Sport | 22:10 / 20.05.2018
10153
11 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Kosta-Rika

KOSTA-RIKA
Mustaqilligi: 15 sentabr, 1821 yil
Boshqaruv shakli: Prezident respublikasi
Poytaxti: San Xose
Aholisi: 4.8 million (122-o‘rin)
Pul birligi: Kolon

KOSTA-RIKA TeRMA JAMOASI
Laqabi: Los Ticos
Konfederatsiya: Konkakaf
Libosi: Qizil-ko‘k
Bosh murabbiy: Oskar Ramires
Terma jamoa safida eng ko‘p maydonga tushgan: Valter Santeno (137)
Terma jamoa safida eng ko‘p gol urgan: Rolando Fonseka (47)
Dastlabki uchrashuv: Salvador 7:0 (1921)
Eng yirik hisobdagi g‘alaba: Puerto Riko 12:0 (1946)
Eng yirik hisobdagi mag‘lubiyat: Meksika 0:7 (1975)
KONKAKAF: Chempion (1963, 1969, 1989)
Jahon chempionati: Chorak final (2014)

Foto: The Scottish Sun

Kosta-Rika o‘tgan asrning 60-yillaridan buyon Konkakaf mintaqasida kuchli terma jamoalaridan biri sanalib, terma jamoasi beshinchi marotaba jahon chempionatiga tashrif buyurayotgan bo‘lsa-da, ilk marotaba mundialga Italiyada o‘tgan 1990 yildagi turnirga kelishgandi. Ungacha Kosta-Rika uch marotaba o‘z qit'asida chempionga aylangan, ammo saralash bahslariga kelganda, nuqul muvaffaqiyatsizlikka uchrardi. Undan oldinroq ham, hali shimolliklar (AQSh, Meksika, Kanada) bilan birlashmagan davrlarda, 1941-61 yillarda Kosta-Rika yetti karra Shimoliy Amerika chempioni bo‘lgandi.  

Lekin debyut juda omadli keldi. Shotlandiya, Shvetsiya va Braziliya terma jamoalari joy olgan guruhda debyutantlar guruh autsayderi sifatida baholangan bo‘lishsa-da, Yevropa jamoalariga qarshi o‘yinlarda Kosta-Rika g‘alaba qozondi. Ayniqsa, Gabelo Konexo ismli darvozabon o‘sha o‘yinlarda juda kuchli o‘yin ko‘rsatib yuborgan, bir qator Yevropa jamoalarining nazariga tushgandi. Darvoqe, hozirda Konexo terma jamoada darvozabonlar murabbiyi vazifasini bajarib kelmoqda.

Nimchorak finalda o‘sha paytlarda ancha kuchli sanalgan Chexoslavakiya terma jamoasi ro‘baru bo‘ldi. Ancha tajribali va kuchli bo‘lgan raqib Kosta-Rikaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va o‘yin 1:4 hisobida yakunlandi. Shunday bo‘lsa-da, dastlabki urinish qoniqarli chiqqandi. 2002-2006 yilgi musobaqalarda «qahramonlarimiz» guruhdan chiqa olishmadi, keyingi mundial saralashida esa, Kosta-Rika o‘z mintaqasida to‘rtinchi o‘rinni olib, plef-offda Urugvaydan yengildi. O‘tgan safargi jahon chempionati esa, mamlakatda oltin harflar bilan yoziladi - terma jamoa o‘sha Urugvaydan qasd olish bilan birgalikda, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etgandi.

Urugvay, Angliya va Italiya. Uch jahon chempioni jamlangan yagona guruhning to‘rtinchisi bo‘lib Kosta-Rika joylashgandi. Hech kim ulardan biror natijani kutmas, barcha masala aynan chempionlarning o‘zaro bahslari-yu, Kosta-Rikaga kim ko‘proq gol urishi bilan hal bo‘lishini kutishar edi. Ammo...

