O‘zbekiston | 01:11 / 11.05.2018
16918
6 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunni muhokama qilishdi

Foto: KUN.UZ

2018 yil 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida deputatlar avval siyosiy partiyalar fraksiyalarining, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, qo‘mitalar va ular huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan ekspert guruhlarining majlislarida muhokama qilingan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmati.

Deputatlar o‘z ishini joriy yilning fevral oyi boshida parlament quyi palatasi majlisida birinchi o‘qishda kontseptual jihatdan ma'qullangan «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.

Ta'kidlab o‘tilganidek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimini joriy etish to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilingan.

Qonunning qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, uning qonun ijodkorligi jarayonidagi hamda ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishdagi ishtiroki samaradorligini oshirishga imkon berishi qayd etib o‘tildi.

Shundan so‘ng fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanish borasidagi shaxsiy manfaatdorligi va mas'uliyati oshirilishini, jamoatchilik nazoratining ta'sirchan tizimi qonunchilik asosida belgilanishini ta'minlashga qaratilgan bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida deputatlar fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalari ajratish bo‘yicha tanlov o‘tkazish chog‘ida yosh fuqarolarga taqdim etiladigan imtiyozlar hajmining kengaytirilishiga, qishloqda yoshlarni ish o‘rinlari bilan ta'minlashning va yoshlarga doir davlat siyosatini amalga oshirishga oid huquqiy asoslarning qonun hujjatlarida aniq ifodalanishiga alohida e'tibor qaratdilar.

Shuningdek, tashabbuskorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari bo‘lgan, «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan joylarda ushbu soha mutaxassislari, olimlari ishtirokida bir qator seminarlar tashkil etildi. Qonun loyihasini takomillashtirishga doir o‘tkazilgan tahlil natijalari birlashtirildi, shuningdek ushbu soha ekspert-mutaxassislarining fikr-mulohazalari hisobga olindi.

Ushbu loyiha, ma'ruzachi aytganidek, «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarining Jizzax viloyatidagi ijrosini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganish asosida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosariga «Respublikada ichki avtomobil yo‘llarini ta'mirlash va saqlash holati hamda istiqbollari to‘g‘risida»gi masala yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi yakunlariga ko‘ra ishlab chiqildi.

Deputatlar fikriga ko‘ra, qonunning qabul qilinishi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, shahar va qishloqlar yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aholining farovon hayotini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Majlisda «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida migratsiya jarayonlarining kuchayishiga olib kelayotgan, bu esa, o‘z navbatida, terrorizm, ekstremizmning tarqalishiga va ularning dunyo miqyosidagi muammoga aylanishiga xizmat qiladigan, jahonning ayrim mintaqalaridagi beqaror vaziyat qayd etib o‘tilgan edi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish Konventsiyasini bundan buyon ham amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoyishi ijrosini ta'minlash, shuningdek ushbu Konventsiya normalarini implementatsiya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlashga, konstitutsiyaviy tuzumni va davlatning hududiy yaxlitligini himoya qilishga, fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlashga, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berishga, ularning oqibatlarini bartaraf etishga, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta'minlashga imkon berishi majlisda alohida ta'kidlandi.

Mavzuga oid