Light | 21:49 / 10.04.2018
33994
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zgalar fikri siz uchun muhim ekanidan dalolat beruvchi 10 ishora

Foto: lifehacker.ru

Insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, qat'iyati va o‘z hayoti uchun javobgarligi ustida ishlashi kerakligiga ishora qiluvchi shunday belgilar borki, ularni o‘zingizda sezishingiz bilan vaziyatni tuzatishga kirishing. "Layfxaker" shunga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

1. Birovlarning ehtiyoji deb o‘zingiznikidan voz kechasiz

Agar siz doim birovlarga yordamga keladigan, hech qachon tashlab ketmaydigan, jamoa "yuragi" va dunyodagi eng yaxshi do‘st bo‘lsangiz, bu sizga "qimmat"ga tushmayaptimi - tahlil qilib ko‘ring. Ba'zan atrofda hamma og‘irligini sizga tushirayotgandek tuyulayotgan bo‘lishi mumkin, chunki ular sizning o‘z reja va istaklaringizdan kechib bo‘lsa-da,  atrofdagilarni qutqarishga shay ekaningizni juda yaxshi bilishadi.

Yordam berish — normal va to‘g‘ri holat. Biroq yaxshi taassurot qoldirish maqsadida o‘zingizga ziyon yetadigan qilib harakat qilmang. Kezi kelganda "yo‘q" deyishni o‘rganing.

Foto:femeia.ro

2. Doim gapingizni tasdiqlashlarini kutasiz

Sizni birov maqtamaguncha mehnatingiz natijalaridan qoniqish hosil qilmaysiz. Bu ishga ham, kundalik yumushlarga ham tegishli. Masalan, kiyimingizni almashtirish uchun uyga qaytayapsiz, chunki sizning obrazingiz ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p "like" yig‘a olmadi, holbuki ko‘zguga qaraganingizda hammasi joyida edi.

O‘zingizni birovning fikridan kelib chiqib emas, obektiv ko‘rsatkichlarga ko‘ra baholang. Masalan, professionallik xususiyatlaringizga rahbarning maqtoviga qarab emas, kompaniya sotuvlarining o‘sishiga qarab baho bering.

Foto: Sova Psixolog

3. Birovlarning ishonchini oqlashga harakat qilasiz

"Qochoq kelin" filmidagi sahnalardan birida ma'lum bo‘lishicha, bosh qahramon ayol har bir "nomzod"ga aynan o‘sha insonga yoqadigan tuxum turi yoqishini aytadi. Oxir-oqibat qizning o‘zi o‘ziga nima yoqishini tushunmay qoladi.

Birovlarning ishonchini oqlashga harakat qiladigan kishilarda vaziyat bundan-da jiddiy. Har bir suhbatdoshingiz uchun o‘zingizni o‘zgartirayotganingizni sezsangiz, ichki qat'iyatni izlash va o‘zingizning kim ekaningizni anglash vaqti keldi.

4. O‘z hayotingiz uchun javobgarlikni boshqalarga yuklaysiz

Bir tomondan, barchasi mantiqqa to‘g‘ri keladi: atrofdagilar sizning hayotingizga shu qadar kuchli ta'sir qiladiki, sizning muvaffaqiyatlaringiz yoki muvaffaqiyatsizligingiz aynan ularning gap-so‘zlari va xatti-harakatlariga bog‘liq bo‘ladi. Biroq bunday vaziyatni sog‘lom deb atash qiyin.

Komil inson o‘z hayoti uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi va har bir xatti-harakatni ehtimoliy xavf va asoratlarni inobatga olgan holda baholaydi.

5. Konstruktiv bo‘lmasa ham, birovlarning fikrini ko‘ngilga yaqin olasiz

Siz hammaga yoqishi mumkin bo‘lgan 100 dollar emassiz, biroq har qanday e'tiroz sizga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. "Barcha gumanitarlar ahmoq" qabilidagi izoh sizni sevimli ishingizni tashlashga va muhandislikka o‘tishga majbur qilishi mumkin. Boz ustiga, plastik operatsiyaga ham pul yig‘asiz, chunki kuni kecha navbatda turganingizda birovning "mana bu burundor kishidan keyinman" deganini eshitib qoldingiz.

Atrofimizda faqat aqlli odamlar bo‘lmaydi, shu bois ularning ba'zi so‘zlarini shunchaki eshitmaganga olish kerak. 

6. Siz yolg‘izlikdan qo‘rqasiz

Birovning fikriga tobe'ligingizdan ichki olamingizda ham beqarorlik bo‘ladi. Shu bois tashqi moderatorsiz qolish imkoni vahima uyg‘otadi.

O‘z fikringizni ustuvor qilib belgilab qo‘ying va qo‘rquv hissi o‘tib ketadi.

Foto:azilka.ru

7. Biror nimani mustaqil bajarishga qo‘rqasiz

Ishxonada muhim loyihadan voz kechasiz, xobbi yoki biznes uchun g‘oyalarni keyinga qoldirasiz va qachon oxirgi marta yangi hamda qiziq ishga qo‘l urganingizni yoddan chiqargansiz. Sizni zaif jihatlaringizni ko‘rsatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatsizlik qo‘rquvi boshqaradi.

Xato qilish — bu normal holat. Ba'zan hammasiga ulgurish uchun tavakkal qilishga to‘g‘ri keladi.

8. Siz birovlarning umidi uchun mas'uliyat his qilasiz

Birovga tobe' inson boshqa odamlarning umidlarini o‘zinikidek his qiladi va ularni oqlamaslikdan juda qo‘rqadi. Shu tariqa siz ota-onangiz umidini oqlash uchun huquqshunos bo‘lasiz, chunki ular shuni xohlashgan, tezda uylanasiz, chunki do‘stlaringiz "qachon uylanasan, vaqti keldi-ku" deyaverib charchatadi va siz aynan ular to‘y qilgan restoranni band qilasiz va h.k.

Birovlarning umidi — sizning muammoingiz emas.

9. Birovning maslahatisiz qaror qabul qila olmaysiz

Agar siz ishingiz yoki yashayotgan mamlakatingizni o‘zgartiradigan bo‘lsangiz, yaqinlaringizning bu haqida qanday fikrda ekanini so‘rash tabiiy. Ularning fikri to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi. Biroq gap kundalik yumushlar haqida borganda birovning maslahatiga ehtiyoj sezish tobe'likdan dalolat beradi.

10. Ortingizdan gapirilgan har qanday gapni ko‘nglingizga yaqin olavermang

Atrofingizdagi odamlar gaplashayotib kulib yuborsa, xuddi sizni muhokama qilayotgandek tuyuladi. Kimningdir muhokama qilishi ham, boshqa birovning qoralashi ham tabiiy holat. Biroq qanchalik ayanchli eshitilmasin, aksariyatning siz bilan ishi ham yo‘q.

Mavzuga oid