Final sari so‘nggi yo‘l. «Real» – «Bavariya»
Bugun Madridda Chempionlar Ligasining dastlabki finalchisi aniqlanadi. Nafaqat finalchi, narigi juftlik jamoalariga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, aynan bugungi uchrashuv g‘olibi Kiyevda favorit sifatida maydonga tushishi aniq. Zero, «Real» ham, «Bavariya» ham musobaqaning so‘nggi bosqichlarida doimiy ishtirokchi bo‘lib ulgurishgan.
O‘tgan yili qatorasiga yutgan ilk jamoaga aylangan «Real» endi uchinchi marta yutishga ham yaqin turibdi. «Bavariya» uchun ham «Real» o‘ziga xos raqib, nemislar YeChLni yutgan har ikki mavsumda ham yarim finalda aynan «Real» to‘sig‘idan o‘tilgan.
USTUNLIK KIMDA?
To‘g‘ri, safardagi o‘yindagi g‘alaba «Real»ning ustunligini ta'minlaydi, lekin ushbu jamoalar o‘rtasidagi avvalgi to‘qnashuvlar ssenariysi hali hech narsa aniq emasligidan dalolat beradi. Misol uchun, o‘tgan yili «Real» safarda xuddi shunday hisobda g‘alaba qozongan, ammo javob uchrashuvida muammolarga duch kelgandi. «Bavariya» umumiy hisobni tenglashtirgan va faqat qo‘shimcha vaqtlarda bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qilgan «Real» bir necha gol urib, vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirib qolgandi. Uzoqqa bormasdan, chorak finaldagi «Yuventus» bilan o‘yinlarni eslash mumkin – Zidan shogirdlariga hatto 3:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qolish ham oson bo‘lmadi.
Ammo «Yuventus»ga qarshi chorak final va ayniqsa, «Bavariya»ga qarshi avvalgi o‘yinlar madridliklarning uchrashuvga ancha jiddiy tayyorlanishlariga asos ham bo‘ladi va konsentratsiya bobida mezbonlar muammoga duch kelishmasa kerak. Xullas, kimnidir ustun deyishdan o‘zimizni tiysak ham, bajarilishi kerak bo‘lgan vazifa borasida «Real»ga osonroq deb bemalol ayta olamiz.
TARKIBLAR
Optimal tarkibni tushirish va tanlovlar borasida, xuddi birinchi o‘yindagi kabi Haynkesning muammolari kattaroq deyish mumkin. O‘tgan o‘yinda safdan chiqqan Robben va Boatengning o‘rnini to‘ldirish qiyin. Shuningdek, Arturo Vidal, Kingsli Koman kabi futbolchilar hali ham jarohatdan tiklanib ulgurishmadi. Chap qanotga David Alabaning qaytishi mumkinligi nemis jamoasi muxlislariga biroz ijobiy kayfiyat bersa kerak, zero Myunxendagi o‘yinda chap qanotda Riberi ancha yolg‘izlanib qolgandi. Rafinya avstriyalik futbolchining aynan hujum uyushtirishdagi vazifalarini to‘liq uddalay olmagandi. Madridga kelgan futbolchilar orasida David Alaba ham bor.
Mezbonlarda asosiy savol – Karvaxalning o‘rnini kim bosadi? Ispaniyalik bir qator mutaxassislar Myunxendagi o‘yinning oxirlarida deyarli o‘ng qanot himoyasida yaxshi harakat qilgan Lukas Vaskesning asosiy tarkibda shu pozitsiyada tushishini taxmin qilishmoqda, ammo bunday jiddiy o‘yinda, ayniqsa, raqibning asosiy quroliga (Riberi) qarshi Zidan bunday tavakkalchilikka bormasa kerak. Nacho deyarli tiklanib ulgurdi va ikki kundan beri umumiy guruhda shug‘ullanmoqda. Himoyaning o‘ng qanotidan aynan Nacho joy olsa kerak.
Shuningdek, Iskoning jarohati haqida ham aytilgandi, ammo ispaniyalik yarimhimoyachi jamoa bilan shug‘ullanmoqda va katta ehtimol bilan zaxira o‘rindig‘idan maydonga tushishi mumkin. Kazemironing shanba kungi o‘yinda 90 minut harakat qilganini e'tiborga olsak, Zidan maydon markazi uchun biroz boshqacha rejaga ega bo‘lishi mumkin – masalan, Kovachich tayanch yarimhimoyasidan joy oladi.
