O‘zbekiston | 20:20 / 15.03.2018
54067
3 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev ishi. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosa berdi

Bugun, 15 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar B. Abdullayev, H. Nasreddinov, Sh. Olloyorov va R. Salayevlarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sudining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur jinoiy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Z. Nurmatov raisligida hamda xalq maslahatchilari S. Turapova va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.

KUN.UZ muxbiri xabar berishicha, bugungi sud majlisi sudlanuvchi B. Abdullayevga nisbatan sud tomonidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasini o‘qib eshittirishdan boshlandi. Unda ekspertiza B.Abdullayevning chap yelka sohasidagi chandiq qachon va nima sababdan paydo bo‘lgani, uning jiddiylik darajasini aniqlay olishi qiyinligi ta'kidlangan. Tergov daftaridan ma'lum bo‘ladiki, 2017 yil 29 sentabrda Abdullayev MXX tomonidan qo‘lga olinib, tergov izolyatoriga olib kelinganida, uning chap yelka sohasida chandiq izlari bo‘lgani qayd qilingan. 

Bundan tashqari, Abdullayevning bo‘yin, ko‘krak, bel va umurtqa pog‘onasi sohalarida MRT o‘tkazilgan, ikki buyrak, o‘t pufagi, jigar ultratovush tekshiruvi o‘tkazilgan, tahlillar olingan. Tibbiy mutaxassislar tomonidan tekshiruvlar ham olib borilgan. Ular tomonidan biror salbiy o‘zgarishlar aniqlanmagan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida Abdullayevda o‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida somatik xastaliklar aniqlangani qayd etilar ekan, ular ham aynan tergov izolyatorida paydo bo‘lganini isbotlash imkonsiz ekani ta'kidlangan.

Shundan so‘ng, sudga raislik qiluvchi Z. Nurmatov tomonidan sud tergovi boshlanganligi e'lon qilindi. Davlat ayblovchisi ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

«Dalillarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu jarayon davomida sudlanuvchilar, guvohlar va ekspertlarning ko‘rsatmalari tinglanadi, shuningdek, ushbu ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar tekshiriladi», deya oydinlik kiritadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov.

Sud majlisi davomida sudlanuvchining ko‘rsatmalarini tinglash boshlandi.

Sud jarayoni davom etmoqda. Sudning keyingi majlisi 2018 yil 26 mart kuni, soat 15.00da bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid