O‘zbekiston | 21:30 / 25.05.2018
7736
2 daqiqa o‘qiladi

Ekstremizmga qarshi kurashishga doir qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekistonda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Yaqinda mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan edi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish Konventsiyasini bundan buyon ham amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoyishi ijrosini ta'minlash, shuningdek ushbu Konventsiya normalarini hayotga tatbiq qilish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu qonun loyihasi shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash, konstitutsiyaviy tuzumni va davlatning hududiy yaxlitligini himoya qilishni ta'minlashga qaratilgan. Bundan tashqari fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlashga, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berishga, ularning oqibatlarini bartaraf etishga, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta'minlashga imkon berishi bilan ahamiyatli.

Ayni paytda quyi palatada qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoni ketmoqda. Mazkur hujjatni maromiga yetkazish, uni takomillashtirish yuzasidan jamoatchilikning takliflarini olish maqsadida qonun loyihasi parlament quyi palatasi rasmiy veb-saytidagi “Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari” rukniga joylashtirildi. Unga quyidagi havola orqali fikr-mulohazalarni bildirish mumkin. 

Mavzuga oid