Sport | 16:40 / 28.06.2018
30203
9 daqiqa o‘qiladi

Lyov qayerda xatoga yo‘l qo‘ydi? Germaniya muvaffaqiyatsizligining 5ta sababi

Germaniya terma jamoasining jahon chempionatini juda erta tark etishi sabablari ayni kunlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylanib qoldi. 

Eng birinchi diqqat qaratish kerak bo‘lgan jihat shuki, chempionlik maqomini himoya qilish oson ish emas. Boshlanishi uzoq 1930 yilga borib taqaladigan mundiallar tarixida shu vaqtgacha bor-yo‘g‘i ikki terma jamoa bu ishning uddasidan chiqqan. 1938 yilda Italiya, 1962 yilda Braziliya ketma-ket ikkinchi marta jahon kubogini qo‘lga kiritgan. Shunda ham faqat Italiya ayni bir murabbiy qo‘l ostida ikki marta jahon birinchiligida g‘olib chiqqan, xolos. Ustiga ustak, so‘nggi to‘rt mundialda amaldagi chempion guruh bosqichidan nariga o‘tolmayapti.

Ha, jahon chempionatida g‘oliblikni qayta qo‘lga kiritish o‘ta murakkab masala. Biroq yaxshi yangiliklar ham bor. Braziliya amaldagi chempion sifatida qatnashgan JCh-1998da finalgacha, JCh-2006da chorak finalgacha yetib bora olgan.

Yoaxim Lyov JCh-2018 oldidan deyarli yuz yillik tarixda sanoqli marta qayd etilgan hodisaga da'vogarlik qilish mas'uliyatini to‘la anglab yetdimi? Uning xato ketidan xatoga yo‘l qo‘yishi bu savolga salbiy javob berishga undaydi.

Xo‘sh, Lyovning qaysi xatolari bugungi muvaffaqiyatsiz natijalarga olib keldi? Quyida murabbiy tomonidan yo‘l qo‘yilgan 5ta asosiy kamchilik tahlili.

1. Terma jamoaning «ishlov berilmagan» tarkibi

Foto: Squawka

Tahlil boshida terma jamoa tarkibi haqida to‘xtalib o‘tsak. Yoaxim Lyov joriy mundial uchun 23talik futbolchilar ro‘yxatini asosan JCh-2014da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa o‘yinchilari asosida shakllantirdi. O‘tgan chempionatdagi tarkib bilan hozirgisi futbolchilik faoliyatini yakunlagan o‘yinchilar hisobiga farq qilmoqda: Filipp Lam, Miroslav Kloze, Bastin Shvanshtayger va Lukas Podolski termadagi faoliyatini yakunlagani uchungina Lyov ularni Rossiya mundialiga olib kelmagandek.

Lyov ularning o‘rnini to‘ldirish uchun Konfederatsiyalar kubogi oldidan tarkibga yangi futbolchilarni jalb etishda hech qanday yangilik qo‘llamasdan, standart qarorlar qabul qildi. Xususan, «Bavariya» Filipp Lamning pozitsiyasida Yozua Kimmixni o‘ynatayotgani Lyov uchun ayni muddao bo‘ldi. Timo Vernerni hisobga olmaganda, Bundesligada porlab chiqayotgan hech qaysi yosh o‘yinchiga terma jamoada imkon berilmadi. Ustiga ustak, chap qanot himoyasi muammosini yechish uchun Yonas Hektorni tarkibga jalb etish qarori ham o‘zini oqlamadi. Xuddi shu pozitsiyada o‘ynovchi «Augsburg» himoyachisi Filipp Maks 2017/18-yillar mavsumida 12ta golga assistentlik qilib, bu borada chempionat reytingida 2-o‘rinni oldi; uning vaziyatni to‘g‘ri baholab, to‘pni sherigiga vaqtida va o‘ta qulay tarzda yetkazib berish qobiliyati Germaniya termasining kuchli quroliga aylanishi mumkin edi, biroq Lyov uning o‘rniga Marvin Plattenhardtni tanladi va negadir bu tanlovidan chempionat davomida deyarli foydalanmadi: «Gerta» vakili uchta o‘yindan 2tasida maydonga tushirilmadi, Meksikaga qarshi o‘yinda 79 daqiqa maydonda bo‘ldi xolos. Bunday qaroridan keyin Germaniya 3ta o‘yindan 2tasida gol ura olmaganini Lyov nima bilan izohlaydi?

Foto: Squawka

Terma jamoani qariyalar tark etayotganda ularning o‘rnini yoshlar bilan to‘ldirishni to‘g‘ri amalga oshira olmagan Yoaxim Lyovning xatolaridan yana biri qanot o‘yinchisi Leroy Saneni e'tibordan chetda qoldirgani bo‘ldi. 22 yoshli vinger uzoq vaqtdan buyon nemislarning yorqin kelajagi timsoli sifatida ko‘rib kelinmoqda edi.

Foto: Squawka

Tarixdagi eng qimmat nemis futbolchisiga aylangan Sane o‘tgan mavsum «Manchester Siti» tarkibida 10ta gol, 15ta golli uzatma va 85ta dribling bilan APLning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgani ham Lyovning ko‘zini ochmadi.

