Jahon | 09:00 / 09.02.2018
7912
3 daqiqa o‘qiladi

Saxalin sobiq gubernatori poraxo‘rlik uchun 13 yilga qamaldi 

Foto: Foto: Yuriy Smityuk

Yujno-Saxalinsk sudi Rossiyaning Saxalinsk oblasti sobiq gubernatori Aleksandr Xoroshavinni poraxo‘rlik va pul yuvishda aybdor deb topdi. Bu haqda Sakhalin.info xabar bermoqda. Sudya Yelena Polikina o‘z qarorida, portal ma'lumotlariga ko‘ra, prokurorning talablariga to‘la amal qildi va Xoroshavinni 13 yilga qattiq tartibli koloniyada ozodlikdan mahrum etish hamda 500 million rubl miqdorida jarimaga tortish haqida hukm chiqardi.

Ushbu ishga jalb etilgan boshqa shaxslarga nisbatan ancha yumshoqroq jazo tayinlandi: Xoroshavinning sobiq maslahatchisi Andrey Ikramov 9,5 yilga qamaldi va 171 million rubl jarima to‘laydigan bo‘ldi. Mintaqa hukumati raisining sobiq o‘rinbosari Sergey Karepkin 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi hamda 4 mln rubllik jarima to‘laydi, Saxalinning qishloq xo‘jaligi, savdo va oziq-ovqat bo‘yicha sobiq vaziri Nikolay Borisov esa faqat bitta epizodda aybdor deb topildi hamda 2,5 mln rubllik jarimaga tortildi. Borisov avvalroq o‘z aybini qisman tan olib, tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgandi.

Xoroshavinning sobiq sobiq o‘rinbosari - Karepkin va Ikramovning advokatlari - «Interfaks»ning yozishicha, sud qaroriga nisbatan shikoyat arizasi bilan chiqishadi. «Mening mijozimning aybi isbotlanmadi. Biz shikoyat qilamiz va haqiqatga erishamiz», - dedi Karepkinning advokati Igor Yanchuk jurnalistlarga. Ikramovning himoyachisi Yuriy Syuzyumov esa bunday qarorni «asossiz» deya atadi. «Biz oxirigacha borishni rejalashtirmoqdamiz, biz Yevropa sudi bilan bog‘lanishga tayyormiz», - deya ma'lum qilgan u. Xoroshavinning advokati Olga Artyukova, agentlikning aniqlik kiritishicha, o‘z navbatida sud binosini jurnalistlar bilan gaplashmasdan tark etgan. 

Saxalin sobiq gubernatori 2015 yilning mart oyida hibsga olingan. O‘shanda huquq-tartibot idoralari xodimlari uni 60 million rubl miqdorida pora olganlikda gumon qilishdi. Shu bilan birga, Tergov qo‘mitasidan ma'lum qilishlaricha, o‘tkazilgan tintuvlar davomida rubl va valyutada «katta summa», shuningdek qimmat soatlar, telefonlar va zargarlik buyumlari topilgan. Shundan so‘ng sobiq gubernatorning hisob raqamlari va mol-mulki xatlovga olindi. Keyinchalik, prokuratura talabiga binoan, ular davlat mulkiga o‘tkazildi. Xoroshavin bu qarorga shikoyat qilishga urindi, biroq sud sobiq amaldorning shikoyatini ko‘rib chiqishdan bosh tortdi. Hammasi bo‘lib, Xoroshavindan 1 mlrd rubldan ko‘proq qiymatga ega bo‘lgan mol-mulk olib qo‘yildi.

Mavzuga oid