Sport | 18:56 / 19.06.2018
11752
3 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018. Yaponiya Kolumbiyani mag‘lub etdi

Rossiyada jahon chempionati o‘yinlari davom etmoqda.

H guruhida Kolumbiya va Yaponiya terma jamoalari bellashdi. O‘yin murosasiz va keskin kurashlarga boy bo‘ldi.

3-daqiqadayoq o‘yin taqdirini hal qilgan voqea yuz berdi. Yaponiya terma jamoasi hujumchisi Osako darvozabon bilan yuzma-yuz chiqib bordi va zarba yo‘lladi. Biroq, darvozabon Ospina to‘pni qaytara oldi. Unga birinchi bo‘lib yetib kelgan Kagava bo‘sh qolgan darvozani nishonga olganida, himoyachi Karlos Sanches to‘pni qo‘li bilan to‘sib qoldi. Natijada bosh hakam penalti belgilab, himoyachini «so‘nggi umid» foli uchun maydondan chetlatdi. Kagava esa penaltidan hisobni ochdi.

Bir futbolchi kam bo‘lib qolgan Kolumbiya kurashni to‘xtatmadi. 39-daqiqada esa hisobni tenglashtirdi. Kintera jarima zarbasini amalga oshirishda hiyla ishlatdi. U to‘pni havodan emas, balki yerlatib tepdi. «Jonli devor»da turgan futbolchilar esa osmonga sakrashdi, natijada to‘p ularning ostidan o‘tib, darvozaga kirib ketdi.

Ikkinchi bo‘lim Yaponiyaning biroz ustunligida o‘tdi. 73-daqiqada Osako burchak zarbasidan so‘ng, to‘pni boshi bilan Kolumbiya darvozasiga aniq yo‘lladi. Qolgan daqiqalarda janubiy amerikaliklar hisobni tenglashtirish uchun xarchand urinishmasin, buni uddalay olishmadi.

JCh-2018, N guruhi
Kolumbiya – Yaponiya 1:2 
19 iyun, Saransk, «Mordoviya Arena» 
Gollar: 0:1 – 6, penalti Kagava, 1:1 – 39 Kintero, 1:2 – 73 Osako. 
Kolumbiya – Ospina, Murilo, Moxika, Aryas, Sanches, Lerma, Sanches, Kintero (Xames, 59), Kuadrado (Barrios, 31), Iskerdo (Bakka, 70), Falkao.
Yaponiya – Kavasima, Yosida, Nagatomo, Sakai, Sedzi, Xasebe, Sibasaki (Yamaguti, 80), Kagava (Xonda, 70), Xaraguti, Inui, Osako (Okadzaki, 85).
Ogohlantirishlar: Barrios (64), Xames (86), Kavasima (90).
Chetlatish: Sanches (3).

Mavzuga oid