O‘zbekiston | 12:45 / 19.03.2018
90912
5 daqiqa o‘qiladi

Yana «Avtotest»: ko‘nsang – shu shart, ko‘nmasang...

Ma'lumki, O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash va malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanish sohasidagi «Avtotest»ning monopol huquqi bekor qilindi va endilikda bu huquqqa belgilangan talablarga javob beradigan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari ega bo‘lishlari mumkin.

Ushbu maqolada hukumat qarori yoki boshqa qonunosti hujjatlardagi masalalarni muhokama qilishdan yiroq bo‘lgan holda, «Avtotest» tomonidan shartnomalarga kiritilgan bandlar haqida ma'lumot bermoqchimiz.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining «Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi qonunida shartnomalar tuzishning erkinligi va teng huquqliligi belgilab qo‘yilgan. Shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi.

Shu o‘rinda Vazirlar Mahkamasining qarorida nomi zikr etilgan «Avtotest Report» MChJ emas, balki «Avtotest Report» MChJ va Anna Izvekova ismli jismoniy shaxs ta'sischiligida ochilgan «Avtotest Sirg’ali» MChJ tomonidan mijozlarga taqdim etilayotgan shartnoma shartlariga diqqatni qaratsak:

1. «Avtotest Toshkent» MChJ tomonidan taklif qilinayotgan shartnomada «to‘langan pul qaytarilmaydi» degan band ham kiritib qo‘yilgan.

Aytaylik, o‘qish uchun pulni to‘lab, toki malaka oshirish boshlangunga qadar o‘sha mijoz avtotransport vositasini sotib yuborsa yoki yuridik shaxs tugatilsa, boshqacha aytganda «Avtotest» beradigan sertifikatga ehtiyoji bo‘lmasa ham, to‘langan pulni qaytara olmaydi. Xatga tushding - o‘tga tushding, deganlaridek, bu vaziyatda yuridik shaxs «pulga tushib» qoladi.

Shartnomadagi «to‘langan pul qaytarilmaydi» qoidasining eng qiziq tomoni, aytaylik ma'lum muddat o‘tib Vazirlar Mahkamasi o‘z qarorini o‘zgartirsa hamda yuridik shaxslarning sertifikat olish tartibi butunlay bekor bo‘lsa ham, garchi hali malaka oshirish boshlanmagan va «Avtotest» mijoz uchun yarim kun ham xizmat ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, lekin hisobiga tushgan pullarni qaytarmaydi.

2.Shartnomada (rus tilida) tinglovchi 8 akademik soat (4 para) mashg‘ulotlarda ishtirok etmagan bo‘lsa, o‘qishdan chetlatilishi belgilangan. Bunday vaziyatda mijoz qaytadan pul to‘lab, haydovchisini malaka oshirish kurslarida boshidan o‘qitishga majbur bo‘ladi.

Shartnomaning boshqa bir bandida malaka oshirish kursi boshlangach, tinglovchi ikki kun ichida o‘qishga kelmasa, tinglovchilar safidan chiqarilishi va kurslarga qo‘yilmasligi belgilangan.

Biroq, shartnomada tinglovchi darsga uzrli sabablarga ko‘ra kela olmasa, istisno qilinishi haqida qoida ko‘rsatilmagan.

Bundan chiqdi, yuridik shaxs haydovchisining malaka oshirish davrida kasal bo‘lishga, (xudo ko‘rsatmasinu) yaqin qarindoshlaridan birortasi vafot etib qolsa, uning ta'ziyasida ishtirok etishga yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan hayotiy zaruratlarini amalga oshirishga haqqi yo‘q. Chunki, har qanday uzrli sababni «Avtotest» tan olmaydi.

Aslida «Avtotest» dastlabki shartnomalarida «8 soat darsga kelmasa, xoh u sababli bo‘lsin, xoh u sababsiz bo‘lsin, baribir o‘qishdan chetlatiladi» degan qoida mavjud edi. Keyinchalik, shartnomani biroz tahrirlab, sabablarga oid qismini chiqarib tashlashgan, lekin bu shunchaki yuridik hiyla hisoblanadi. Ya'ni, shartnomaning hozirgi holatida ham uzrli sabablar tan olinmaydi, bu ko‘rsatilmagan.

Hurmatli korxona, muassasa va tashkilotlar!

Kelgusida «Avtotest Sirg’ali» va boshqa hududiy MChJlar bilan shartnomani tuzishda, shartnomaning bir tarafi sifatida erkin ekanligingizni unutmang. Garchi Vazirlar Mahkamasi qarorida malaka oshirish sertifikati olish majburiyat sifatida belgilangan bo‘lsa-da, lekin qanday shartlardagi shartnoma asosida o‘qishingiz kerakligi yozib qo‘yilmagan. Shartnomalarni sinchiklab o‘qib chiqing, agar Sizga ma'qul kelmaydigan qismi bo‘lsa, unda rasman yozma ravishda «Avtotest»ga murojaat qiling. O‘zini hurmat qilgan kompaniya albatta mijozlari bilan hisoblashishga majbur.

Agar o‘zgartirmasachi..?! Unda bilmadik, 1 iyundan boshlab jarima to‘lashga majbur bo‘lasiz, shekilli. Yoki ma'muriy ishlar bo‘yicha odil sudlar «Avtotest» bilan yozishmalaringizni, kompaniya faqat o‘z manfaatlari ko‘zlangan shartnoma shartlarini o‘zgartirishga rozi bo‘lmaganligini, buning natijasida shartnoma tuzilmaganligini uzrli sabab deb toparmikin, bunisi bizga qorong‘i.

Dilshod Abdukadirov

Mavzuga oid