O‘zbekiston | 10:02 / 03.04.2018
59312
5 daqiqa o‘qiladi

Minorai Kalon “O‘lim minorasi”mi?

Foto: Livejournal

Ibn Battutaning “Sayohatnoma”sida Chingizxon haqida shunday ma'lumot berilgan: “Chingiz Movarounnahrni bosib oldi, Buxoro, Samarqand, Termizni vayron qildi... Ammo keyin Buxoro va Samarqand aholisini afv etib, ularga tegmadi va Iroqqa qaytib ketdi”. Bu kitobda Chingizxon mazkur shaharlarni nima sababdan afv etgani haqida ma'lumot yo‘q. 

Lekin bu haqda ko‘plab tarixiy manbalarda zikr etilgan bir voqea bor: 1220 yil mo‘g‘ul qo‘shinlari Buxoroi sharifga yopirilib kiradi. Hukmdorning buyrug‘i bilan shaharni bir boshdan buza boshlaydilar. Shu jarayonda Chingizxon Arslon minorasini yaqindan kelib tomosha qila boshlaydi. Kutilmaganda, boshidagi tulki terisidan tikilgan qalpog‘i uchib ketib, oti hurkib orqaga tisariladi. Shunda “Minora ilohiy ekan, ta'zim bajo keltirmaganim uchun menga g‘azab qildi”, degan fikr uning xayoliga keladi. Shundan so‘ng Chingizxon  bu muqaddas dargohni buzdirmaydi va minoraning sharofati bilan shaharning markaziy, janubiy va g‘arbiy qismlari omon qoladi.

Minorai Kalon Qoraxoniylarning so‘nggi hukmdori bo‘lmish Amir Arslonxon tomonidan 1124-1127 yillarda qurdirilgan. Uning umumiy balandligi 50 metrga yaqin. Minoraga chiqiladigan zinalarning soni 104tani tashkil etadi.

Qoraxoniylar davrida masjid imomlari u yerdagi aniq quyosh soatiga qarab, shahar ahlini namozga da'vat etib turganlar. 

Minora tepasining yopiq o‘chog‘idagi olov o‘n metrlardan oshiq balandlikka ko‘tarilib, gurillab yonib, kechasi chor-atrofni yoritib turgan. Buxoroi sharifga kelayotgan karvonlar adashmay yo‘l topib kelgan bo‘lsa, yaqin atrofdagi mahalla ahli sayillar uyushtirgan, bolalar esa kechalari bemalol o‘ynab yurishgan. Masjidga namozga kelayotganlar qish-qirovli kunlarda fonus ko‘tarib yurish tashvishidan qutilishgan.

Sayyohlar Minora tepasiga chiqib, go‘zal shahar va yam-yashil daraxtlar bilan qurshalgan qishloq, dala-dashtlarni zavq bilan tomosha qilishgan. 

Ammo 1920 yil 20 sentabr kechasi Frunze boshliq bosqinchilar Buxoroi sharifni to‘plardan o‘qqa tutib, vayron etishadi. Arslon Minorasining ham 7-8 joyini o‘q teshib o‘tadi. Bu ham yetmaganday ko‘chalarning qor va yomg‘ir suvlarini uning tagiga oqizib qo‘yadilar...

Bugungi kunda noyob yodgorlik namunasi bo‘lmish Minorai kalon O‘zbekiston javohirlaridan biri sifatida ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylanmoqda. U sayyohlarning diqqat markazidagi maskanlardan sanaladi. 

Shu o‘rinda aytmasak bo‘lmaydigan bir gap: Ayrimlar bu tarixiy binoni “O‘lim minorasi” deb ataydilar. Bu o‘ta sovuq va noto‘g‘ri talqindir. Chunki tarixchilarning fikricha, bu minora hech qachon qatl uchun xizmat qilmagan. Tarixda amir yo xon biror kishini minoradan tashlab o‘limga mahkum qilgan emas. Faqat bir o‘rinda yozuvchi Sadriddin Ayniyning yozishicha, vobkentlik Fayzi Avliyo degan kishi Buxoroi sharifga kelib, mablag‘ topib, o‘z hamqishloqlariga ko‘mak berib turgan. Hatto u bir gal Minora tepasidagi amir bayrog‘ini ham o‘g‘irlab ketgan ekan. Amir bir necha begunoh odamlarni zindonga solgach, Fayzi Avliyo bo‘yin egib kelib, ularni ozod etishni so‘raydi. Bu mardligi uchun Amir uning gunohidan o‘tadi. Ammo saroy a'yonlari bunga rozi bo‘lmaydilar. Shunda Fayzi Avliyo o‘zining o‘z manfaati uchun gunohga botadigan o‘g‘rilardan emasligini aytib, o‘zini shu minoradan tashlagan ekan. 

Bu voqeaning tarixiy haqiqat yoki yolg‘onligi ham isbotlanmagan. Shunday ekan, bu go‘zal va qadimiy bino sovuq nomlar bilan atalmasligi kerak. 891 yoshlik qo‘hna va betakror Minorai Kalonga “Buxoroning go‘zal Kelinchagi”, “Buxoroi sharifning go‘zal Malikasi”, “Buxoro posboni” yoki “Arslon minorasi” kabi nafis ismlar esa, albatta, yarashadi.
 

Mavzuga oid