Sport | 16:42 / 07.04.2018
28161
6 daqiqa o‘qiladi

PFL qaroriga munosabat: «Paxtakor» yana mag‘lub, g‘olibga yana jarima

Foto: Pfcbuxoro

«Paxtakor»ning mag‘lubiyati va chempionatdagi bir necha yuz million so‘mlik jarima — 2017 yilning sentabridan beri bu ikki voqelik yonma-yon yurishiga o‘rganib qoldik. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi (hozirgi Assotsiatsiya) rahbariyati o‘zgarganidan beri («Paxtakor»ga juda yaqin odamlar uning tepasiga kelganidan beri, deb o‘qing) «Paxtakor»dan ochko tortib olgan deyarli har bir klub u yoki bu darajada jabrlandi. Yo biror futbolchisi chetlatiladi, yo jamoaga jarima solinadi. Jarimalar miqdori esa oydan oyga oshib bormoqda.

Superliga 2-turidagi «Bunyodkor» bilan bo‘lgan o‘yin hisobmas — «Bunyodkor» bu o‘yingacha yarim milliard so‘mlik jarimaga tortilib bo‘lgan edi — bir oy ichida «Bunyodkor»dek klubga ketma-ket ikkinchi marta bir necha yuz million so‘mlik jarima solinishi eng-eng tepadagilarni ham O‘FA rahbarlari o‘z o‘rniga haqiqatan ham loyiqmi-yo‘qmi, deb ikkilantirib qo‘ygan bo‘lardi, xoynahoy.

Shunday qilib, «Nasaf» — «Paxtakor» o‘yinini eslang. Toshkent klubi uni grand klubga aylantirish uchun olib kelingan gruziyalik jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bilan birga nima qilib tashlandi, hamma ko‘rdi (buni «Paxtakor» rahbarlari ham ko‘rganiga transfer bozorida guvoh bo‘ldik — qishda «Nasaf»ning bir necha futbolchisi «sher»ga aylandi). Keyin «Nasaf»ga 100 million so‘m jarima solindi — jamoa muxlislari Lobanovni haqorat qilgani uchun (to‘g‘ri, «Paxtakor»ga ham 50 million so‘m jarima solindi — Lobanov «Nasaf» muxlislarini haqorat qilgani uchun).

Endi, kechagi voqea. Aybsiz aybdor — «Buxoro». Aybdor bo‘lgani uchun jazolangan ham — «Buxoro». «Buxoro»ning eng asosiysi aybi — menimcha — «Paxtakor»ni mag‘lub etgani. Jazo esa, PFL saytining yozishicha, «Buxoro» muxlislari uchrashuvning «20, 26 va 55-daqiqalarda hakamni, 40- hamda 56-daqiqalarda esa raqib jamoani haqoratlashdan tiyilmagani» uchun. Jazo jarima ko‘rinishida — «atigi» 300 million so‘m (uning miqdori 500 million so‘m bo‘lishi ham mumkin edi).

Bilasizmi, bu yilgi chempionatning eng asosiysi yangiligi nima? Barcha, deyarli barcha uchrashuvlar televideniye orqali ko‘rsatilyapti, o‘yinlarning videosini internetda ham qayta-qayta ko‘rish mumkin. «Buxoro» muxlislari kechagi o‘yinda hakam va «Paxtakor» futbolchilarini haqorat qilganini rad etmoqchi emasman, ularni oqlash niyatim ham yo‘q. Faqat, shunday haqoratlar avvalgi turlarda boshqa stadionlarda ham yangraganini, lekin bu haqoratlardan so‘ng PFLning vallomatlari «klub muxlislari bilan ham ishlasin, ularni tartibga chaqirsin» deb aql o‘rgatib chiqmagani, 300 million so‘mlik jarimalari yozilmaganini eslatmoqchiman, xolos.

O‘FA, PFLda do‘stlarimiz, yaxshi tanishlarimiz ko‘p. Ulardan kimdir mana shunaqa mantiqsiz jarima qarorlarini o‘ylab topayotgan odamlarga tushuntirishi kerak, menimcha. Ko‘rgan bo‘lsangiz, O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi ham aytyapti: «Yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bir kunda, bir haftada, bir oyda hal qilib bo‘lmaydi», — deb. Futbol muxlislarimiz yillar davomida hakamlar va futbolchilarni so‘kib kelgan, 300 million so‘mlik jarimalar bilan bir kunda tarbiyalab bo‘lmaydi. Umuman, ularni stadionda tarbiyalashga urinishning o‘zi mantiqsiz (ularni, iloji bo‘lsa, hech bo‘lmasa bog‘chadan boshlab tarbiyalash kerak edi). Bu, birinchidan.

Ikkinchidan, hech bo‘lmasa ma'lum muddat bunday jarimalarni «Paxtakor»dan uzoqroqda, «Paxtakor» aralashmagan o‘yinlar atrofida, «Paxtakor»ni tilga olmay qo‘llagan ma'qul. Uchinchidan, «qaror qat'iy, muhokamaga o‘rin yo‘q» desangiz, jarima solmasang bo‘lmaydi deb qo‘yishmayotgan bo‘lsa, unda, yaxshisi, shunaqa jarima qarorlarda hech-yo‘g‘i tadrijiylik bo‘lsin — so‘kong‘ich muxlisli klublarni faqat «Paxtakor» ochko boy bergan o‘yinlardan keyin emas, har doim, har turda jazolang. Kuchingiz yetsa, turib berolsangiz, chiday olsangiz, albatta.

Muhrim A'zamxo‘jayev

Yandeks. Dzen blogidan olindi.

Mavzuga oid