Fan-texnika | 22:35 / 10.04.2018
18420
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik yigit Apple'dan 1 million dollar talab qildi 

Foto: TASS

Smolensk fuqarosi yuzdan taniy oluvchi Face ID funksiyasiga ega iPhone X smartfonini ukasi blokdan yecha olganidan keyin Apple kompaniyasining Rossiyadagi vakolatxonasiga shikoyat bilan murojaat qildi. Yigit qurilmani almashtirishni va kompensatsiya sifatida 1 million dollar to‘lashni talab qilmoqda. Bu haqida shikoyatchining yuristi Roman Ardikutsa TASS agentligiga xabar berdi

"Menga ikki aka-uka murojaat qilishdi. Biri 21 yoshda, ikkinchisi - 15. Gap shundaki, ularning ikkisi ham telefonni blokdan yecha olgan. Bu esa bank ma'lumotlari, suratlar, yozishmalar - telefondagi barcha ma'lumotlarga kirish imkoni degani. Biz ishlab chiqaruvchi kompaniyadan ish sudgacha bormasidan 1 million dollar to‘lashni talab qildik", - deydi yurist.

Ardikutsaning izoh berishicha, yangi telefon modelini tanlashda uning mijozini aynan Face ID funksiyasi qiziqtirgan, shuning uchun u qimmatbaho modelni deyarli 92 ming rublga xarid qilgan. Shundan kelib chiqib xulosa qilinadiki, mijoz nosoz funksiya uchun keragidan ortiq pul to‘lagan.

Shikoyat xatida ta'kidlanishicha, kompaniya ushbu e'tirozga 10 kun ichida javob bermasa, xaridor sudga murojaat qiladi. 

Mavzuga oid