Jamiyat | 23:20 / 06.02.2018
39158
3 daqiqa o‘qiladi

Umuminsoniy fazilatlar shoira Zulfiyaxonim xarakteri misolida

Foto: Ijod.uz

Zulfiya o‘zbek she'riyatida o‘ziga xos o‘ringa ega shoira bo‘lishi bilan birga inson sifatida ham shu xalqning barcha olijanob xislatlariga ega ayol bo‘lgan. Sevimli shoiramizning shogirdi Oydin Hojiyeva “Zulfiya abadiyati” nomli kitobida ustozi so‘zlab bergan bir voqeani bayon qiladi. Zulfiyaxonim shunday hikoya qilgan ekan:

“Moskvaga uchayotgan Dushanbe samolyoti yarim kechasi Toshkentga qo‘nibdi va reys tongotargacha qoldirilibdi. Bir payt telefon jiringladi. Hamma uxlagan. Go‘shakni ko‘tarsam — Mirzo Tursunzoda.

  • Zulfiyaxonim! Men Mirzoman! Assalomu alaykum!
  • Va alaykum assalom. Qayerdan so‘zlayapsiz? Toshkentdanmi?
  • Musofirlar darvozangizda turibmiz, “Kir” deydigan odam bormi?
  • Toshkentda darvoza ko‘p, qaysi biridasizlar?
  • Osmon darvozasidamiz. Hozir boramiz siznikiga!
  • Qanday bo‘larkin? Soat bir bo‘lyaptiku! Hamma uxlagan.
  • Uxlagan bo‘lsa, mayli, uyqulari oromli bo‘lsin. Shoir xalqi hamisha bedor. Biz uxlamaganda, endi siz ham uxlamaysiz-da, azizim.
  • Yo‘ldoshlaringiz bormi?
  • Ha, hammasi o‘zingiz bilgan musofirlar — men, Foteh, Jalol Ikromiy...

Birdan Jalol Ikromiyning ovozi eshitildi:

  • Kechirasiz, Zulfiyaxonim, Mirzo sizlarnikiga boramiz, deb turib olgan. Oybeknikiga boraqolaylik, desam, “Tinchini buzmaylik”, deydi. G‘afur G‘ulomnikini aytsam “G‘afur ziyofat qiladi, samolyotdan qolib ketamiz”, deydi...
  • Bo‘pti, marhamat, kelinglar, — dedim”.

Shunday qilib hovlida Hamid Olimjon ekkan tok tagidagi stolda tuzalgan dasturxon atrofida do‘stlar jam bo‘lishadi. She'rxonlik ham qiyomiga yetadi. Mehmonlar g‘ira-shira tongda aeroportga jo‘nab ketishadi.

Chindan ham, o‘z xalqining mehmonnavozligi, umuminsoniy fazilatlari Zulfiyaxonim va u bilan zamondosh bo‘lgan ko‘plab adiblarimizning tabiatida bor edi. Sadriddin Ayniy, Sajjod Zohir, Stepan Shipachyov, Qaysin Quliyev, Marvarid Dilboziy, Mustay Karim va boshqa zamondosh do‘stlari Zulfiyaxonimning uyiga, umuman olganda, yurtimizga tez-tez mehmon bo‘lib kelishgan. Xalqaro ijodiy hamkorlik, zamondosh ijodkorlar asarlaridan xabardorlik, albatta, o‘z samarasini bergan.

Mavzuga oid