Jamiyat | 21:57 / 07.03.2018
52687
16 daqiqa o‘qiladi

Umr xotimasining yaxshi va yomon belgilari

Inson qiladigan har bir ishning natijasi uning oqibati bilan belgilanadi. Shuningdek, insonning yashab o‘tgan hayoti mazmuni ham uning so‘nggi lahzalari bilan belgilanadi. Sahl ibn Sa'd So'idiy roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar xotimasiga bog‘liq», dedilar (Buxoriy rivoyati)

Audio versiya (Tas-IX )

 

Demak, bu dunyoda qilingan amallar hosili umr so‘ngida ma'lum bo‘ladi. Shu bois inson hayoti qanday yakun topishi haqida ba'zi bir alomatlar ham keltirilganki, shunga qarab uni «yaxshi» yoki «yomon» degan xulosaga kelinadi. Ya'ni, hayot vaqtida inson yaxshi amallarni bajarishga beparvo va loqayd bo‘lib, umri poyoniga yetganda shunday ishlarga ulguraman degan kishi adashadi. Ko‘pincha qarib, o‘limi yaqinlashgan inson bu dunyoda qanday hayot kechirdim, nimaga erishdim, deb yashab o‘tgan umrini bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazadi. Aslida, bu to‘g‘ri emas. Inson hayotining har kunini o‘z amallarini taftish qilib, sarhisob etishi lozimligi manbalarda aytilgan. Ammo inson hayotining qanday xotima topishi hech kimga ma'lum emas. Demak, inson butun hayoti davomida yaxshi amallarni qilishga harakat qilmas ekan, oxirgi afsus-nadomat hech qachon foyda bermaydi. Inson hayoti yaxshi xotima topishi uchun u butun umri davomida tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Chiroyli xotima topishning bir qancha alomatlari bor:

1.Insonning oxirgi so‘zi shahodat kalimasi bo‘lishi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan keltirilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning oxirgi so‘zi «Laa ilaha illalloh» bo‘lsa, jannatga kiradi», dedilar (Abu Dovud va Hokim rivoyati). Shuning uchun vafoti yaqinlashgan insonga bu kalimani zikr qilish eslatiladi. Bu kalimaning ulug‘ligi shundaki, u inson umrining butun mohiyatini o‘zida jamlaydi.   

2.Insonning jon chiqar paytda peshonasidan ter chiqishi.

Bu haqda Burayda ibn Xasib Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Mo‘min peshona teri bilan o‘ladi» (Ibn Hibbon rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu: «Mo‘minda gunohlaridan birortasi qolsa, o‘lim paytida unga jazo sifatida peshonasi terlaydi», deganlar. Ya'ni, bu gunohi oz qolgani va bor bo‘lsa ham, u shu tufayli yuvilib ketganini bildiradi. Sufyon Savriy rahmatullohi alayh: «Sahobalar jon berayotgan odamning terlaganini yaxshi ko‘rar edilar», deb aytgan.

3. Alloh taoloning bandani o‘limi oldidan yaxshi amallarni qilishga muvaffaq qilib qo‘yishi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bir bandaga yaxshilikni iroda qilsa, uni (bir) amalga yo‘naltirib qo‘yadi», dedilar. (Shunda sahobalar): «Ey Allohning Rasuli, qanday qilib yo‘naltiradi?» deyishdi. U zot: «O‘limidan oldin uni yaxshi amal qilishga muvaffaq qiladi», dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

4. Alloh roziligini istagan holda ro‘za tutib yoki sadaqa berib, o‘sha kuni vafot etish.

Huzayfa ibn Yamoniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Laa ilaha illalloh»ni aytib, (ya'ni shu so‘zni aytish bilan uning hayoti) nihoya topsa, jannatga kiradi, kim Allohning yuzini istab sadaqa berib, (sadaqa bergan kuni) hayoti nihoyasiga yetsa, jannatga kiradi, kim Allohning yuzini istab (bir) kun ro‘za tutsa, (ro‘zador holida uning hayoti) nihoyasiga yetsa, jannatga kiradi», dedilar» (Ahmad rivoyati). Sahobalar va tobe'inlar hayotini kuzatsak, ulardan aksariyati o‘limi arafasida ro‘za tutganlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning orasida shunday kunda butun molini sadaqa qilib, tarqatganlari ham uchraydi.