Kolumbiyalik murabbiy Xorxe Luis Pinto boshchiligidagi Kosta-Rika dastlabki o‘yinda Urugvay ustidan 3:1 hisobida irodali g‘alabaga erishdi. Shunda ham, hech kim ularni nazariga ilmas, shunchaki, ilk o‘yinda yetarlicha motivatsiya to‘play olmay 3 ochkoni yo‘qotgan, Angliya va Italiya oldida guruhdan chiqish imkoniyatini pasaytirib yuborgan Urugvayning ustidan kuldi hamma. 2-turda Italiya o‘z uslubida, 1:0 hisobida mag‘lub etilgach, amerikaliklar hazillashmayotgani ma'lum bo‘ldi. Kosta-Rika rasman keyingi bosqich masalasini hal qilgandi. Keyingi yo‘llanma o‘sha uch favoritdan faqat bittasiga tegardi xolos. Dahshat.

Foto: FIFA

Pinto shogirdlari so‘nggi o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchramadi va guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Italiya ustidan g‘alaba qozongan Urugvay 6 ochko bilan 2-o‘rinni oldi. Nimchorak finalda endi ularni Gretsiya kutib turardi. Albatta, endi har qanday raqib Kosta-Rikani jiddiy sanar, buning ustiga Gretsiya umuman har qanday raqibni jiddiy sanaydigan, himoyada juda tartibli o‘ynaydigan jamoa. Ya'ni, shu paytgacha Kosta-Rikaga qo‘l kelib turgan uslub endi ish bermasligi mumkin edi. Terma jamoa yetakchisi Brayan Ruis hisobni ochdi. Lekin Oskar Duartega ko‘rsatilgan qizil kartochka jamoani og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Gretsiya so‘nggi daqiqada hisobni tenglashtirgach esa, hamma qo‘shimcha vaqtlar favoriti kim ekanini bilib turardi.

Kosta-Rika bu sinovni ham muvaffaqiyatli topshirdi. Penaltilar seriyasida qahramonlik ko‘rsatgan Keylor Navas uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. O‘sha paytlarda faqat La Liga muxlislari uchun tanish bo‘lgan «Levante» darvozaboni uchun o‘sha turnir burilish davri bo‘ldi deyish mumkin. Aynan jahon chempionati tufayli «Real» e'tiborini qozongan Navas yakunda «Qirollik klubi» darvozaboniga aylanib, jamoa bilan uch marta Yevropa Chempionlar Ligasi va bir marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi.

Kosta-Rika hatto chorak finalda ham zafar quchishga yaqin edi. Niderlandiya terma jamoasiga qarshi o‘yinda ham jamoa o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay oldi va o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borishning uddasidan chiqishdi. Faqat bu safar yevropaliklarning qo‘li baland keldi - 3:4.

Murabbiy

Foto: R-Sport

JCh-2014 dan so‘ng, Pinto terma jamoani tark etdi va uning o‘rniga Kosta-Rikaning sobiq futbol yulduzi, Pintoga yordamchi bo‘lib ishlagan Paulo Vanchope bosh murabbiy etib tayinlandi. Lekin 2015 yilning avgustida, Panama va Kosta-Rika yoshlari o‘rtasidagi o‘yinda hakamning bir qaroridan norozi bo‘lgan Vanchope maydonga chiqmoqchi bo‘lib, bir yosh futbolchini turtib yuboradi. Keyin esa, stadion ma'murlaridan biri bilan mushtlashib ketadi. Bu voqea jamoatchilikda katta munozaralarga sabab bo‘ldi va hatto FIFAning e'tiborini tortdi. Vanchope esa iste'foga chiqadi.

O‘sha paytlarda Vanchopega yordam berib kelgan «Alaxuaense» murabbiyi Oskar Ramires terma jamoa boshqaruvini qo‘lga olishga majbur bo‘ldi. Oskar Ramires ham o‘z vaqtida mashhur futbolchi bo‘lgan va yuqorida eslab o‘tilgan JCh-90 da terma jamoa a'zolaridan biri edi.