2. Darvozabon tanlashdagi xatolik

Foto: Squawka

Manuel Noyyer 2017/18 yilgi mavsumni jarohati sabab butunlay o‘tkazib yubordi. Shunga qaramay, jismoniy talablarga javob bergani uchun terma jamoaga qabul qilindi. Ha, ulkan tajribaga ega buyuk yetakchi va jamoa sardorining tarkibga jalb etilganiga hech kim e'tiroz bildirmayapti. E'tirozli savol boshqa: «Barselona»dagi faoliyati davomidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazib, klubning chempion bo‘lishida katta hissa qo‘shgan va mukammal o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan holda termaga yetib kelgan Mark Andre ter-Shtegen uchta o‘yinda ham zaxirada qolishi to‘g‘rimidi? Butun mavsum davomida 3tagina o‘yin o‘tkazgan Noyyer JCh-2018dagi ilk ikki uchrashuvning 32 va 35-daqiqalaridayoq o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi axir...

Foto: Squawka

3. Himoyada faqat Boateng va Hummels bilangina chegaralanib qolindi

Jyerom Boateng va Mats Hummelsning Braziliyadagi mundialda ko‘rsatgan o‘yinlarini bir so‘z bilan qoyilmaqom deb ta'riflash mumkin. Germaniyaning chempionligida ularning hissasi katta edi. Biroq Rossiyadagi Jahon chempionatida terma bu ikki o‘yinchiga haddan ortiq bog‘lanib qolgani ma'lum bo‘lib qoldi.

Foto: Squawka

Hummels jarohati sabab, Boateng esa qizil kartochka tufayli o‘tkazib yuborgan o‘yinlarda himoya chizig‘ida ularning o‘rni yaqqol sezilib qoldi. Lyov tarkib yig‘ishda ushbu ikki o‘yinchining o‘rni haqida uzoq bosh qotirib o‘tirmagan, shekilli.

Foto: Squawka

4. Toni Kroos noqulay pozitsiyada to‘p surdi

Termaning JCh-2014dagi muvaffaqiyatida Toni Kroosning Sami Xedira va Bastian Shvaynshtaygerdan iborat tayanch himoyachilar oldida to‘p surgani kalit vazifasini bajargandi. Xedira himoyaning asosiy jismoniy kuchi, Shvaynshtayger esa himoyani boshqarib turuvchi miya vazifasini bajarar, shu boisdan ham Kroosda bemalol oldinroqqa chiqib o‘ynash imkoniyati bor edi.

Foto: Squawka

Shvanshtayger ketgach, Lyov yarimhimoyaga tayanch bo‘lib, himoya boshqaruvini qo‘liga olishi mumkin bo‘lgan o‘yinchi izlab, bu vazifani Toni Kroosga ishonib topshirdi. Bu fikr avvalboshdan xato edi – Kroos o‘z faoliyati davomida tayanch himoyada hech qachon yaxshi o‘yin ko‘rsatmagan. Unda buning uchun maydonda harakatchan bo‘lish qobiliyati yetishmasligi ma'lum edi. U tez-tez ortida raqib uchun bo‘sh joy qoldirib, yangi pozitsiyasida ishonchli qal'a qura olmadi. «Real»da Kroosni bu jihatdan tayanch himoyada serharakat va tinib-tinchimas Kazemiro va tajribali Luka Modrich qo‘llab-quvvatlab turadi. Shunda ham madridliklarning himoya chizig‘i qarshisida, maydon markazida bo‘shliqlar kuzatilib turadi. Germaniyada Tonining ortidan tayanch vazifani bajaruvchi futbolchi Xedira bo‘ldi, lekin u JCh-2014dagidek yuqori jismoniy formada emas, aksiga olib, u 3ta o‘yinning 2tasida 60 daqiqadan o‘ynab, bitta bahsda to‘la zaxirada qoldirildi.

Shu tariqa Lyov o‘z qarori bilan tarkibdagi eng kuchli futbolchisining imkoniyatlarini chegaralab qo‘ydi.

5. Shvanshtayger va Klozening o‘rni bilinib qoldi

Foto: Squawka

Murabbiy Bastian Shvanshtayger va Miroslav Klozening funksiyasi yangi jamoada ham to‘la ado etilishining uddasidan chiqmadi. Ushbu ikki futbolchi JCh-2014da terma jamoaning asosini tashkil etgandi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Nemislar uyushtiradigan aksariyat hujumlarni Kloze uyushtirgan, Shvanshtayger esa, yuqorida ta'kidlanganidek, himoyada qalqon sifatida turib bergandi. Terma jamoaga doimiy ravishda yosh o‘yinchilarni taklif qilib, ularning imkoniyatini sinovdan o‘tkazmagan Lyov uchun bu ikki o‘yinchining o‘rnini to‘ldirmagani qimmatga tushdi. Albatta, u o‘yinchilar mahoratini oshirib borishga javobgar emas, biroq mahorati kamlik qilsa-da, pozitsion o‘yin nuqtai nazaridan o‘z talablariga mos tushadigan yosh futbolchilarni yig‘inlarga jalb etish orqali ularning klubdagi faoliyatlariga turtki berishi yoxud top-klublar e'tiboriga tushishiga ko‘maklashishi mumkin edi.

Mavzuga oid