Jamiyat | 13:00 / 28.02.2018
72647
6 daqiqa o‘qiladi

Nomi ulug‘, suprasi quruq «qizil diplom» kimga kerak?

Xalq orasida «qizil diplom» atamasi bilan nomlanadigan diplomlarning rasmiy nomi aslida «imtiyozli» diplomdir. Oliy ta'lim muassasalarida «imtiyozli» diplomlar bakalavriatura bosqichida o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda katta yutuqlarga erishgan talabalarga berilishi ko‘pchilikka ma'lum. Ammo ko‘pchilikni mazkur «imtiyozli» diplom aslida qanday imtiyoz beradi, degan savol o‘ylantiradi. Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev ushbu maqolada shu bo‘yicha fikr yuritgan.

Qizil diplom talabaga nima beradi?

Hech narsa! Faqat qizil rangni xush ko‘ruvchilar yoki ko‘k rangni yoqtirmaydiganlar uchun taskin berishi mumkin xolos. Ammo bundan boshqa birorta imtiyoz qonunchilikda nazarda tutilmagan.

Unda nima uchun «qizil diplom»ga intilishadi? Bakalavriatura bosqichini yakunlab, qo‘liga qizil rangli muqovadagi diplomni olgan talabalar, magistratura bosqichiga kirish uchun bo‘ladigan imtihonlarda qandaydir imtiyoz bo‘lishiga umid qilishi tabiiy. Biroq bularning barchasi xomxayol, xolos.

Respublikamizdagi oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra amalga oshiriladi. Mazkur nizomning 4-bobi «Kirish sinovlari» deb nomlanib, unda magistraturaga kirish sinovlarining umumiy ballari haqida ma'lumot berilgan. Ushbu ma'lumotlar orasida bakalavriatura bosqichini «imtiyozli» diplom bilan tugatgan talabalarga qandaydir qo‘shimcha imtiyozlar berilishi haqida hech qanday qoida keltirilmagan. Bundan tashqari, nizomning 3-bandida magistraturaga qabul barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Nizomda faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari, shuningdek «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari talabalari va bakalavr darajasiga ega yoshlarga imtiyoz berilishi va ular oliy ta'lim muassasalari magistraturasiga bakalavriatning ta'lim yo‘nalishiga mos mutaxassisliklarga tanlovdan tashqari davlat granti asosida qabul qilinishi qayd etib o‘tilgan.

Axir imtiyoz bor ediku?!

Ha, to‘g‘ri esladingiz, bir paytlar «qizil» diplomga imtiyoz berilardi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 iyuldagi 342-son qaroriga muvofiq tasdiqlangan nizomga ko‘ra, quyidagicha tartib-qoida belgilangan edi:

“13. … Oliy ta'lim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (o‘zlashtirish tegishli ravishda 55 balldan 100 ballgacha bo‘lgan diapazonda ifodalanadi). Bitiruvchi reytingini aniqlashda 0,7 tuzatish koeffitsiyenti kiritiladi. O‘qishni imtiyozli tugatganlar uchun tuzatish koeffitsiyenti 1 ga teng.”

Mazkur tartib-qoidaga ko‘ra, abituriyentning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi maxsus koeffitsiyentlarga ko‘paytirilgan. Ya'ni «imtiyozli» diplom olgan talabaning balli 1 ga, «oddiy» diplom olgan talabalarniki 0,7 koeffitsiyentga. Masalan, 86 ball «imtiyozli» diplom sohibida 86 balligicha qolgan, «oddiy» diplom olganda esa 60,2 ball deb hisoblangan.

Lekin bugungi kunda yuqoridagi nizom o‘z kuchini yo‘qotgan.

Korrupsiyaga imkoniyat yaratish shartmi?

Maqola so‘ngida ushbu masala yuzasidan o‘zimning o‘ta shaxsiy fikru ojizimni bayon qilmoqchiman. Aytingchi, nomi ulug‘, suprasi quruq «qizil diplom» nimaga kerak?

Diplom nomida «imtiyozli» so‘zi bo‘lsayu, lekin zig‘ircha imtiyoz bermaydigan bunday ko‘zbo‘yamachilikka chek qo‘yish payti kelmadimikin? Yoki qandaydir «imtiyoz» joriy qilish yoki barcha talabalarga bir xil diplom berish ma'qul emasmi? Menga qolsa imtiyoz shart emas, hattoki magistraturaga kirish imtihonlarida talabaning bakalavrda to‘plagan ballari umuman ta'sir qilmaydigan tizimga o‘tishimiz kerak. Yo‘qsa, yuqori ball olish ilinji ko‘p qing‘irliklarga zamin yaratmoqda. Hozircha O‘zbekistonda faqat Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga kirishda bakalavr balli hisobga olinmaydi, qolgan barcha OTMlarda ushbu keraksiz talab haliyam mavjud.

Hozirgi holatda garchi hech qanday imtiyoz bermasa ham, shunchaki quruq obro‘ yoki boshqa sabablar uchun “qizil” diplomga harakat qiladiganlar, buning yo‘lida kezi kelsa korruptsion yo‘ldan ketishdan tap tortmaydiganlar afsuski uchrab turibdi. Shunday ekan, keling, o‘zimizni aldamaylik. Yaxshisi talabalar qizil rang uchun emas, o‘z kelajagi va yurt ravnaqi uchun intiladigan ta'lim tizimini yarataylik.

Mavzuga oid