Jamiyat | 23:39 / 08.06.2018
18487
3 daqiqa o‘qiladi

Spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan aka o‘z ukasining qotiliga aylandi

2018 yil 8 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida Muhamedov Rahmatjon Ahmadjanovichga nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi. Ochiq sud majlisi sudya A.Jalilov raisligida o‘tkazildi.

R.Muhamedov ijtimoiy foydali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, oila daromadiga hissa qo‘shish, oila qurib sog‘lom hayot kechirishni yo‘lga qo‘yish o‘rniga spirtli ichimlik iste'mol qilib boqimanda hayot kechirishga o‘rganib qoladi. Bundan tashvishga tushgan ukasi Muhamedov Zafarjon Ahmadjanovich  akasiga o‘rinli etirozlar bildirib keladi.

2018 yil 10 mart kuni soat 00:10larda Z.Muhamedov yashash xonadoniga spirtli ichimlik iste'mol qilib, mast holatda kelib, u bilan o‘zaro janjallashib qolganligidan va ukasi Z.Muhamedovdan qasd olish uchun qulay sharoit yuzaga kelganligidan foydalanib, uni qasddan o‘ldirish maqsadida xonadon oshxonasidagi xo‘jalik pichog‘ini qo‘liga olib, dastlab ukasi Z.Muhamedovni uch marotaba chap ko‘krak sohasiga, so‘ng bir marotaba o‘ng oyoq son qismiga urib, ukasiga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazadi. So‘ng hodisa joyidan qochib ketadi. Z.Muhamedov esa olgan jarohatlari natijasida hodisa joyida vafot etadi.

Muhamedov Rahmatjon Ahmadjanovichga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi 97-moddasining 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan O‘zbekiston Respublikasining JKning 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 8 (sakkiz) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JK 96-moddasiga (Alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka yo‘liqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi choralarni qo‘llash) asosan R.Muhamedovga nisbatan jazoni o‘tash joylarida alkogolizmdan majburiy ravishda davolanish choralari belgilandi.

Hukmdan norozi taraflar hukm e'lon qilingan kundan e'tiboran o‘n sutka ichida, mahkum hukm nusxasini olgan kundan e'tiboran shu muddat ichida, apellyatsiya tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi, hukm qonun kuchga kirgandan so‘ng kassatsiya tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi tushuntirildi.

 

Mavzuga oid