O‘zbekiston | 13:48 / 21.02.2018
13103
9 daqiqa o‘qiladi

Sudlarda sansalorlik barham topishi uchun nimalar qilinmoqda?

Foto: Fotolia

Sir emaski, yaqin-yaqingacha fuqarolar sudlarga murojaat etishda turli byurokratik holatlarga duch kelar, sodda qilib aytganda, mazkur idoralarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan ovoragarchilik, sansalorlik va qog‘ozbozliklardan bezib qolgandi. Bu esa jamiyatda odil sudlovga, qonun hamda adolat ustuvorligiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishi tabiiy edi.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining virtual qabulxonasiga, Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar orasida sudda ishlar ko‘rilishi va sudyalar faoliyatiga daxldor shikoyatlar ham oz emasligi yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

Bunday holatlar davlat rahbari tomonidan bir necha bor tanqid qilindi. Sudlar faoliyatida ochiqlikni, shaffoflikni ta'minlash, murojaatlarni ko‘rib chiqishda yuzakilik hamda befarq munosabatlarga uzil-kesil chek qo‘yish, odil sudlovni qaror toptirish yuzasidan muhim topshiriq va tavsiyalar berildi. Xo‘sh, bunga javoban respublika sud organlari tizimida qanday o‘zgarish hamda yangilanishlar ko‘zga tashlanmoqda?

“Xalq so‘zi” nashri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi Xolmo‘min Yodgorov bilan shu haqda suhbat uyushtirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birga, “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratildi hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatiga tatbiq etilyapti.

— Har qanday yangilik birinchi galda fuqarolar manfaatiga xizmat qilishi kerak. Shu ma'noda, “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimining qanday qulayliklari bor?

— Birinchidan, ushbu tizim orqali jismoniy va yuridik shaxslarga sud idorasiga bormasdan, internet orqali masofadan turib o‘z murojaatlarini, ya'ni da'vo arizalari, arizalar, iltimosnomalar hamda ularga ilova etiladigan hujjatlarni elektron tarzda jo‘natish, sudlarda esa hujjatlarni elektron tarzda qabul qilib olish imkoniyati yuzaga keldi. Bu holat taraflarning ovoragarchiliklariga, ortiqcha qog‘ozbozlik hamda sarf-xarajatlarga ham chek qo‘yadi. Shuningdek, murojaat etgan shaxs, uning arizasi bo‘yicha ko‘rilayotgan ishda taraf sifatida qatnashayotgan javobgarlar va ularning vakillari, prokurorlar, advokatlar hamda boshqa shaxslar protsessual jarayonlarni, ya'ni ishning ko‘rish uchun tayinlanganligi, qoldirilganligi, to‘xtatilganligi yoki ko‘rish natijasi haqidagi ma'lumotlardan internetdagi shaxsiy kabineti orqali xabardor bo‘lib boradi.

Sudlarga kelib tushayotgan murojaatlarni, turli xat-xabarlarni, ariza va shikoyatlarni ro‘yxatga olish, ularni sudyalar hamda sud xodimlariga taqsimlash, tayyorlangan javob xatlarini, chaqiruv qog‘ozlarini, sud hujjatlarini taraflarga, tegishli davlat organlariga va tashkilotlarga jo‘natish ishlari avtomatlashtirildi. Sudga yuboriladigan da'vo arizalari, arizalar, shikoyatlar, iltimosnomalar hamda boshqa turdagi murojaatlar, qolaversa, sud tomonidan chiqariladigan qarorlar, ajrimlar, hal qiluv qarorlari va boshqa hujjatlarning namunaviy nusxalari elektron tizimga joylashtirildi. Bu esa taraflarga, sudyalar hamda sud xodimlariga shunday hujjatlarni qonun talablariga mos tarzda, kam vaqt sarflagan holda, bir xilda va sifatli shakllantirishga yordam beradi. Tizimga kiritilgan “Davlat boji kalkulyatori” xizmati esa sudga murojaat etishda oldindan to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji miqdorini ko‘rsatadi.

Ayni damda “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimi respublikamizdagi barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo va tuman (shahar) sudida amal qilmoqda. Ahamiyatlisi, birgina 2017 yilda 550 mingdan ortiq arizalar hamda da'vo arizalari elektron shaklda qabul qilinib, ko‘rib chiqildi. Darvoqe, “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimida ishlash bo‘yicha foydalanuvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida metodik qo‘llanma, videoroliklar tayyorlanib, Oliy sud veb-saytiga joylashtirilgan.