2002 yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan Ramiresning yulduzli onlari 2010 yilda, futbolchi sifatida bir necha bor chempionlikka erishgan qadrdon klubi «Alaxuaense»ni boshqarganidan keyin boshlandi. U qatorasiga besh bor klubni mamlakat chempioniga aylantirdi. 2012 yilda esa, u Kosta-Rikaning eng yaxshi murabbiyi sifatida ham e'tirof etilgan.

Bugungi Kosta-Rika

Foto: The New York Times

Yangi murabbiy qo‘l ostida ham Kosta-Rika to‘rt yil oldingi yuzini va yulduzlarini saqlab qolgan. Terma jamoa safidagi 9 nafar futbolchi Kosta-Rika libosida 50dan ortiq maydonga chiqib ulgurganining o‘zi ham jamoa ancha tajribali ekanini ko‘rsatmoqda.

Terma jamoa yetakchisi va sardori esa, yana o‘sha, hozirda Portugaliyaning «Sporting» klubida to‘p surayotgan Brayan Ruisdir. Uni Angliya chempionati muxlislari ham juda yaxshi bilishadi. «Fulhem» safida yuzdan ortiq o‘yinda maydonga tushib, Dimitar Berbatov bilan ham yaxshi tandem hosil qilgan Ruis 2005 yildan beri terma jamoa safida o‘ynab kelmoqda. U Kosta-Rika safida 109 o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa, yarim himoyachi Selso Borxes 110 o‘yinda terma jamoa libosini kiygan. Borxes Ispaniyaning «Deportivo» klubi futbolchisi sanaladi va u ham Kosta-Rika tarkibida muhim figuralardan biridir.

Bundan tashqari, ayniqsa, saralash bahslarida hujum chizig‘ida sermahsul harakat qilgan Markos Urenyani ham tilga olish kerak. O‘tgan safargi chempionatda Urugvay darvozasiga uchinchi golni urgan Markos AQShning «Los Anjyeles» klubi a'zosi sanaladi. Yaxshigina tezlikka va golni his qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan Urenya hujum chizig‘ida tajribali va maydonni yaxshi ko‘radigan Ruisga juda yaxshi tandem bo‘lishi aniq.

Va albatta, Kosta-Rikaning asosiy qurollaridan biri - darvoza chizig‘i va uni qo‘riqlaydigan Keylor Navasdir. Kosta-Rika hali ham himoyada juda ishonchli o‘ynashda davom etmoqda. Ramires shogirdlari saralash bosqichidagi 10 uchrashuvda atigi 8 marta to‘p o‘tkazib yuborishdi xolos - bu gollarning ikkitasi jamoa barcha masalani hal qilib bo‘lgan so‘nggi tur o‘yinida o‘tkazib yuborilgandi. Ayniqsa, AQShga qarshi ikki o‘yinda jamoa umumiy 6:0 hisobida ustun kelgani turnirning hal qiluvchi voqeasi bo‘lgandi.

JCh-2018

Kosta-Rika «Ye» guruhida dastlabki o‘yinini 17 iyun kuni Samarada Serbiyaga qarshi o‘tkazadi. Keyingi o‘yin  22 iyun kuni Braziliya bilan. Bu uchrashuv Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadi. So‘nggi tur o‘yini esa, Shveytsariya terma jamoasi qarshi 27 iyun kuni Nijniy Novgorodda bo‘ladi.

Rossiyadagi jahon chempionatidagi guruh tarkibi kosta-rikaliklarga qaysidir ma'noda o‘sha debyut chempionatni eslatib yuborishi mumkin. Braziliya va ikki Yevropa jamoasi. O‘sha paytda bu vazifani uddalagan «Los Ticos» bu safar ham o‘ziga ishonish uchun asos topa oladi. Kamida vaziyatga autsayderlardek boqib, shunchaki o‘ynab ketish uchun kelmasliklari tayin. Ayniqsa, to‘rt yil oldingi xotira har qanday vazifani bajarishi mumkin bo‘lgan ishlar sirasiga kirita olishiga ishonchimiz komil.

Mavzuga oid