Jamiyat | 18:13 / 12.05.2018
30056
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bozorlarida toshbaqalar noqonuniy ravishda sotilmoqda (foto)

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari yozmoqda. Xususan, foydalanuvchilardan birining ta'kidlashicha, Toshkentda Markaziy Osiyo cho‘l toshbaqalari noqonuniy ravishda sotilyapti.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari - men sizlar Vatanimiz ekologiyasi, fauna va florasini himoya qilish uchun juda ko‘p ishlayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarning e'tiboringizni shu narsaga qaratishni xohlardimki, Toshkent bozorlari, bog‘larga kiraverishda va odamlar gavjum joylarda bir necha haftadan beri Markaziy Osiyo cho‘l toshbaqalari noqonuniy ravishda sotilmoqda, deb yozadi foydalanuvchi.

Toshbaqalar juda yomon ahvolda ekanligi va quyosh nuri kirmaydigan qutilarda saqlanayotganligi, to‘g‘ri oziqlanmayotgani qayd etilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ma'lumotlarga ko‘ra, cho‘l toshbaqasi yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan, Yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi Konventsiya II ilovasi va Tabiatni muhofaza qilish uyushmasi Qizil kitobiga «zaif tur» maqomi bilan kiritilgan.

Shu bilan birga, ko‘pgina olimlar va ekologlar O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga Markaziy Osiyo toshbaqasini qisqarib borayotgan tur maqomi bilan kiritishni bir necha marta taklif qilishgan.

Sotuvchilar toshbaqalar qayerdan ekanligini aniq bilishmaydi. Katta ehtimol bilan ular brakonerlik yo‘li bilan shaharga keltiriladi. 

Mavzuga oid