— Oliy sudning rasmiy veb-saytida “E-SUD” elektron sudlov axborot tizimidan foydalanishdan tashqari, fuqarolar uchun yana qanday interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan?

— www.oliysud.uz veb-saytiga elektron kutubxona, sudlarning interaktiv xaritasi, sud hujjatlari namunalarini yuklab olish kabi qator xizmat turlari kiritilgan. Ushbu elektron manzil orqali foydalanuvchilar sud faoliyatiga oid qonunlar hamda qonunosti hujjatlari, Plenum qarorlari, yo‘riqnomalar, ko‘plab o‘quv materiallari va adabiyotlar bilan tanishishlari, lozim bo‘lganida ulardan nusxa olishlari mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyati nomiga ariza, shikoyat hamda boshqa turdagi murojaatlarni yuborish va ularga tegishli javoblarni olish imkoniga ega.

Veb-saytga har oyda o‘rtacha 3,5 mingdan ortiq foydalanuvchilar kiryapti. Ular orasida xorijiy davlat fuqarolari ham bor.
Shu o‘rinda sudlar faoliyatida ochiqlikni ta'minlash maqsadida qilingan yana bir amaliy ishni keltirsak. Gap shundaki, fuqarolarga, tadbirkorlik sub'yektlari, advokatlar hamda turli tashkilotlar vakillariga sudga murojaat qilish tartibi, davlat boji va sud xarajatlarini qayerga hamda qancha miqdorda to‘lashi kerakligi, sudlarning manzillari, aloqa telefonlari, bank rekvizitlari, ko‘rib chiqilayotgan fuqarolik ishlari ro‘yxati, ish ko‘riladigan zal raqami, ishni ko‘rayotgan sudyaning familiyasi va ism-sharifi kabi zarur ma'lumotlardan xabardor bo‘lib turishlari uchun infokiosklar tashkil etildi. Hozirgi paytda bunday infokiosklar Oliy sud hamda ayrim tumanlararo sudlarning qabulxonalariga, kutish zallariga o‘rnatilgan.

— Sudlar faoliyatiga zamonaviy AKT, jumladan, “E-SUD” tizimi joriy etilishi bilan sohaga doir amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
— Siz nazarda tutayotgan ana shunday o‘zgartish hamda qo‘shimchalar yaqinda qonun bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining yangi tahririda o‘z ifodasini topdi. Unga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ishlarni videokonferentsaloqa rejimida ko‘rish tartibi qonuniy mustahkamlandi. Bu tizim joriy etilgach, bordi-yu, taraflardan biri bir hududda, boshqasi esa boshqa hududda yashayotgan bo‘lsa, ularning har biri sud majlisida qatnashish uchun o‘zi yashayotgan tumandagi sudga tashrif buyuradi va sud muhokamasi videokonferentsaloqa orqali o‘tkaziladi. Natijada fuqarolarning sudda ishtirok etishi uchun sarflanadigan transport hamda boshqa turdagi xarajatlari tejaladi, ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi.

Aytish o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan 2017 yilning ikkinchi yarmida nazorat tartibida ko‘rilgan fuqarolik ishlarining 70 foizi fuqarolarni poytaxtga chaqirmasdan, o‘zlari yashab turgan joydagi sudlarda videokonferentsaloqa orqali ularning ishtirokini ta'minlagan holda hal qilingan.
Sud muhokamasini audio shaklida yozib olish va videotasvirga olish tartibi yo‘lga qo‘yilishi taraflarga jarayondan to‘la boxabar bo‘lgan holda, e'tiroz bildirish imkonini beradi.

Umuman, sudlarda ishlarni to‘liq elektron tarzda shakllantirish tartibi qo‘l mehnatini qisqartirish bilan birga, ishlarni saqlash, ularni yuqori instansiya sudlariga yuborish, ish materiallari bilan taraflarni tanishtirish, ulardan nusxalar olish kabi protsessual jarayonni sezilarli ravishda soddalashtiradi.
Hozirgi paytda Oliy sud tizimidagi sudlarda mavjud elektron sudlov axborot tizimini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining axborot tizimi bilan integratsiyalash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yumushlar nihoyasiga yetgach, sudlar tomonidan ijro varaqalari hamda sud buyruqlari davlat ijrochilariga elektron shaklda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuboriladi.

Mavzuga oid