5. Yaxshi insonlar mayyit orqasidan chin dildan yaxshi so‘zlarni aytib maqtashlari.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sahobalar bir janoza oldidan o‘ta turib, mayyitni yaxshi so‘zlar bilan maqtashdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Vojib bo‘ldi», dedilar. So‘ngra boshqa janoza oldidan o‘tib, mayyitni yomon so‘zlar bilan qoralashdi. U zot yana: «Vojib bo‘ldi», dedilar. Umar roziyallohu anhu: «Nima vojib bo‘ldi?» – dedilar. U Zot: «Sizlar yaxshi deb maqtagan kishiga jannat, yomon degan kishiga do‘zax vojib bo‘ldi. Sizlar Allohning yerdagi guvohlarisiz», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati). Bir kishi vafot etsa, uning yomon amalini bilsak ham, yomonlashga tushish to‘g‘ri emasligi, aksincha, uning yaxshi xislatlarini tilga olib, yomonlashdan tiyilish kerakligini mana shu hadisi sharifdan anglab olishimiz mumkin.

6. Ota-onaning xizmatida yurib, ularni rozi qilish.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Rabbning roziligi ota-onaning roziligidadir. Rabb­ning noroziligi ota-onaning noroziligidadir», dedilar (Termiziy rivoyati).

7. Allohning toatida bardavom bo‘lib, dinda mustaqim bo‘lish, gunohlardan hazar qilish hamda shirk, riyo va kibr kabi illatlardan saqlanish.

Alloh taolo aytadi: «Albatta: «Rabbimiz – Alloh», – deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): «Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va'da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz! «Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do‘stlaringizdirmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir» («Fussilat» surasi, 30–31‑oyatlar).

8. Kechqurun uyquga yotishda sunnatda kelgan zikrlarni aytib, oxirida ushbu duoni aytib yotish ham yaxshi xotima alomatidir.

Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh alayhissalom menga: “To‘shagingga kelganingda, namozga tahorat qilganingdek tahorat qil, so‘ng o‘ng tomoningga yonboshlab:

اللَّهُمَّ أَسْلَمْتُ نَفْسِي إليْكَ، وفَوَّضْتُ أَمْرِي إلَيْكَ، وَأَلجَأْتُ ظهْري إلَيْكَ، رَغْبةً وَرهْبَةً إلَيْكَ، لا مَلْجأ ولا مَنْجى مِنْكَ إلاَّ إلَيْكَ، آمَنْتُ بِكتَابكَ الذي أَنْزلتَ، وَنَبيِّكَ الذي أَرْسَلْتَ

“Alohumma aslamtu nafsiy ilayka va favvaztu amriy ilayka va alja`tu zohriy ilayk, rog‘batan va rohbatan ilayk, laa malja`a valaa manjaa minka illa ilayk, amantu bikitabikallaziy anzalta va nabiyyikallaziy arsalta”, ya'ni: “Yo Alloh, nafsimni senga taslim etdim. Ishimni Senga topshirdim. Sening ne'matingga rag‘bat qilib, g‘azabingdan qo‘rqib, Senga suyandim. Sendan boshqa qochadiganim ham, najot topadiganim ham yo‘q. Nozil qilgan kitobingga va yuborgan payg‘ambarlaringga imon keltirdim”, deb ayt. Agar vafot etsang, Islom fitratida o‘lasan. Yotishdan oldin oxirgi aytadiganing shu bo‘lsin”, dedilar”. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhu shogirdi Mujohidga nasihat qilib: «Tahoratli holda uxla, chunki ruhlar qanday holda qabz qilinsa, o‘sha holatda qayta tiriltiriladi», dedi. Ibn Abbos roziyallohu anhuning bu nasihatlari barcha musulmonlar uchun ibratlidir. Axir, qanchadan-qancha odamlar uyqudan uyg‘onmasdan, bu dunyoni tark etmoqda.

