Jamiyat | 12:20 / 16.04.2018
17469
7 daqiqa o‘qiladi

Pochtachilikdan yozuvchilikkacha. Chingiz Aytmatov hayotidan xotiralar

Foto: Sputnik

Buni hayot deydilar. Bu hayotda ba'zan odam o‘zi xohlamagan ishni ham qilishga majbur bo‘ladi. Ayniqsa, xalq boshiga og‘ir kunlar tushganda qalbning, yurakning xohishi bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi. Aslida tinch, osoyishta zamonda xat tashuvchini ko‘rganda uni xush kayfiyat bilan kutib olish, rahmat aytib kuzatish oddiy hol. Ammo dahshatli urush girdobida farzandlari, turmush o‘rtog‘i yoki otasining sog‘-omon qaytishini Xudodan yolvorib so‘rab turgan odamlar pochtachini ko‘rganda Azroilni ko‘rgandan ham yomonroq ahvolga tushishgani tayin. Chunki u paytlarda pochtachilarning asosiy ishi «qoraxat» tashish bo‘lgan. Ko‘plab go‘zal asarlar muallifi, nafaqat qirg‘iz xalqining, balki jahon kitobxonlarining mehriga sazovor bo‘lgan yozuvchi Chingiz Aytmatov urush yillari, o‘smirlik paytlari pochtachi bo‘lib xizmat qilgan. Inson qalbining bilimdoni, mutafakkir adib ayni shu paytlarda yuragidan nimalarni o‘tkazdi ekan-a?..

Yozuvchining bolalik xotiralarida urush yillari Shaker ovulida pochtachilik qilgani va soliq yig‘uvchi «finagent» bo‘lib ishlagani juda ta'sirchan ifodalangan: «Ovuldan biror oilaga qoraxat kelsa, oqsoqollar oldiga borib, ularga tushuntirar edik,— deb yozadi adib.— Ular avval halok bo‘lgan kishining qarindoshlarini chaqirib, bo‘lgan voqeadan xabardor qilib, o‘zaro maslahatlashgach, so‘ng meni ergashtirib, marhumning uyiga borishardi. Men oila a'zolariga qoraxatni o‘qib berardim... Ovulimizdagilar meni yaxshi tanishardi. Ular menga yomonlikni ravo ko‘rishmasdi, kimgadir qoraxatni topshirmoq, o‘limning sovuq xabarini yetkazmoq zimmamga yuklangan vazifa ekanini tushunishardi. Ammo, gohida o‘z ishim bilan ko‘chalaridan o‘tib borayotgan bo‘lsam ham ayollar meni ko‘rib uvvos solishardi: «Yaqinlashma biznikiga, yo‘qol qorang o‘chgur. Qani, daf bo‘l-chi!» deb qarg‘ashardi.

«Tarixning notantiligi shundaki, — deydi adib yana bir o‘rinda, — insoniyat tarixida bo‘lib o‘tgan ne-ne qirg‘inbarot urushlarning million-million qurbonlari, qatliomlarning begunoh jabrdiydalari unut bo‘lib ketadi. Unut bo‘lib ketdi ham. Har qanday urush, eng avvalo, tinch aholi boshiga behisob kulfatlar, azob-uqubatlar olib keladi. Urush kelib chiqishiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan begunoh kishilarning, norasidalarning yostig‘i quriydi. Afsuski, bu qurbonlar xalq xotirasida umumiy bir tarzda qoladilar, xolos. Gitler, Napoleon, Makedonskiy va shunga o‘xshash katta-yu kichik fotihlar esa tarixda qoladi. Nima uchun shunday? Nima uchun biz o‘sha qurbonlarning har bittasi haqida qayg‘urmaymiz? Ular ichida Vatan, millat taqdirini hal qilishga qodir buyuk iste'dodlar, ulug‘ sarkardalar ham bo‘lishi ehtimoli to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmaymiz? Buning mutlaqo iloji yo‘q. Urushning eng katta dahshati ham shunda».

