O‘zbekiston | 14:54 / 20.04.2018
21071
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qozog‘istondan 1500 bosh tuya xarid qildi

Foto: Wikipedia.org

O‘zbekiston tuyachilikni rivojlantirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasining Qizil O‘rda viloyatidan 1 ming 500 bosh tuya xarid qilib, Tomdi tumanidagi Oq taqir ovuliga keltirdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

“Tuyachilik uchun 61 ming 814 gektar yer ajratilgan. Keyingi yildan shu yerning o‘zida tuya sutini qayta ishlash bo‘yicha sex tashkil etish rejalashtirilgan. Bu aholi farovonligiga xizmat qilishi bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Tuya junining foydali jihatlari ko‘p. Undan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Shuningdek, Konimex tumanida mazkur sohani rivojlantirish maqsadida katta hudud ajratilgan bo‘lib, hozir bu yerda 3 ming boshdan ortiq tuya parvarishlanmoqda. Tumanga o‘tgan yili tuyada sayohat qilish va uning foydali elementlarga boy, immun tizimini mustahkamlovchi shifobaxsh sutidan bahramand bo‘lish maqsadida 3 ming sayyoh kelgan. 

Aydarko‘l atrofida 1000 bosh tuya boqishga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasini barpo etish ham rejalashtirilmoqda. Ushbu majmuada yiliga 1000 tonna tuya suti qayta ishlanadi. Kelgusida bu yer yiliga 10 ming sayyohni qabul qiladigan zamonaviy ekoturizm markaziga aylantirilishi rejalashtirilmoqda.

 

Mavzuga oid