«O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkmanim...»
«Do‘stlik bog‘idagi ma'sus xushkalom,
Vafo shoxidadir Navoiy mudom», deya o‘z do‘sti va hammaslagiga mehru muhabbatini bildiradi so‘z va hikmat piri Abdurahmon Jomiy.
«Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish», deb jumlai jahonni do‘stlikka chorlaydi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy.
«Maxtumquli, jon mehmondir, gavda – losh,
Yaxshiga do‘st ko‘p, yomonga yo‘q qardosh...», deb olam ahlini ogoh qiladi vijdon va imon jarchisi Maxtumquli-Firog‘iy.
«Do‘sti yo‘q bilan sirlash, do‘sti ko‘p bilan siylash...», deydi donishmand Abay.
«Agar bizning bobolarimiz Turkiston deb atalmish umumiy uyda yashagan bo‘lsalar, bitta tilda so‘ylashib, bitta tilda yozgan bo‘lsalar, xo‘sh, nima uchun biz yo‘q joydan muammo chiqarib, boshimizni og‘ritishimiz kerak ekan?!» deydi XX asarning eng yirik yozuvchilaridan biri Chingiz Aytmatov.
Bu bitiklarni o‘qirkanmiz, xalqlarimizning eng ulug‘ namoyandalari, daho farzandlari hamisha do‘stlik-birodarlikni ulug‘laganini, bu borada avlodlarga o‘rnak bo‘lganini va bizning ham et-tirnoq bo‘lib, ahil-totuv yashashimizni orzu qilganlarini ilg‘aymiz.
Ming afsuski, tarix g‘ildiragi hamisha ham bizning ra'yimizga qarab aylanmadi. Yov mafkurachilari bizni imkon qadar bo‘lishga, parchalashga, bir-birimizga begona qilishga intildilar. Va... muayyan darajada maqsadlariga erishdilar ham. Bunday yovuz niyatli kuchlar, shubhasiz, bugun ham yo‘q emas. Taassufki, ularning g‘arazli o‘yinlarini har doim ham sezavermaymiz, hatto ba'zan, bilib-bilmay nayranglari ta'siriga tushib qolamiz.
Bugun – har bir kunimiz turfa o‘zgarishlar, tashabbuslar bilan bezanib, chinakam NAVRO‘Z – YaNGI KUNga aylanayotgan chog‘da, qalblarimizni birdamlik nafasi qamrab olgan pallada dunyoga ochiq ko‘z, tiyrak idrok ila nigoh tashlashimiz shart.
Zero, jo‘shqin yangilanish kayfiyati bugun nafaqat yurtimizni, butun Markaziy Osiyo mamlakatlarini qamrab olgan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Va, g‘urur bilan ta'kidlaymizki, bu jarayon aynan O‘zbekistonning ochiq, do‘stona siyosatidan, o‘zaro manfaatli, hayotbaxsh tashabbuslarni o‘rtaga tashlayotganidan kuch olyapti. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ta'biri bilan aytganda: «O‘zbekistondagi islohotlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda».
Chindan ham, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni kuchaytirish tashqi siyosatimizdagi eng muhim tamoyillardan biri deb belgilanishi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning birin-ketin Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonga uyushtirgan nihoyatda samarali, tarixiy tashriflari butun Markaziy Osiyodagi vaziyatni, obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, mintaqaning ob-havosini tamomila o‘zgartirib yubordi.
Uzoqqa bormasdan, o‘tayotgan mart oyidagi muhim voqealarga nazar tashlaylik: Yurtboshimizning Tojikistonga qilgan davlat tashrifi, Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining ilk maslahat uchrashuvi va kuni kecha Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Navro‘z bayramini Samarqandda qarshi olgani – qanday buyuk tarixiy evrilishlar davrida yashayotganimizni ko‘rsatib turibdi.