Urush va uning insoniyatga solgan jabri haqida ko‘plab asarlar yozilgan, filmlar suratga olingan. Ammo Chingiz Aytmatov kabi inson qalbining bilimdoni, kitobxonning o‘y-fikri-yu, yuragini larzaga sola oladigan adiblar kam.

Yozuvchini taniganlar u suhbatdoshlarining fikrini diqqat bilan tinglaydigan, savollar nechog‘li murakkab bo‘lmasin, birortasini ham javobsiz qoldirmaydigan inson bo‘lganini aytishgan. U har qanday vaziyatda o‘zining mustaqil fikrini aytgan. Aytganda ham ishontirib, dalillab aytgan. O‘rinsiz tortishish, his-hayajonga berilishni o‘ziga ep ko‘rmagan.

Taniqli olim K.Asanaliyev shunday yozadi: «Chingiz Aytmatov o‘z so‘ziga, ijodiga yolg‘on aralashtirmagan, qahramonlariga hech qachon yolg‘on bir so‘z ham demagan, haqiqat qanchalik og‘ir bo‘lmasin, uni tag-tugigacha ayta olgan yozuvchilar sirasiga kiradi. Shu jihatdan olib qaraganda, u ayovsiz chinchi (haqiqatchi), rostgo‘y yozuvchi. Qahramonlariga nisbatan ayovsizligi yozuvchiga xos oq niyatdan kelib chiqadi».

Chingiz Aytmatovning o‘zi bu haqdagi xotiralarini shunday bayon qilgan ekan: «Qishloq xo‘jalik institutida o‘qib yurgan kezlarimda gazetalar uchun juda ko‘p maqolalar yozganman. Yoshlar hayotiga oid bir qator muammolarni dadil ko‘tarib chiqar edik. Gazetalarda bosilayotgan maqolalarning sayozligi, quruq, hech kimga keraksiz gaplardan iboratligi meni ajablantirardi. Bunaqada gazetalarni hech kim o‘qimay qo‘yishi mumkin-ku, deya xavotirga ham tushardim. Shularni o‘ylab, odamlarni qiziqtira oladigan faktlarni to‘plab, maqola yozishga kirishganman. Ba'zan yaxshi chiqardi, ba'zan esa aytmoqchi bo‘lgan fikrimni ifoda eta olmay qiynalardim».

Adibning fikricha, «kitob, katta adabiyot bevosita o‘z funksiyasini bajaradi, ammo publitsistika, jurnalistikada butunlay boshqacha holat. Bu narsa jamiyat hayotida keskin o‘zgarishlar yuz berayotgan bir paytda, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunday sharoitda publitsistika badiiy adabiyotdan ko‘ra ham ko‘proq, mas'uliyatliroq  vazifani bajara oladi».

Xulosa shuki, «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat», «Oq kema», «Jamila» kabi ko‘plab go‘zal asarlar muallifi Chingiz Aytmatov o‘z navbatida qalami o‘tkir jurnalist, so‘zi keskir publitsist ham bo‘lgan. Shunisi e'tiborliki, u maqola, ocherk va fel'yetonlarida ko‘tarilgan muammolarni keyinchalik badiiy asarlarga aylantiradi. Masalan, mashhur chorvador Telegey Almambetovna haqidagi ocherk qahramonining obrazi «Momo yer» povesti qahramoni To‘lg‘anoy timsolida, «Cho‘ponning yangi o‘tovi qani?» tanqidiy maqolasidagi maishiy muammo «Alvido, Gulsari»da, «Bu sizning aybingiz, hamqishloqlar» ochiq maktubidagi achinarli voqea «Sarvqomat dilbarim» asarida o‘z aksini topgan.

Shunday qilib, urush yillari odamlarga «Qoraxat» tashib yurgan pochtachi yuragidagi nafaqat o‘z millati, balki umuminsoniyatga bo‘lgan mehri, boy tafakkuri va haqso‘zligi tufayli umrboqiy ijodkorga aylandi. Zotan, yozuvchining umri u yashagan yillar bilan emas, kitoblari yashagan asrlar bilan o‘lchanadi.

Sitora Tojiddinova

Mavzuga oid