Allohim! Umrimizning oxiri yaxshi xotima topishini nasib etgin!

Yomon xotima topish baxtiqarolikdir. Alloh bunday xotimani hech bir mo‘min bandasiga ravo ko‘rmasin, zero yomon xotimaga yo‘liqishdan juda ehtiyot bo‘lib yashash kerak. Buning uchun har doim oxiratni eslab, har bir ishi uchun ertaga savol‑javob borligini o‘ylab qilmog‘i lozim bo‘ladi. Ayniqsa, gunohlarni kichik yoki arzimas deb beparvo bo‘lish, dunyoga muhabbat qo‘yib, halol-haromni ajratmaslik va oxiratni unutib yashash yomon oqibatga sabab bo‘ladi. Shuningdek, iymon zaifligi tufayli Rabbidan yuz o‘girib, gunoh ishlarga jur'atli bo‘lib qolish ham mash'um xotimaga olib keladi. Buning yuzasidan ba'zi ulamolar shunday maslahat beradilar: «Ibodatda mustahkam, ichu tashini isloh qilib yurgan odam yomon xotimaga yo‘liqmaydi. Balki aqidasi buzuq va gunoh ishlarni qilib, tavbani kechiktirgan odam hayotini yomonlik bilan yakunlaydi. Bunday xotima topishni istamagan kishiga eng foydalisi kechki uyqudan oldin biroz o‘tirib, shu kuni qilgan amallari, o‘z nafsini hisob-kitob qilib, uni taftish etishidir. Qaysi bir ishi savobli bo‘lsa, ertasiga o‘shani takror qilishi, agar aksincha bo‘lsa, uni ertasi aslo qilmaslikdir. Shunday qila olsa, tavbasini yangilab, shu kecha xotirjam uxlaydi. Har kecha uyqusi oldidan shunday qilsa, o‘sha kechasi vafot etsa, gunohlardan poklanib, tavba bilan vafot etadi. Agar shunday qila olmasa, gunohlari yuvilmay qolish ehtimoli yo‘q emas. Bu esa oxirati uchun zarardir. Binobarin, banda uchun bundan ko‘ra foydali tavba yo‘q. Shuningdek, tavba orqasidan uyqu oldida aytiladigan zikrlarni aytsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, mana shu amalga muvaffaq qilib qo‘yadi». Ibn Kasir rahmatullohi alayh: «Albatta, gunohlar, osiylik va dunyoga ruju qo‘yish kabilar o‘lim paytida o‘z egasining yomon o‘lim topishiga sababchi bo‘ladi», deydi. Ulamolar yomon xotima topish sabablariga namozga beparvolik, harom luqma yeyish, mast qiluvchi ichimliklarni iste'mol qilish, ota-onaga oq bo‘lish, zino va fahsh ishlarga berilish, sehr jodu bilan musulmonlarga zulm qilish va shu kabi yomon amallarni misol qiladilar. Yomon xotima topish alomatlaridan biri shuki, bunday insonni shayton yo‘ldan urishga erishib, oxirgi nafasida uni aldab, fitnaga soladi. Bunga ikki aka-uka qissasi misol bo‘la oladi. Qadim zamonda qirq yildan buyon toat‑ibodatda yurgan solih, mo‘min aka bilan gunohkor, osiy va fosiq uka birga yashab kelishar ekan. Kunlarning birida akaning qalbiga shayton kirib: «Qirq yildan beri Allohga ibodat qilasan. Yetar endi. Ukang qirq yildan buyon kayfu safoda. Sen ham ozgina gunoh qilsang, nima bo‘pti?» deya vasvasa qildi. Shuncha yil tinmay ibodatda yurgan akaning ko‘nglida shaytonning bu vasvasasiga moyillik paydo bo‘ldi va fikri buzilib, gunoh ishga yo‘l qo‘ydi.  Ukasi esa umr bo‘yi faqat gunoh ishlar qilganidan afsuslanib, insofga kelibdi: «Men qirq yildan beri gunoh ishlar qildim. Allohdan shuncha yuz burib yurganim yetar, bugundan boshlab tavba qilganim bo‘lsin», dedi. Natijada, aka to‘satdan vafot etib, niyati gunoh tomonga burilgani sababli ziyon ko‘rdi. Gunohkor uka tavbasi tufayli o‘limi oldidan bo‘lsa ham, najot topdi. Qissadan hissa shuki, amallar oxiriga qarab qadr topadi. Ammo inson har qancha ibodat qilsa ham, bitta gunohi tufayli hammasi barbod bo‘lishi mumkin. Shuning uchun baribir oxiri chatoq, undan ko‘ra qandingni urib qol, vaqti kelsa, bitta savobli ishing yo tavbang bilan hamma gunohlaring yuvilib ketadi, degan xulosaga kelish to‘g‘ri emas. Birinchidan, o‘lim qay vaqtda kelishi hech kimga ma'lum emas. Ikkinchidan, yaxshi amallarni qilib yurib, oxirida gunoh tomonga burilish kishi qalbida boshqalar bilmagan kirlik tufayli sodir bo‘ladi. Alloh taolo bu yashirin illatni shu dunyoning o‘zida oshkor etib qo‘yish uchun uni shunday baloga giriftor etadi. Tashqaridan qaralsa, ba'zi gunohlarni qilib yursa ham, qalbi tubida o‘sha gunohiga nafrat tuyib, tavba qilishni chin dildan istagan kishi qalbidagini Alloh taolo yuzaga chiqarib, keyin unga o‘limni yuboradi. Asosiysi, banda yomon xotima topishdan qo‘rqib, Alloh taoloning yo‘lidan og‘ishmay ibodatda bo‘lishi va tavbaga shoshilishi darkor. Shuning uchun ham Nabiy alayhissalom mana bu duoni ko‘p o‘qiganlari aytiladi: «Ey qalblarni o‘zgartirib turuvchi Zot, qalbimni diningda sobitqadam qilgin!» (Termiziy rivoyati). Duoning o‘qilishi: («Yaa muqollibal quluub sabbit qolbiy 'ala diynika»)

