O‘zbekiston | 14:10 / 20.05.2018
51357
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Andijondagi harbiy qismga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlardan biriga tashrif buyurdi.

«Mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasiga muvofiq bu yerda tarkibiy-tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Oziq-ovqat bilan ta'minlash bo‘yicha autsorsing tizimi joriy qilingan. Bu harbiy xizmatchilarning butun kuch-g‘ayratini o‘z professional malakasini oshirishga qaratish imkonini bermoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari askarlarning qanday kitob o‘qigani bilan qiziqqan.

«Harbiy xizmatchilarning bir daqiqa vaqtiyam bekor o‘tmasligi kerak. Jismoniy mashg‘ulotlar bilan birga har kuni o‘qishi, chet tilini o‘rganishi, dunyoqarashini kengaytirishi zarur. Vatan himoyachisi degan nomga har kuni munosib bo‘lish kerak», degan Shavkat Mirziyoyev.

Harbiy qismda shaxsiy tarkibning jangovar mahoratini oshirishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Dam olish kunlarida bu yerda olimlar va san'atkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi, spektakllar namoyish etiladi.

Shavkat Mirziyoyev shu yerga to‘plangan askarlar, ziyolilar bilan suhbatlashgan.

«Armiyani moddiy jihatdan ta'minlayapmiz, zamonaviy texnika va aslahalar bilan qurollantiryapmiz. Ammo shaxsiy tarkibning ma'naviy-ruhiy tayyorgarligiga yetarlicha e'tibor berilmayapti. Jismoniy va jangovar holatni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha poligonlar, mashg‘ulotlar bor. Xuddi shunday, askarlar ma'naviyati, ruhan baquvvatligi bo‘yicha ham katta tayyorgarlik bo‘lishi kerak», degan prezident.

Davlat rahbari harbiy xizmatchilarning ma'naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirishga doir qaror ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.

Mavzuga oid