Jahon | 23:30 / 21.03.2018
14380
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya to‘xtamoqchi emas

Foto: Anadolu

Suriya shimolida «Zaytun novdasi» amaliyoti boshlanganidan buyon amaliyot doirasida 3698 nafar terrorchi o‘ldirilgan. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Iroqning Sinjar tumani hududida ham Kurdiston ishchilar partiyasiga mansub kurdlarning 38 nafar jangarisi o‘ldirilgan.

«Agar hammasi shunday saqlanib qolsa, biz davom etamiz», - deya qayd etgan Erdo‘g‘an.

Prezident, shuningdek, Anqara tomonidan shu vaqtgacha e'lon qilinmagan amaliyotning boshqa maqsadlari haqida gapirgan.

«Ular Manbijni tark etmadi. Ammo ularning Manbijda bo‘lishga haqlari yo‘q», - deya qayd etgan Erdo‘g‘an.

Uning qayd etishicha, Turkiya «Manbijdagi terrorchilar yo‘q qilinmagunicha» to‘xtamaydi.

«Turkiya bu yo‘lga kirib bo‘lgan, bizni hech kim to‘xtata olmaydi», - degan Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari Vashingtonning munosabatiga ham javob qaytarib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi barcha chegaralarni kesib o‘taveradigan AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya bo‘yicha bayonot berishdan tiyilishi kerak.

«Tramp nomidan gapirayotganlar o‘zlari nima deyayotganlarini tushunishmaydi», - deya qayd etgan u.

Turkiya yanvar oyi oxiridan Suriyaga kirib «Xalq o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchari» bo‘linmalari va «Demokratik ittifoq» partiyasiga mansub kurdlarga zarbalar berdi va mart oyi boshida Afrinni egalladi.

Mavzuga oid