Taxminiy tarkiblar:
ReAL: Navas, Nacho, Varan, Ramos, Marselo, Kovachich, Kroos, Modrich, Asensio, Vaskes, Ronaldu
BAVARIYa: Ulrayx, Kimmix, Zyule, Xummels, Alaba, Martines, Alkantara, Xames, Riberi, Myuller, Levandovski.
O‘tgan o‘yinda Alkantara Robbenning o‘rniga majburiy ravishda tushirilgandi. Balki Haynkes hujumkorroq variant tanlab, Xames va Alkantaradan biridan voz kechishi va Levandovskiga sherik sifatida Vagnerdan foydalanishi ham mumkin.
QIZIQARLI STATISTIK FAKTLAR
• So‘nggi olti uchrashuvda «Real» «Bavariya» ustidan g‘alaba qozondi. To‘plar nisbati – 15:5.
• YeChL tarixida faqat ikki marta, pley-offning ilk o‘yinini o‘z maydonida boy bergan klub keyingi bosqichga chiqqan. 1995/96 yarim finalida «Panatinaikos»ga 0:1 yutqazib qo‘ygan «Ayaks»safarda javobsiz uch gol yo‘llagan. 2010/11 da esa, «Bavariya» «Inter»ni Milanda 1:0 yutib, o‘z maydonida yutqazib qo‘ygan – 2:3
• 2000-2002 yillarda bu jamoalar qatorasiga uch marta pley-offda raqib bo‘lishgan va doim bu juftlik g‘olibi yakunda Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan.
• «Real» va «Bavariya»ning Madriddagi statistikasi qo‘yidagicha: Mezbonlarda 9 g‘alaba, 1 durang va 2 mag‘lubiyat.
• Bernabeudagi so‘nggi 41 YeChL o‘yinining 34 tasida «Real» g‘alaba nashidasini surgan. Shuningdek, 2015 yilda «Shalke»dan (3:4) va chorak finalda «Yuventus» (1:3) dan mag‘lubiyatga uchrashgan bo‘lishsa-da, aslida bu o‘yinlarda ham ikki o‘yin natijasi «Real»ni keyingi bosqichga olib chiqqan.
• «Real» nemis jamoalariga qarshi uy o‘yinlarida 33 o‘yinning 25 tasida g‘alaba qozongan. Yuqorida tilgan olingan «Shalke»dan mag‘lubiyat madridliklarning so‘nggi 17 o‘yinidagi (nemislarga qarshi) yagona mag‘lubiyatidir.
O‘YIN OLDIDAN:
Zayniddin Zidan:
«Biz uchun asosiysi – g‘alaba ishtiyoqida maydonga tushish va imkon boricha tezkor gol urish.
Chempionatda bo‘ladimi, kubokmi, murabbiy bo‘lish oson emas. Natijalar jamoaning bugungi holatini ko‘rsatadi. Menga bugungi holatimiz yoqyapti, lekin Ispaniya chempionatidagi turnir jadvalidan qoniqmayapman. Lekin biz har doim eng yuqori maqsadni qo‘yamiz. Hozirgi maqsadimiz yarim finalni g‘alaba qozonish va finalga chiqish. Boshqa mavzularni o‘ylamaslikka harakat qilyapmiz»
Yupp Xaynkes:
«Bizni haqiqatan ham juda qiyin uchrashuv kutib turibdi. Raqibimiz uchun ham shunday. Jamoam bunday paytlarda qanday o‘ynashni juda yaxshi biladi.
Biz birinchi o‘yinda samaraliroq harakat qilishimiz lozim edi. Mavsum davomida biz juda ko‘p gol urdik, o‘ylaymanki, aynan shunday o‘yin bizga yarashishini isbotlaymiz. Futbolda qat'iyat ko‘rsatib, tog‘larni ag‘darish mumkin».
Qahramon Aslanov tayyorladi.
Mavzuga oid
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
17:00 / 19.10.2024
«Liverpul», «Barsa» va «Yuve» uchun jiddiy sinov. Dam olish kunlarida tavsiya etiladigan 4 uchrashuv
10:40 / 17.10.2024