda, ya'ni hech qanday aniq ma'lumot bo‘lmaganda, hamma variantni hisobga olishga majburmiz.

U holda, «Paxtakor» o‘z sha'nini himoya qilishi, O‘FA rahbarini tuhmatda, klub sha'niga putur yetkazishda, asossiz ayb qo‘yishda ayblashi kerak. Jamoaning «Metallurg» bilan o‘yindagi halol irodali g‘alabasi va buning orqasidan o‘sha yilgi chempionligi shubha ostiga olinmoqda, buni butun O‘zbekiston eshitmoqda, o‘qimoqda. Klub uchun o‘z sha'ni, imiji muhim emasmi?

Agar men yoki boshqa jurnalist «Paxtakor»ni kelishilgan o‘yinlarda ayblab maqola yozsam, ertasigayoq klub rasmiy saytida shapaloqdek raddiya chiqishiga ishonaman. Bunday holatlar juda ko‘p kuzatilgan, klub matbuot xizmatining bu borada juda faolligi va klub sha'nini munosib himoya qila olishiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman va boshqa klublar ham bundan o‘rnak olsa arziydi. Ammo nega klub hozir jim? Ramatovga, oddiy jurnalist emas, rasmiy shaxsga, aynan futbolimizning boshida turgan insonning bu aybloviga nega jim turibdi?

Yoki bu nutq balki yana ikki yilga unutilib ketishidan umidvormi? Voqeani yana kavlab, isbot talab qilinsa, vaziyat chigallashib ketishidan qo‘rqilmoqdami? Ya'ni O‘FA prezidenti qo‘lida rostan ham isbot borki, «Paxtakor» buni biladimi?

Har qanday holatda ham bunday bayonotlar shunchaki, jimjitlik bilan o‘tib ketmasligi, orqasidan, yo u yoki bu jarayonning boshlanishiga hizmat qilishi shart edi. Ammo hozircha o‘zgarish yo‘q. 

Hech narsa o‘zgargani yo‘q.  

 Qahramon Aslanov

Mavzuga oid