Ammo gunoh ishlarni qilib, tavbani orqaga surish mo‘min odamning ishi emas. Agar u bila turib tavba qilmasa, Allohga yo‘liqishdan qo‘rqib hayot kechiradi. Alloh taolo ham bunday bandaning o‘ziga ro‘para bo‘lishini aslo istamaydi. Oisha roziyallohu anhodan keltirilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga yo‘liqishni yaxshi ko‘rsa, Alloh ham unga yo‘liqishni yaxshi ko‘radi. Kim Allohga yo‘liqishni yomon ko‘rsa, Alloh ham unga yo‘liqishni yomon ko‘radi», dedilar (Ibn Moja rivoyati).

Hayotda shunday kishilar borki, hamma undan bezor. Chunki u o‘z nafsiga yoqqanini qilib, boshqalar bilan hisoblashib o‘tirmaydi. Bunday kishining vafoti tiriklar uchun musibat emas, balki rohatdir. Bu ham yomon xotima topish alomatidir. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlaridan janoza o‘tib qoldi. U zot: «Xalos bo‘libdi yoki undan xalos bo‘lishibdi», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, xalos bo‘lgani nimayu, undan xalos bo‘lishgani nima?» deyishdi. U zot: «Mo‘min banda dunyoning mashaqqatu ozorlaridan Allohning rahmatiga o‘tib qutuladi, u xalos bo‘lganidir. Fojirdan esa shaharlar, odamlar, daraxtlar va hayvonlar qutulishadi, undan xalos bo‘lishgani shu», dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Alloh taolo barchamizni yomon oqibatdan asrasin, bizni dunyo sharmandaligi va oxirat azobidan O‘zi saqlasin!

Doniyor Fayz

Mavzuga oid