Jamiyat | 16:00 / 16.06.2018
139716
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek milliarderi Fattoh Shodiyev haqida nimalarni bilamiz?

2018 yil 28-30 iyun kunlari O‘zbekistonda «O‘zbekiston-2035» Forumi o‘tkaziladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyodan 50 dan ortiq ekspertlar, - hamyurtlarimiz, - O‘zbekistonning 2035 yilgacha rivojlanish strategiyasi va konsepsiyasini har tomonlama muhokama qilish uchun to‘planadi.

Foto: Getty Images

Tashkilotchi - «Buyuk Kelajak» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning ta'sischilari va a'zolari dunyoning turli nuqtalarida yashovchi va ijtimoiy hayotning turli sohalarida taniqli mutaxassislar darajasiga ko‘tarilgan o‘zbekistonliklardir.

Tadbirning rasmiy homiysi - Shodiyev Xalqaro fondi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Shodiyev Xalqaro fondi xalqaro nodavlat xayriya tashkilotidir. Jamg‘arma Sharqiy Yevropa, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi ilmiy, ijodiy hamda madaniy salohiyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida fan doktori Fattoh Qayumovich Shodiyev tomonidan 1996 yilda tashkil etilgan.

Hozirgi kunda Fond intellektual rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi, hamda unga muhtoj bo‘lganlarga yordam beradi. Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: 

• Stipendiya dasturlari
• Xayriya loyihalari
• San'at
• Ilmiy tadqiqotlarga e'tibor qaratilgan nashriyot faoliyati
• Xalqaro munosabatlarni mustahkamlash

2017 yil sentabr oyida Shodiyev Xalqaro fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan.

Foto: Getty Images

Qisqacha tarjimai hol

Fattoh Shodiyev 1953 yil 15 aprelda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, Moskva Davlat xalqaro munosabatlar institutini (MGIMO) «Xalqaro huquq» ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. Siyosiy fanlar nomzodi, Qozog‘iston Respublikasi Tabiiy fanlar akademiyasi a'zosi, Yaponiya tarixi, iqtisodiyoti va siyosati bo‘yicha 30dan ortiq ilmiy ishlarning muallifi.

F.Shodiyev MGIMOni tugatganidan so‘ng SSSRning Yaponiyadagi savdo missiyasi maslahatchisi (1976-1979 yillar), SSSR Savdo vazirligida sovet-yapon iqtisodiy munosabatlari bo‘yicha yetakchi mutaxassis (1979-1989) bo‘lib ishlagan.

2005 yilda Qozog‘iston Respublikasi prezidentining farmoni bilan F.Shodiyev «davlat oldidagi xizmatlari, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga katta hissa qo‘shgani uchun» Hurmat ordeni bilan taqdirlandi. Xuddi shu yili u «demokratiya va iqtisodiy erkinlik rivoji uchun» Avraam Linkoln medalini ham oldi.

Bundan tashqari, F.Shodiyev Rossiya tashqi ishlar vazirligi huzuridagi MGIMO Vasiylik kengashi a'zosi hisoblanadi. U MGIMO Taraqqiyot jamg‘armasi - Rossiya Federatsiyasining birinchi endaument-fondi asoschilaridan biri.

Tog‘-kon sanoati, qayta ishlash, energetika, logistika va marketing sohalari bo‘yicha integratsiyalashgan korxonalarga ega tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha yetakchi guruhlardan sanaluvchi ENRC (Eurasian Natural Resources Corporation) shirkati egalaridan biri.

F.Shodiyev shuningdek, Bolqon yarim oroli, Zambiya va Janubiy Afrikada ferronikel, mis hamda kobalt qazib olish bo‘yicha aktivlarni birlashtirgan IMR (International Mineral Resources) kon metallurgiya shirkatining asoschilaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, Qozog‘istonning yetakchi banklaridan biri bo‘lgan Yevrosiyo bankining direktorlar kengashi a'zosidir.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda uning shirkati Tashkent City qurilishi va «O‘zbek metallurgiya kombinati» faoliyatini rivojlantirishda ishtirok etmoqda.

O‘zbek, rus, yapon va ingliz tillarini biladi. Oilali, o‘g‘li va ikki qizi bor.

Mavzuga oid