Jahon | 10:00 / 02.03.2018
27143
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning AQShga hujumi modeli davlat departamentining nafsoniyatiga tegdi 

Foto: Reuters

AQSh davlat departamenti Rossiyaning AQShga zarba berishi modellashtirilgan animatsion rolik namoyish qilinishini mas'uliyatsizlik deb atadi. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi xabar bermoqda.

Rolik Rossiya prezidenti Vladimir Putinning federal yig‘inga murojaati vaqtida namoyish qilingan. 

Davlat departamentining rasmiy vakili Xizer Noyyertning aytishicha, boshqarmada Putinning chiqishi qiziqish bilan kuzatilgan. “Men tushuntirib qo‘ymoqchiman va biz bu haqda avval ham gapirganmiz, biz dunyo yetakchilari aytayotgan har bir so‘z yoki fikrga javob bermoqchimasmiz. Biroq AQShga yadroviy hujumning animatsiyasini ko‘rish yoqimsiz bo‘ldi, bu bizga yoqmaydigan ish bo‘ldi. Biz buni xalqaro o‘yinchining mas'uliyatli xatti-harakati, deb hisoblay olmaymiz”, deb qo‘shimcha qilgan Noyyert.   

Putinning nutqi vaqtida “Sarmat” raketa majmuasi sinovining ilk lavhalari ko‘rsatilgan. Internet foydalanuvchilari ushbu qurolning imkoniyatlarini namoyish qiluvchi rolikda Florida raketalar nishoniga aylanganiga e'tibor qaratishgan.

Keyinroq ushbu video 2012 yildayoq YouTube’dagi turk kanalida joylashtirilgan bo‘lgani aniqlangan. Ya'ni yangi qurol imkoniyatlari taqdimotida 6 yil avvalgi rolikdan foydalanilgan.

“Sarmat” og‘ir qit'alararo ballistik raketaga ega raketa majmuasi bo‘lib, sobiq ittifoq davrida yaratilgan R-36M2 “Voyevoda” majmuasi o‘rnini egallaydi.

Mavzuga oid