O‘zbekiston | 18:40 / 28.06.2018
31586
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat soliq qo‘mitasi tizimida 1245 nafar xodim ishdan bo‘shatildi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 26 iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra soliq organlari soliq to‘lovchilarning biznes–hamkori va maslahatchisi, ularga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organiga aylantirildi.

Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabariga ko‘ra, mazkur qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari faoliyati tugatilib, ularda ishlaydigan jami 1245 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Ma'lumki, bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq qo‘mitasining hududiy davlat soliq organlariga yuborilgan, Soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga aralashish va barcha soliq tekshiruvlari ta'qiqlanishi to‘g‘risidagi maxsus topshirig‘i tarqalgan edi. 

Bunday turdagi nazorat tadbirlarini o‘tkazish aynan faoliyati tugatilgan tuzilma vakolatiga kirar edi. Shuning uchun Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub'yektlari manfaatlarini himoya qilish, davlat soliq xizmati organlaridagi ayrim nopok xodimlar tomonidan korruptsion harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida maxsus topshiriq yuborilgan.

Mavzuga oid