Bu o‘zgarishlardan Markaziy Osiyoda yashayotgan barcha xalqlar birday mamnun bo‘lmoqda. Ommaviy axborot vositalaridagi hayajonli chiqishlarni ko‘rib ko‘ngling yashnaydi. Ayniqsa, internet saytlaridagi materiallar ostida oddiy fuqarolar qoldirayotgan izoh va munosabatlarni o‘qib, diling yayraydi: ularda qo‘shni davlatlarda yashayotgan qardoshlarimizning O‘zbekistonga, xalqimizga, davlatimiz rahbariga bo‘lgan samimiy mehri, minnatdorligi, ehtiromi aks etyapti.
Demak, ag‘yorlar harqancha urinmasin, qondoshlik rishtalarini uza olmagan ekan-da. Ne toleki, ko‘hna tarixiy xotiramiz yana uyg‘onib, barchamiz bitta, yaxlit xalq ekanimizni idrok etyapmiz. O‘tmishimiz, bugunimiz va kelajagimiz yagona ekaniga astoydil iqror bo‘lyapmiz. Nimagaki erishsak, hamjihatlikda, birlikda erishishimiz mumkinligini teran anglab yetyapmiz.
Mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan qo‘shni bo‘lgan yagona davlat sifatida O‘zbekiston do‘stlik, birdamlik halqasini tobora mustahkamroq bog‘layapti. Bu ezgu tashabbusga qardoshlarimizning xayrixohligi esa, tabiiyki, dilimizni, ruhimizni ravshan qilyapti.
Bugun – og‘izbirlik, yakdillikni ulug‘lab, shu yo‘lda kurashib o‘tgan bobolarimizning ruhlari shod bo‘layotgan kun.
Bugun – tomirlarimizdagi tug‘ishganlik, jigarbandlik qudrati bor bo‘yi bilan o‘zini namoyon qilishga chog‘langan palla.
Bugun – millatning oydin, ziyoli vakillari yalovbardor bo‘lib, xalqlarimizni yanada jipslashtirishga bor kuchini, iste'dodini sarflaydigan payt.
Zero, ruhlar, qalblar, maqsadlar yakdil bo‘lsa, bizni hech qanday kuch ajrata olmagay!
Mening quyidagi she'rimni shu yo‘ldagi kichik bir urinish deb qabul qiling. Koshki, bu arzimas she'rimni Buyuk Do‘stlik Qasrining ulug‘vor peshtoqiga kichik ko‘zmunchoqday osib qo‘ya bilsaydim!
BESh GANJ
Dunyo – inja gulli, rango-rang gilam,
Bir xildir dildagi ramzu naqshimiz.
Bir daryoni kechib Go‘ro‘g‘li bilan,
Bir qo‘shiqni kuylar o‘zan, baxshimiz,
Maxtumquli bayti – mayog‘im manim,
O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkmanim.
Musht bo‘lib tugilgan yondosh besh barmoq,
Mardligi ming doston, afsona bo‘lgan.
Yassaviy izidan Haq sari bormoq
Yo‘lida tabarruk ostona bo‘lgan,
Abay o‘lanlari – to‘zimsiz bog‘im,
O‘zbek, tojik, turkman, qirg‘iz, qozog‘im.
Jonimiz tutashdir olam joniga,
Zaminga tog‘larday otganmiz tomir.
Hazrati Jomiyning qutlug‘ jomiga
Obi hayot quygay mo‘ysafid Pomir,
Chashmaday musaffo, bag‘ri ochig‘im,
O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojigim.
Do‘stlar sharafiga to‘shalgan kigiz
Momolar bostirgan shirdoqday mahkam.
Manasday zabt etdi o‘zga bir Chingiz
Chingizxon yetmagan yuraklarni ham,
Pokiza hislari – toza qimizim,
O‘zbek, turkman, tojik, qozoq, qirg‘izim.
Besh ganjdek tizilgan bu noyob halqa,
Buyuk Navoiyning besh dostonidek.
Ne baxtki, mansubman shu ulug‘ xalqqa –
Fitnalar zaxmiga qo‘ya olgan chek,
Abadiy do‘stlikdan mangu so‘z degum,
Turkman, tojik, qirg‘iz, qozoq, o‘zbegim!
Nodir Jonuzoq
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
16:43 / 07.12.2024