O‘zbekiston va terrorizm: vayronkor g‘oyalar qanday yoyilmoqda?
Terrorizm va O‘zbekiston naqadar yiroq tushunchalar bo‘lsa-da, 2016 yildan buyon Yevropa va AQShda yuz bergan beshta shov-shuvli terror harakatlarini aynan o‘zbekistonlik shaxslar amalga oshirdi. Ming afsuski, 2016 yil iyunda Otaturk nomidagi Istanbul xalqaro aeroporti va yangi yil kechasi Reyna tungi klubida yuz bergan hodisalar ko‘plab kishilarning umriga zavol bo‘ldi. Mos ravishda 41 nafar, so‘ngra 39 nafar kishining yostig‘ini quritgan voqealardan so‘ng, Stokholm, Sankt-Peterburg va Nyu-York shaharlaridagi teraktlarda 28 nafar kishi halok bo‘ldi.
Markaziy Osiyoda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi aholisi qo‘shni mamlakatlar bilan solishtirganda, mintaqada eng katta xalq hisoblanadi. Mamlakat janubida Afg‘oniston bilan umumiy chegara hududi mavjud. G‘arb matbuoti post-Sovet makonida rivojlanayotgan O‘zbekistonni uzoq yillardan beri avtoritar tartibda boshqarilgan davlat sifatida ko‘rib kelgan. Aslida vaziyat qanday? Nahot, g‘arbning diniy siquvlar borasidagi dashnomlari rost?
Ichki ahvol O‘zbekistonda hozir qanday ekanligi - uning bosib o‘tgan 25 yillik tarixi va birinchi prezident Islom Karimov nomi bilan bog‘liq. Gap shundaki, hukumat nazdida mustaqillikka endigina qadam qo‘ygan yangi O‘zbekiston oldida ko‘plab tashqi tahdidlar paydo bo‘lgandi. Masalan, Afg‘oniston masalasi va bu yerda faoliyat olib borgan O‘IH shunday tahdidlar sirasiga kiritilgan. Mana shunday xavflardan himoyalanish vazifasi qanchalik uddalandi, bunga baho berish qiyin, ammo himoya qilish uslubi «qattiq politsiya» siyosatini yetishtirishga imkon yaratdi.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davrda asossiz ravishda vakolati kengayib ketgan, kezi kelsa, «stolbani ham qamagan» tashkilot faoliyatini tartibga keltirishga, davlatda poraxo‘rlik va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishini ma'lum qildi. O‘tmishda sudlanganlik tamg‘asi «bosilgan» kishilar, diniy yoxud siyosiy motivlar bilan qamalgan mahbuslar ozodlikka chiqarilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Ammo, bir vaqtning o‘zida amaldagi hukumatni ag‘darishga urinish, Konstitutsion tuzumga tajovuz qilish kabi jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanib jurnalist Bobomurod Abdullayev, blogger va o‘qituvchi Hayotxon Nasriddinov, ikki nafar ishbilarmonlarga nisbatan sud ishi yuritilmoqda. Shu bilan birga, Go‘zal To‘xtaxo‘jayeva va uning qarindoshlari ustidan olib borilayotgan sud ishi ham jamoatchilik diqqat markazida bo‘lmoqda. Xullas, sodda tilda «159», «244» tarzida ommalashgan ayblovlar muntazam uchrab turibdi.
Ichki ijtimoiy holatning eng og‘riqli nuqtasi - ishsizlik. Bundan tashqari, orttirilgan boyliklarning noproporsional taqsimoti, soliq tizimining islohotlarga muhtojligi, korrupsiya - jamiyatda aholi turmush darajasini keskin farqlanishiga imkoniyat yaratgan. Shu tufayli, ishsiz oila vakillari xorijiy davlatlarga chiqib ishlashni, jumladan Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya va BAAga borishi afzal biladi. Chet elda bo‘lgan ayrim mehnat muhojirlari taqiqlangan diniy guruhlarga birlashib, keskin talqin etilgan ijtimoiy notengliklar g‘oyasi bilan jangovar guruhlar safiga borib qo‘shilmoqda. Guruhga yangi a'zolar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faol qidiriladi, mos nomzodlar bilan alohida «tozalash» olib borishadi.
Ijtimoiy tanglik holatidan tashqari, huquq-tartibot organlari xodimlarining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda tanlagan usuli samara berish o‘rniga, ichki isyonni uyg‘otishi mumkin. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp huzurida Milliy Xavfsizlik Kengashida Yevropa va Rossiya masalalari bo‘yicha yetakchi direktori lavozimida ishlayotgan Fiona Hill 2003 yil Kongress oldida nutq so‘zlab shunday degandi:
Repressiya va ta'qiblar mavjud ijtimoiy hamda siyosiy muammolarni chuqurlashtiradi, mahalliy va xalqaro maydonda hukumatni obro‘sizlantiradi. Aholining rasmiy muassasalarga shubhasini kuchaytiradi. O‘zbek siyosiy rejimining noxolis yondashuvi tufayli ko‘plab mo‘'tadil, diniy motivga ega bo‘lmagan dissidentlarga ekstremizm sha'masi bilan qaralganini tasavvur qilish qiyin emas...
Ko‘tarilgan masalaning uchi aylanib-o‘rgilib, o‘zimizga taqalmoqda: ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda psixologik, ijtimoiy jihatdan siniq xarakter egalarini ta'qib etish, tergov-surishtiruvning noto‘g‘ri yondashuvi aslida yo‘q bo‘lgan terroristni yaratishga imkon bermoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar zamirida ish o‘rinlari ko‘payar, aholi daromadi sekin-asta ko‘payishi mumkin, ammo ulardagi rasmiy tashkilotlarga bo‘lgan ishonch hadik aralash saqlanib qolishi ijobiy natijalarga olib kelmasligi aniq.
Alisher Ro‘zioxunov
Kun.uz jurnalisti
Mavzuga oid
17:31 / 28.11.2024
Prezidentga ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi
19:34 / 27.11.2024
FQB tomonidan eng ko‘p qidirilgan shaxs Buyuk Britaniyada hibsga olindi
18:29 / 03.09.2024
“Ko‘z o‘ngimda do‘stimga o‘q tegib, joni uzildi”: Sariosiyo janglarida qatnashgan harbiy hikoyasi
13:38 / 20.07.2024