Sport | 13:20 / 27.03.2018
16567
3 daqiqa o‘qiladi

Zo'r TV jahon chempionati translyatsiyasini qo‘lga kiritishi mumkin

Foto: Getty Images

Zo'r TV telekanali Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati o‘yinlarini O‘zbekistonda namoyish etish huquqini sotib olish bo‘yicha taklif bilan chiqqan. Bu haqda Tribuna.Uz manbalari xabar bermoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda JCh televizion huquqini Markaziy Osiyo mamlakatlariga sotish bo‘yicha vakolatli vakillikka bir yo‘la ikkita telekanaldan taklif tushgan. Ularning biri O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) bo‘lsa, ikkinchisi Zo'r TV telekanali bo‘lgan.

Qayd qilinishicha, JCh o‘yinlari translyatsiyasi ikki kanal kelishuvi asosida teng taqsimlanishi va o‘yinlar ikki telekanalda ham namoyish etilishi mumkin. Biroq buning uchun ikki kompaniya o‘zaro kelishib, translyatsiya huquqini sotib olish uchun birgalikda taklif berishi kerak bo‘ladi.

MTRK raisi Alisher Xadjayev o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida futbol translyatsiyalarini sotib olish bo‘yicha nodavlat telekanallari bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirgan.

«O‘zbekiston MTRK tomonidan futbol muxlislari uchun juda qiziqarli bo‘lgan millionlar o‘yini hisoblangan futbol bo‘yicha Jahon, Osiyo, Yevropa chempionatlari va Yevropa davlatlarining milliy chempionatlari uchrashuvlarini translyatsiya qilish, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish huquqlarini olish bo‘yicha tegishli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. MTRKning mazkur huquqlarni olishdan maqsadi faqat daromad olish emas, balki turli darajadagi futbol uchrashuvlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya orqali millionlab muxlislarning sport o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishini qondirish va futbolni xalqimiz orasida yanada ommalashtirishdir. Futbol translyatsiyasidan tushgan mablag‘larni MTRK asosan translyatsiya huquqini sotib olish uchun sarflangan xarajatlarni qoplashga yo‘naltiradi.

O‘zbekiston MTRK yuqoridagi ko‘rsatilgan huquqlarini respublikadagi boshqa Nodavlat telekanallari bilan bo‘lishishga tayyorligini bildiradi. Shu bilan birga huquqlarni xarid qilishda birgalikda ishtirok etishga taklif qiladi (dolevoye uchastiye pri priobretenii sootvetstvuyushchix prav).

Bunda telekanallarning o‘zlari tomonidan hamkorlikda olingan o‘yinlarni translyatsiya qilishdan tushgan daromadlari o‘sha telekanalning o‘zida qoladi», deb yozgan Xadjayev o‘zining sahifasida.

Mazkur post ostida nodavlat telekanali deganda «Zo‘r TV» telekanali nazarda tutilyaptimi, qabilidagi savolga Xadjayev «Ha», deb javob qaytargan.

Mavzuga oid